Ochiq muloqot: Davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini mustahkamlash

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta'minlash, munosib mehnat va turmush sharoiti yaratish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, kuchli fuqarolik jamiyatini shakllantirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ajdodlarimizning donishmandlik an'analariga amal qilib, izchil islohotlar amalga oshirilmoqda, mamlakatimizning yangi qiyofasini shakllantirish yo‘lidan bormoqdamiz. Buyuk ajdodlarimiz Abu Nasr Forobiy, Amir Temur, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdulla Avloniy, Abdurauf Fitrat asarlarida xotin-qizlarga alohida e'tibor qaratilgan. Jumladan, Alisher Navoiy ayollarni ulug‘lashga, ularning mavqeini mustahkamlashga bag‘ishlangan asarlarida «Er yuzida o‘zining aql-zakovati, mard va donoligi, go‘zal husni, andisha va sabr-toqati, mehr va sadoqati bilan dunyoga dong taratgan ayollar juda ko‘p”, deb alohida ta'kidlaydi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlis palatalariga  yo‘llagan navbatdagi Murojaatnomasida O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalish va vazifalar belgilab olindi.
Davlat rahbari davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan birigi ekanligini ta'kidladi. Shuningdek, kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolarini puxta o‘rganilganligi bildirildi.
Hozirgi kunda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borilgan islohotlar natijasida parlamentning yangi tarkibi 30 foiz ayollardan iboratligini ham ko‘rishimiz mumkin.
Prezidentimiz o‘z Murojaatnomasida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada oshirishga e'tibor qaratish kerakligi yuzasidan bir qancha takliflarni ilgari surdi. Faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etilishi, ayollarning biznes-loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, Oliy Majlis palatalari va hukumat tomonidan xotin-qizlarning jamiyatdagi va davlat boshqaruvidagi mavqeini yanada oshirishga qaratilgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha taklif ishlab chiqilishi shular jumlasidandir.
Ayol — millat kelajagi, hayot davomchisi. Xotin-qizlar e'zozlangan, qadrlangan yurtning buguni va ertasi farovon bo‘ladi. Har qanday xalqning ma'naviy darajasini avvalo, shu yurt ayollarining ma'naviy saviyasi belgilaydi, deb bejiz aytilmagan. Zero, ayol mehnati bilan jamiyat to‘laqonli rivojlanadi, taraqqiy etadi.
Shu jihatdan keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta'minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o‘rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.

Bugungi kunda yurtimizda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi rolini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil islohotlar natijasida parlamentimiz yangi tarkibining 30 foizi ayollardan iborat bo‘ldi. Viloyat, shahar va tuman hokimlarining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi joriy etildi. Eng muhimi, yurtimizda ayol rahbarlar – vazirlar, hokimlar, ishlab chiqarish birlashmalari, bank va kompaniyalar raislari, huquq-tartibot idoralarida mas'ul vazifalarda xizmat qilayotgan opa-singillarimiz soni ortib borayotir.  
Binobarin, mamlakatimizda xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning og‘irini yengil qilish, qobiliyati va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘tgan yillar davomida salmoqli ishlar qilindi. Jumladan, respublikamizning barcha hududlarida xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilib, opa-singillarimizga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni ta'minlash yuzasidan amaliy yordamlar ko‘rsatildi. Ana shunday imkoniyatlar tufayli tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni tobora oshib, ular tomonidan minglab yangi ish o‘rinlari yaratilyapti.
Joriy yilda ham mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularni kasb-hunarga o‘rgatish, bandligini ta'minlashga qaratilgan ezgu ishlar ko‘lami yanada kengayishiga shubha yo‘q. Sababi Prezidentimiz 2020 yil 29 dekabr' kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida davlat va jamiyat boshqaruvida ayollarning o‘rni va mavqeini yanada mustahkamlash – islohotlarimizning eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini alohida ta'kidladi.
Xususan, Kasaba uyushmalari federatsiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganilgani aytib o‘tildi. O‘rganishlar natijasida birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqqani ta'kidlanib, shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilayotgani, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilayotgani qayd etildi.
Albatta, xotin-qizlarni zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularning iqtisodiy va moliyaviy savodxonligini oshirish, odamlarda, ayniqsa ayollarimizda tadbirkorlikka ishtiyoqni uyg‘otish uchun davlat va jamiyat o‘z zimmasidagi barcha ishlarni bajarmoqda. Bu ishlarga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak berayotganini ko‘rib turibmiz. Lekin hozirgi murakkab vaziyat joylarda uyma-uy yurib turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan xotin-qizlarning ahvolini har bir hudud bo‘yicha aniq tahlil qilib, ularga amaliy ko‘mak berishni taqozo etmoqda.
Murojaatnomada ta'kidlanganidek, biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim. Bu jarayonda Prezidentimiz xotin-qizlarning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini oshirish ularga yangi imkoniyatlar yaratish bo‘yicha navbatdagi qadam sifatida hayotni va ayollar muammolarini yaxshi biladigan, faol va tashabbuskor opa-singillarimizdan iborat Respublika Xotin-qizlar jamoatchilik kengashini tashkil etish taklifini ilgari surgani ochig‘i, ayollar, onalarimiz qalbiga, yuragiga yetib bordi, ularni to‘lqinlantirib yubordi.
Ushbu Kengashga bu borada katta tajribaga ega bo‘lgan Senatimiz Raisi Tanzila Norboevaning rahbarlik qilishini, joylardagi Xotin-qizlar kengashlari faoliyatiga esa hokimlarning ushbu masalalar bo‘yicha maslahatchilari rahbarlik qilishini eng ma'qul va to‘g‘ri yo‘l, deb bilaman. Bunda Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha respublika va hududiy jamg‘armalarni yangi tashkil etiladigan kengashlar ixtiyoriga o‘tkazib berilishi ham oqilona tashabbusdir.
Bular hali hammasi emas. Ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi, buning uchun “Xalq banki” tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etilishi albatta, ayollar tadbirkorligini  jadal rivojlantirishga xizmat qiladi.
Har qanday mamlakatda bo‘lgani kabi yurtimizda ham yetarli daromad manbaiga ega bo‘lmagan, ishsiz xotin-qizlarimiz bor. Joylarda fuqarolar bilan uchrashuvlarimiz davomida aynan shunday ayollarning muammolari bilan qiziqdik, o‘z tashvish-o‘ylariga o‘ralashib, dardini aytolmay yurgan xotin-qizlarning dardlarini eshitdik. Boquvchisini yo‘qotib, qay ishga bosh suqishini bilmay turgan ayollarning dardu tashvishlarini tinglab, tegishli tashkilotlar bilan birgalikda ularni qiynab kelayotgan muammolarni hal etish choralarini ko‘rdik. Tadbirkorlikka qiziqishi baland, biznesni boshlash harakatida yurgan ayollarga imtiyozli kreditlar olib, o‘z faoliyatini boshlashiga yaqindan ko‘mak berdik.
Har qanday jamiyatning madaniyati darajasi uning xotin-qizlarga bo‘lgan munosabati bilan belgilanadi. Shu sababli xotin-qizlarning munosib mehnat qilishi va qobiliyatlari, salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun shart-sharoit yaratish, jamiyatdagi o‘rni va maqomini mustahkamlashga ko‘maklashish Bizning o‘ta muhim vazifalaridan bo‘lib qolaveradi. Biz xotin-qizlar tadbirkorligi rivojlanishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz, ishsiz va vaqtincha ish joyiga ega bo‘lmagan ayollarimizning faoliyati va ilg‘or ish tajribasini ommalashtirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshiramiz.
Xulosa qilib aytganda, ayollarga izzat-ikrom ko‘rsatish, ularni ardoqlash, og‘irini yengil qilish ishlariga davlatimiz tobora katta ahamiyat bermoqda. Lekin ayollar manfaatini himoya qilishni, kollej bitiruvchilari bandligini ta'minlashni o‘z oldimizga maqsad qilib, yanada faolroq bo‘lishimiz zarur. Zotan, opa-singillarimizga munosib mehnat va turmush sharoitini yaratib berish, ularni tadbirkorlikka jalb qilish biz rahbarlarning ham vazifamiz, muqaddas insoniy burchimizdir.

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM