Qora rak kasalligi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Dunyoning barcha mamlakatlarida, jumladan Markaziy Osiyo davlatlarida ham tarqalgan, O‘zbekistonda barcha viloyatlarda uchraydi. Kasallik belgilari. Qora rak bilan olma va behi daraxtlarining gul, barg va mevalari zararlanadi, ammo uning eng xavfli shakli – daraxt tanasi va yo‘g‘on shoxlari zararlanishidir. Kuchli zararlangan barglarning usti olabula bo‘lib qoladi va ular to‘kilib ketadi. Bargdagi dog‘lar ustida har xil ikkilamchi zamburug‘lar rivojlanadi, natijada dog‘lar kengligi katta bo‘lib ketadi va ular konsentrik doiralar shaklini oladi. Gul va barglardagi dog‘lar ustida piknidalar juda kam hollarda paydo bo‘ladi.
Gulkosabarglar zararlanishi mevalar gul bo‘lgan tomondan zararlanishiga olib keladi. Yosh mevalarda kasallik gullar to‘kilgandan keyin, kichik qizil dog‘lardan boshlanadi, vaqt o‘tishi bilan ular to‘q-qizil rangli, kengligi 0,1-1,0 mm keladigan bo‘rtmalarga aylanadi. Bo‘rtmalar faqat meva pishib boshlaganda kattalashadi.  Kasallangan mevalar ba'zan chirimasdan, mumiyolashadi, ular ko‘pincha daraxtda osilib qoladi. Mevalarning ustida bo‘rtmalar mavjudligi bilan qora rak monilioz meva chirishidan ajralib turadi. Mevalarning ko‘pchiligi hosil yetilishi, uni yig‘ish, tashish va omborxonalarda saqlash davrida zararlanadi.
Qo‘zg‘atuvchi zamburug‘ boshqa sabablar (bakterial kuyish, sovuq urishi, mexanik jarohatlar) tufayli daraxt tanasi va shoxlarida paydo bo‘lgan yaralarga ham kirib olib, yaralar juda katta bo‘lib ketishiga olib keladi.
Kasallikning zarari. Meva chirishi, barglar dog‘lanish tufayli to‘kilishi, daraxt tanasi, shoxlari va novdalarida yaralar rivojlanishi, natijada daraxtlar kuchsiz bo‘lib qolishi, qora rakning zarari katta ekanligini ko‘rsatadi. AQSh da kasallik tufayli olma va nok hosilining 25-50 foizi yo‘qotiladi. O‘zbekistonda tanasi va katta shoxlari zararlangan daraxtlar 3-4 yilda qurib qoladi.
Kurash choralari. Olmada kalmarazga qarshi tavsiya qilingan barcha agrotexnik usullarni qo‘llash va mumlangan mevalarni terib yo‘qotish qora rakka qarshi ham samara beradi. Jumladan kuchli zararlangan daraxtlar va shoxlarni kesib olish va bog‘dan chiqarib, yoqib yuborish, mumiyolashgan mevalar va kesilgan novdalar kasallik manbai ekanligini esda tutib, ularni ham to‘plab yo‘qotish lozim. Kesilgan joylarga bog‘ surtmasi yoki moyli bo‘yoq surkash kerak.
Kimyoviy kurash. Barglar va yosh mevalar zararlanishiga qarshi Topsin, Kaptan va Folpet fungisidlaridan birini qo‘llash samarali. Kasallikning asosiy shakli – daraxt tanasi va shoxlaridagi yaralarni purkash yordamida yo‘qotadigan fungisidlar mavjud emas.
Zararlanmagan qismini ham qo‘shib, yog‘och qismigacha o‘tkir pichoq bilan kesib tozalanadi va bog‘dan chiqarib, yoqib yuboriladi, tozalangan joyni fungisidlardan biri (3% temir kuporosi eritmasi, 1-2% li DNOK3, 1-2% li nitrafen yoki 1-2% li mis kuporosi) bilan zararsizlantirish va unga darhol bog‘ surtmasi (70% nigrol + 15% kanifol' + 15% parafin yoki 70% nigrol + 30% kul) yoki moyli bo‘yoq (200 g olifa + 100 g oxra) surkash lozim.

 

Abror Zulfiqorov, Nodir To‘raqulov

Samarqand viloyati O‘simlik karantini va himoyasi boshqarmasi

Paxtachi tuman bo‘lim agronom inspektorlari

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM