Tezkor: Samarqandda nafsi hakalak otgan bir necha mansabdor pora bilan qo‘lga tushdi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

So‘nggi yillarda davlat xizmatchilarini o‘qitish, malakali mutaxassis qilib yetishtirish va qayta tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Negaki, ular xalq va davlat idoralari o‘rtasidagi ko‘prikdir. Afsuski, bunday mas’uliyatli vazifaning zalvorini ko‘tara olmasdan, o‘z manfaatlarini xalq manfaatidan ustun qo‘yayotgan va bu orqali nafaqat kasbiga, balki butun mamlakat sha’niga dog‘ tushirayotgan kimsalar ham uchrayotganligiga guvoh bo‘lib turibmiz.

 DXX Samarqand viloyati boshqarmasi hamda viloyat IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida bir qancha ana shunday qabih ishga qo‘l urgan davlat xizmatchilari aniqlandi.

Xususan, 1987 yilda tug‘ilgan, Samarqand tumanida yashovchi, “Samarqand suv ta’minoti” MChJ Samarqand shahar filiali rahbari J.Z.ning ko‘p miqdordagi pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilganligi aniqlandi.

Hozirda ushbu shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, 1966 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” GTF metrologiya xizmati boshlig‘i R.J. o‘z mansab vakolatlaridan foydalanib, Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalari tomonidan o‘g‘irlangan tabiiy gaz hisobini yashirish maqsadida, yetkazib berilgan va iste’mol qilingan tabiiy gaz hisob-kitoblarini muntazam o‘zgartirib kelgan.

Shu bilan birga, u yuqori bosimli gaz tarmoqlarida yuzaga kelgan kamomad va ehtimoliy o‘g‘irlik holatlari mavjudligini bilib tursa-da, masofadan turib gaz tarqatish stansiyalaridagi gaz hisoblagichlariga tashqi ta’sir ko‘rsatgan.

    Hozirda, R.J.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Yuqoridagi holatga ko‘maklashgan 1982 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan, “Hududgaz Samarqand” “Narpaytumangaz” gaz ta’minoti bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Z.A. ham Narpay tumanida joylashgan “Karim qurilish savdo” XKning norasmiy rahbari O.A. va uning jinoiy aloqalarining noqonuniy faoliyatiga amaliy yordam berib, amalga oshiriladigan tekshiruv tadbirlari xususida oldindan xabardor qilib kelgan.

    Hozirda, Z.A.ga nisbatan ham jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ehtiyot chorasi tariqasida qamoqqa olingan.

Yana bir holatda esa 1987 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, “AT “Xalq banki” Samarqand filialida Chakana bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan Sh.Yu. o‘z mansab vakolatidan foydalangan holda o‘zining nomidagi bank plastik kartasiga noqonuniy ravishda 631 mln. so‘m kirim qilib, ushbu mablag‘ning barchasini “1 XVET” qimor o‘yiniga tikib, yutqazib qo‘ygan.

Ushbu holat yuzasidan Sh.Yu.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish va 2 yil bank sohalarida moddiy va mansabdorlik vazifalarida ishlash huquqidan maxrum qilish jazosi tayinlangan.

Bundan tashqari, bir holatda Samarqand viloyati “Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning direktori,  1980 yilda Samarqand shaxrida tug‘ilgan S.G. hamda markaz bosh hisobchisi, 1968 yilda Urgut tumanida tug‘ilgan fuqaro A.J.lar o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, markaz mablag‘larini talon-taroj qilib kelganligi aniqlandi.

 

“Qurilishda tanlov savdolarini tashkil etish konsalting markazi”ning 2016-2023 yillardagi faoliyati o‘rganilganda, markaz mansabdor shaxslari o‘zaro jinoiy til biriktirgan holda, jamiyatning 1,3 mlrd. so‘mlik mablag‘larini o‘zlashtirib yuborganligi aniqlanib, tegishli tartibda hujjatlashtirildi.

 Hozirda ushbu har ikkala shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Yurtdoshlarimizda davlat idoralariga va shu asnoda mamlakatimizda olib borilayotgan chora-tadbirlar, qabul qilinayotgan qaror va farmonlarga nisbatan ishonchsizlik kayfiyati uyg‘onishiga sabab bo‘lish, shuningdek, qonun va qonunosti hujjatlarni bila turib buzish oqlab bo‘lmas jinoyatdir. Jinoyat esa hech vaqt jazosiz qolmagay.

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM