“Aholini roʻyxatga olish” aholi farovonligini yanada yaxshilashga keng yoʻl ochadi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Dunyodagi har bir mamlakat oʻz aholisi va uning yashash holati boʻyicha ishonchli maʼlumotga ega boʻlish maqsadida vaqti-vaqti bilan roʻyxatga olish ishlari olib boradi.

2015-yil 10-iyunda Birlashgan Millatlar Tashkilotining “2020-yilda aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olish borasidagi prinsiplar va tavsiyalar” rezolyutsiyasi qabul qilingan va unga asosan, ushbu nufuzli tashkilotga aʼzo davlatlar kamida bir marta aholi va uy-joy fondini roʻyxatga olishi belgilab qoʻyilgan. Ayni paytda MDH mamlakatlarida bu jarayonga tayyorgarlik boshlangan. Aholini roʻyxatga olish nima uchun zarur? Bu tadbir respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi ish oʻrinlari yaratish, ayollar hamda bolalar salomatligini yaxshilash, oilalarga yordam koʻrsatish boʻyicha dasturlarni manzilli ishlab chiqish imkoniyatini yanada kengaytiradi. Shunday boʻlsa-da, Oʻzbekistonda mustaqillik yillarida biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmadi. Aholini roʻyxatga olish soʻnggi bor 1989-yilda oʻtkazilgan edi. Holbuki, jahondagi koʻpgina mamlakatlarda aholini roʻyxatga olish kamida har oʻn yilda bir marotaba oʻtkazilishi belgilab qoʻyilgan. Mamlakatimizda ham endi ana shunday muhim jarayon yoʻlga qoʻyiladi. Davlatimiz rahbarining 2019-yil 5-fevraldagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2022-yilda aholini roʻyxatga olishni oʻtkazish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni bu borada huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda. Mustaqillikdan soʻng respublikamizda aholini roʻyxatga olish tadbiri birinchi marta 2023-yilda boʻlib oʻtadi va keyin har 10 yilda amalga oshiriladi. Shu bois, tadbirga puxta tayyorgarlik koʻrish va uni sifatli oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 11-noyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur qarorga asosan, mamlakatimizda aholini roʻyxatga olish 2023-yil 1-25-noyabr kunlari amalga oshirilishi belgilandi. Qarorda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasida 2023-yilda aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning tashkiliy va uslubiy tamoyillarini, aholini roʻyxatga olish dasturi va savolnomalarini, dasturiy-texnik taʼminoti va maʼlumotlarni qayta ishlashning texnologik jarayonlarini sinovdan oʻtkazish hamda davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlarining aholini roʻyxatga olishga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish jarayonidagi masʼuliyatini yanada oshirish bilan bogʻliq vazifalar nazarda tutilgan. Aytish lozimki, aholini roʻyxatga olishga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida 2021-yil 1-25-noyabr kunlari Andijon viloyatining Xoʻjaobod tumani, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumani, Xorazm viloyatining Xiva shahri hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanida sinov tariqasida aholini roʻyxatga olish ishlari amalga oshirildi. Bunda aholini roʻyxatga olishni tashkil etish jarayoni, roʻyxatga olish usullari, dasturi, savolnomalari, uslubiy qoʻllanmalari va meʼyoriy-huquqiy hujjatlari amaliy sinovdan oʻtkazildi. Sinov natijalaridan kelib chiqib, aniqlanadigan xato va kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Aholini roʻyxatga olish barobarida yana bir muhim vazifani bajarish koʻzda tutilgan. Bu — hududlarni xaritalash, aholi punktlaridagi uylarning roʻyxatini tuzishdir. Turar va noturar joylarning aniq soni, holati, foydalanilmay yotgan yoki muddatini oʻtab boʻlgan binolarni belgilab olish bilan tegishli hududlarda uy-joy, sanoat obyektlarini qurish va taʼmirlash masalalariga oydinlik kiritish mumkin boʻladi. Muxtasar aytganda, aholini roʻyxatga olish jarayoniga chinakam poydevor qoʻyiladi, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Respublikamizda aholini roʻyxatga olish orqali, avvalo, aholining aniq soni, yoshi, jinsi, fuqaroligi, milliy tarkibi (barcha aholi punktlari boʻyicha), oilaviy ahvoli, maʼlumoti, kasbi, uy-joy bilan taʼminlanganlik darajasi, mehnat resurslari, bandligi va ishsizligi, daromad manbalari kabilar boʻyicha batafsil maʼlumot toʻplanadi. Mazkur koʻrsatkichlar orqali aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan makroiqtisodiy koʻrsatkichlar hisoblanadi. Oʻz navbatida, yurtdoshlarimiz migratsiyasi toʻgʻrisida aniq maʼlumotlar shakllantiriladi. Aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilash, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va samarali joylashtirish boʻyicha qisqa, oʻrta va uzoq muddatli prognozlar, dasturlarni ishlab chiqishda bu maʼlumotlar nihoyatda zarur. Bundan tashqari, aholini roʻyxatga olish natijasida milliy barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish koʻrsatkichlarini shakllantirish va monitoringini yuritish, xalqaro tashkilotlar va foydalanuvchilar tahlili uchun keng qamrovli axborot manbai yaratiladi. Aholini roʻyxatga olish bilan bogʻliq jarayonlarning amalga oshishi kelgusida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini yanada yaxshilashga keng yoʻl ochadi.

 

Tuman statistika boʻlimi                                                    

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM