Brifing: Tarbiyada tanaffus boʻlmaydi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Oila-jamiyatning tayanchi. Farzandlarimiz ongida elu yurtga, Vatanga muhabbat tuygʻulari oilada, yashab turgan mahallada shakllanadi. Mamlakatning ertangi kuni, tinch va obod boʻlishi eng oldin mana shu kichik jamiyatda oʻsib-unayotgan bolalarimizga bogʻliq. Qaysi oilada, qaysi mahallada tarbiya yaxshi yoʻlga qoʻyilar ekan, oʻsha oila, oʻsha mahalla gullab-yashnaydi.

Farzand tarbiyasini qachondan boshlamoq kerak?, degan savol koʻpchilikni oʻylantiradi. Koʻpchilik olimlar unga turlicha javob berib kelganlar. Xususan, Ibn Sino bola tarbiyasi bilan uning tugʻilishidan avvalroq, ona qornidan boshlaboq shugʻullanish lozim, deb javob bergan. Oila, odob-axloq va taʼlim-tarbiyaga eʼtibor qon-qonimizga singib ketgan burchlarimizdandir. “Bir bolaga yetti qoʻshni ota-ona” degan ibratli maqol ham aynan xalqimizga xos. Mana shu maqolning oʻzi ham farzand tarbiyasi, oilaparvarlik biz uchun nechogʻlik muhim ekanini bildiradi. Mahalla ahli, ayniqsa keksalar koʻchada nopok ish qilayotgan bola oldidan hech qachon beparvo oʻtib ketmagan, shu zahotiyoq tanbeh berib toʻgʻri yoʻlga chaqirgan.

Oiladagi muhit ota-ona oʻz maʼsuliyatlarini his qilishi bilan barqaror boʻladi. Bolalarning odobli boʻlib ulgʻayishi uchun ota-ona bilan bir qatorda mahalla-kuy ham katta ibrat maktabidir. “Qush uyasida koʻrganini qiladi”, deb bejiz aytmagan xalqimiz.

XXI asrda turli hayot tarzlari va gʻoyalar raqobatga kirishdi. Bunda muvaffaqiyatga erishish uchun har bir davlat oʻzligini saqlagan holda diniy va milliy qadriyatlarini boshqalarga anglatishni asos qilgan mafkuraga ega boʻlishi lozim. Aks holda, oʻzlikni yoʻqotish, bebaho qadriyatlardan voz kechish kishini taraqqiyotdan ajratib, uni tobe, mustaqil fikri yoʻq manqurtga aylantirib qoʻyadi. Hozirgi kunda gʻarazli maqsadlarni amalga oshirish uchun zimdan olib borilayotgan fitnalar baʼzi millatlarning oʻzligini yoʻqotishga qaratilganini sezish mumkin. Bunda eʼtibor xududlarini egallash emas, balki inson ongini egallashga yoʻnaltirilgan.

Bugungi kunda oilaviy tarbiyaning qiyinlashuvi shundaki, birinchidan, jamiyat taraqqiy etib borgani sari har tomonlama yetuk insonni shakllantirish talablari ortib boraveradi. Bu esa oilada bolaga estetik, axloqiy tarbiya berish sifati va koʻlamini oshirish talabini qoʻyadi.

Ikkinchidan, yoshlarning qalbi va ongida sogʻlom hayot tarzi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat-ehtirom tuygʻusini shakllantirishda, har jihatdan barkamol etib tarbiyalashda buyuk mutafakkir ajdodlarimiz merosi katta ahamiyat kasb etadi. Zero, hayotning asl mazmun-mohiyatini anglab yetishga oʻz umri va salohiyatini bagʻishlagan allomalarimizning asarlarida sogʻlom avlod tarbiyasi bilan bogʻliq masalalarga alohida oʻrin berilgan.

Yosh avlod yetuk va komil shaxs boʻlib voyaga yetishi uchun yana bir muhim omil hayot tarziga aylanishi zarur. U ham boʻlsa “kitobxonlik”. Buning uchun yurtimizda barcha sharoitlar yaratilingan. Ommaviy, ilmiy kutubxonalar, “Aybuk” tarzidagi kitob-kafe doʻkonlari va boshqalar soʻzimizning yaqqol misolidir. Ota-ona farzandiga vaqtni unumli oʻtkazishni oʻrgatishida vosita sifatida foydalanishi mumkin boʻlgan usullardan yana biri-zamonaviy axborot texnologiyalaridan oqilona foydalanishdir. Ota-ona bolada estetik tarbiya, goʻzal manzaralardan zavq olish hissini shakllantirish uchun uni oʻzi bilan birga tabiatdagi manzarali joylarga, muzeylarga olib borishi va shu bilan birga uning qalbida goʻzallik latofatini singdirishi muhim.

Xulosa qilib aytish mumkinki, mustahkam maʼnaviy immunitetli, oʻzining fikrlarini ravon ayta oladigan, yuqori marralarga erishuvchan avlodni tarbiyalash uchun ota-ona, oila muhiti juda katta ahamiyat kasb etadi. Hech kimga sir emas, insonning qalbi va ongini egallash, ayniqsa, yoshlarning maʼnaviy dunyosini zaharlashga qaratilgan turli xavf-xatarlar ham kuchayib borayotgan bugungi kunda oʻzining kimligini, qanday bebaho meros vorislari ekanini teran anglab, ona yurtga muhabbat va sadoqat hissi bilan yashaydigan, imon-eʼtiqodi mustahkam yosh avlodgina muqaddas zaminimizni yot va begona taʼsirlardan, balo-qazolardan saqlashga, Vatanimizni har tomonlama ravnaq toptirishga qodir boʻladi.

Farzandlarimizga shunday tarbiya berayliki, ular oʻz ota-bobolariga, oʻz tarixi, Vatani, ona tiliga, millati, diniga va anʼnalariga sodiq boʻlib kamol topishsin.

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM