Paxtachi tumani hokimi Xamdamov Muzaffar Yazdonqulovichning “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan tuman aholisiga murojaati

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Hurmatli tumandoshlar!
Hammamizga yaxshi ma'lumki, yurtimizda ekologik barqarorlikni ta'minlash, aholining qulay, tabiiy muhitga ega bo‘lishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish, atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish masalalariga jiddiy e'tibor qaratib kelinmoqda.
Ushbu maqsadda, Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 2 fevral' kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi va unda bu borada muhim vazifalarning qo‘yilgani, 1 martdan Davlatimiz rahbari tomonidan “Yashil yillik” umummilliy tadbirining e'lon qilingani fikrimizning isbotidir.
“Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar yuzasidan ushbu loyihani amalga oshirish borasida dolzarb vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishida jamoatchilikka yuzlangan Davlatimiz rahbari hovli-joyini pok saqlashni, to‘proqni, suvni, tabiatni muqaddas deb bilgan xalqimiz oilada farzand dunyoga kelganda unga atab nihol ekishni azaliy qadriyat deb bilganini alohida ta'kidladi.
Haqiqatdan ham, azaldan ota-bobolarimiz yoshlarni uy-joyini toza saqlashga, qishning tugashi – ayni bahor boshlanishi bilan daraxt ko‘chatlari ekish lozimligi haqida pand-nasihatlar qilib kelganlar.

Aziz tumandoshlar!
Avlodlarimiz kelgusida munosib tabiiy muhitda, toza ekologik sharoitda yashashlari kerak.
Buning uchun albatta zarur chora-tadbirlarni belgilagan holda tizimli ishlarni olib boramiz. Eng avvalo, aholida, xususan, yosh avlodda ekologik madaniyatni oshirish lozim. Bunga nuroniylar, mahalla faollari, keng jamoatchilikni o‘zi o‘rnak bo‘lgan holda yosh avlod qalbida ona tabiatga daxldorlik hissini faqatgina tarbiyalash orqali shakllantirishga erishish mumkin.
Shu o‘rinda bir narsani ta'kidlash joizki, bu kabi ishlar davomli bo‘lishi maqsadga muvofiq. Zero, Prezidentimiz “Yashil makon” umummilliy loyihasi bir yillik tadbir emasligini alohida ta'kidladi. Bu umummilliy harakatda barchamiz faol qatnashishimiz kerak.
Albatta, biz bugun ushbu tashabbusni tumanimizda – har bir mahallada, har bir xonadonda, har bir tashkilotda keng quloch yoyishi uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz.

Aziz tumandoshlar!
Bugunga qadar quyidagi ishlar amalga oshirildi.
Birinchidan – tumanda ko‘chat ekishni tashkil qilish uchun tuman hokimining farmoyishi qabul qilinib, hududiy shtablar tashkil etildi hamda 2021 yil kuzda 412 ming 500 tup va 2022 yil bahor mavsumida esa 687 ming 500 tup ko‘chat ekish belgilab olindi;
Ikkinchidan – 2021 yilning 2 noyabridan 10 dekabriga qadar hududlarda ko‘chat ekish bo‘yicha “Dolzarb 40 kunlik” o‘tkazish va barcha fuqarolarni ushbu tadbirlarda faol ishtirok etishlari uchun aholiga murojaat qilinib, targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borildi;
M-37-Magistral yo‘lining ikki tomoniga tashkilotlar va keng jamoatchilik ishtirokida 7 ming tup turli xildagi manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi.
Amir Temur mahallasining Mevali ko‘chasida 880 tup eldor qarag‘ayi hamda 450 tup yaproq bargli manzarali ko‘chatlar ekilib, “Yashil makon” tashkil etildi.
Uchinchidan – 2021 yil 10 dekabr' holatiga tuman hududida 418 ming 100 tup ko‘chat ekilib 102 foizga bajarilishi ta'minlandi.
Joriy yilning 2 fevral' sanasida Prezidentimiz tomonidan “Chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, hududlardagi ekologik holatni yaxshilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022 yildagi ustuvor vazifalar” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bergan topshiriqlariga asosan tumanimizda quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, “Ziyovudin Silk” MChJ tomonidan “Yangi Diyor JUT” muqobil MTP xududidagi 26 gektar maydonga 190 ming tup tut ko‘chatlari ekilmoqda, “Nodim Ziyovuddin” muqobil MTP hududidagi Burqut mahallasida 4 kilometrga yaqin yo‘lning ikki tomoniga 40 ming tup tut ko‘chatlari ekish uchun yer tayyorlash ishlari olib borilib, “Sultonobod-Paxtakor” muqobil MTP hududidagi Ko‘rpa mahallasida 5 gektar maydonga 7 ming tup tut ko‘chat ekish ishlari boshlab yuborildi.
Bugungi kunda, tumanimiz iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan ko‘chatlar tanlab olingan hamda ularni yetarli miqdorda yetishtirish uchun ko‘chatxonalar tashkil qilish rejalashtirilgan. Ushbu ishlar doirasida tumandagi bozorlar, mahallalar va aholi gavjum maskanlarda ko‘chat yarmarkalari tashkil etiladi hamda aholiga ko‘chatlarni tanlash, ekish va parvarish qilish o‘rgatiladi.
Ko‘chatlarni yetkazib berishda ochiq-oshkoralikni ta'minlagan holda, ularning narxini asossiz oshib ketmasligi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatiladi.
Kamida 50 ming tup mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari aholiga bepul tarqatiladi.
Mahallalardagi xonadonlarning tashqarisiga kamida 10 tup, tomorqasiga 5 tup daraxt ekiladi, gulzorlar barpo etiladi.
Tuman markaziga yaqin chiqindi yig‘ish poligoni atrofida kamida 4-8 qatordan iborat ixota daraxtlari ekiladi.
2022 yil 1 martdan boshlab tuman bo‘yicha “Yashil haftalik” umummilliy tadbiri boshlanadi. Bir oy muddatda daraxtlarni parvarishlash, sug‘orish, zararkunandalardan himoya qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshiriladi.
Bir hafta muddatda tumanni to‘liq qamrab oladigan “mobil eko patrullar” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bir oy muddatda auksionda sotuvda turgan yer uchastkalari xatlovdan o‘tkazilib, ularda ko‘p yillik va qimmatbaho daraxtlar reyestri shakllantiriladi.
Shuningdek, har bir qurilish ob’yektidagi daraxtlarni parvarishlashga mas’ullar nomma-nom biriktirilib, nazoratga olinadi.

Qadrli tumandoshlar!
To‘rt faslda ham ko‘zni yashnatadigan, toza havo bilan boyitadigan, manzarali va mevali ko‘chatlarni ko‘paytiraylik!
Zero, har bir ekilgan daraxt havoni changdan tozalashi, kislorod ishlab chiqarishi bilan birga bugungi kunda butun dunyoda kuzatilayotgan iqlim o‘zgarishlariga ijobiy ta’sir etib, kelajak avlodga yashil makon ulashadi!

Keling, tumanimizni obod va ko‘rkam “Yashil makon”ga aylantiraylik!

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM