Bodring mozaikasi kasalligi va qarshi kurash choralari

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Virus juda keng ixtisoslashgan va 300 tadan ko‘proq o‘simlik turlarini, jumladan barcha poliz ekinlarini, pomidor va boshqa ko‘p madaniy ekinlar va begona o‘tlarni zararlaydi.
Kasallik belgilari 6-8 haftalik bodring ekinida yaqqol ko‘rinadi.
Zararlangan yosh barglar pastga qarab bukiladi, olachipor tus, usti g‘ijimlangan shakl oladi, och-yashil va sariq dog‘lar rivojlanib, mozaika hosil bo‘ladi, barg o‘smaydi. Palak bo‘g‘inlari orasi qisqaradi, natijada o‘simlik tepasida yosh barglar rozetkasi paydo bo‘ladi. O‘simliklar zaiflashadi, o‘sishdan orqada qoladi, asta-sekin sarg‘ayadi va so‘lib qoladi. Ekinda yon novda va onalik gullar soni kamayadi. Erta zararlangan yosh o‘simliklar quriydi, kechroq zararlanganlarining vegetasiya davri qisqaradi, kam gul hosil qiladi.
Zararlangan mevalar xunuk shakl oladi, olachipor (sariq-yashil) bo‘lib qoladi, ustida so‘gallar paydo bo‘ladi, xloroz rivojlanadi.
Virus barqaror emas, quruq havoda faolligini tez yo‘qotadi, kasal o‘simliklardan siqib olingan shirada 4 kun saqlanishi mumkin, 60-70°S haroratda 10 daqiqada halok bo‘ladi. O‘simlik qoldiqlari va urug‘da saqlanmaydi. Kasallikning inkubasion davri 10-15 kun. Havo harorati keskin o‘zgarishi, ekinlarning tup soni qalin bo‘lishi kasallikni kuchaytiradi.
Qarshi kurash choralari:
-chidamli navlar yaratish va qo‘llash;
-bodringni virus bilan zararlanishga moyil ekinlar, begona o‘tlar va ko‘p yillik gullarga yaqin joylashtirmaslik;
-begona o‘tlar va birinchi zararlangan o‘simliklarni qazib olib, issiqxona va dalalardan chiqarib, yo‘qotish.
Viruslar zararini to‘xtatish uchun tabiiy usul qo‘llaniladi. 8 litr suvga 1 litr yog‘siz sut va 10 tomchi yod aralashmasi bilan poya va barglarning har tomoniga ishlov berilganda kasallikni vaqtincha to‘xtatish mumkin, lekin butunlay davolab bo‘lmaydi.

Samarqand viloyati O‘simlik karantini va himoyasi Paxtachi tuman agronom inspektorlari Abror Zulfiqorov va Nodir To‘raqulovlar.

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM