Tabriknoma!

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Paxtachi tumani hokimi Muzaffar Hamdamovning mamlakatimiz mustaqilligining 32 yilligi munosabati bilan bayram tabrigi

Assalomu alaykum, hurmatli tumandoshlar, aziz paxtachiliklar!

Shu kecha-kunduzda mamlakatimizda eng ulug‘, eng aziz bayramimiz – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi katta shodu xurramlik bilan nishonlanmoqda.  Fursatdan foydalanib, siz azizlarni qutlug‘ bayram bilan muborakbod etgan holda , eng ezgu tilaklarimni izhor etishdan cheksiz baxtiyorman.

Butun mamlakatimiz ahli singari, paxtachiliklar ham eng ulug‘, eng qadrli bayramimizni ko‘tarinki kayfiyatda, yorug‘ yuz bilan qarshi olishmoqda.  Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotning barcha yo‘nalishlaridagi ijobiy o‘zgarishlar, yangi bunyodkorliklar mustaqilligimizning 32 yilligiga munosib sovg‘amizdir. Bu o‘zgarishlar davlatimiz taraqqiyoti, xalqimiz turmush farovonligiga xizmat qilayotganligi qalblarimizga quvonch va huzur bag‘ishlaydi.

Haqiqatdan ham mustaqil taraqqiyotning o‘ttiz ikki yili, ayniqsa, uning keyingi  yillarida butun mamlakatimizdagi kabi tumanimizda ham asrlarga tatigulik ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi, mislsiz bunyodkorliklar,  keng miqyosdagi obodonlashtirish, qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Tumanimiz markazi – Ziyovuddin shaharchasi yanada ko‘rkamlashib bormoqda.

Tumanda ishsiz aholining bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilab olingan holda, hayotga tadbiq etilmoqda. 2017 yilda tumanda 42 ta sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda  ular 167 taga yetdi yoki oxirgi besh yilda 3,9 barobarga ko‘paydi. Faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik sub’ektlari besh yil oldingi 654 o‘rniga 1062 tani tashkil etgan holda 2,4 baravarga  oshdi. Xizmat va savdo ob’ektlari soni esa 2,5 barobarga, ya’ni 322 tadan 822 taga ortdi. 2017 yilda  mahsulot eksporti 0,6 mln dollarni tashkil etgan holda, yakunlangan  yilda 16,5 mln dollarlik eksport amalga oshirildi, 2023 yil yakunida bu ko‘rsatkich 23 mln dollarga yetadi.

Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, erishilayotgan iqtisodiy o‘sish sur’atlari yaqqol namoyon bo‘ladi. Jumladan, sanoat yo‘nalishida 4,3 baravar o‘sishga erishildi. Bu boradagi ko‘rsatkich yakunlangan 2022 yilda 2017 yildagi 133 mlrd o‘rniga 579 mlrd so‘mga teng bo‘ldi. 2023 yil yakuni bilan esa,  678 mlrd so‘mga yetkaziladi.

Qishloq xo‘jaligidagi o‘sish darajasi 2,3 baravarni tashkil etdi yoki 5 yil ichida 799 mlrd so‘mdan 1 trln 881 mlrd so‘mga yetkazildi. Bu raqamni joriy yilda 2 trln 99 mlrd so‘mga yetkazish imkoniyatlari mavjud. O‘tgan davrda, shuningdek, bozor xizmatlari  3,1 baravarga ortib 509 mlrd, qurilish ishlari hajmi 3,1 baravarga yuksalib, 212 mlrd so‘mga teng bo‘ldi.  Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichlarni tegishli ravishda 604 hamda 241 mlrd so‘mga yetkazish rejalashtirilgan.

Bunday rivojlanish tendensiyalarini ijtimoiy infratuzilma yo‘nalishida ham ko‘rishimiz mumkin. Jumladan, maktabgacha ta’lim tashkilotlari 31 tadan 213 taga yetkazilib, jajji o‘g‘il-qizlarimizni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 31,5 foizdan 80,06 foizga ko‘tarildi. Mavjud 47 ta umumta’lim  maktablarining moddiy-o‘quv bazasi davr talablari asosida mustahkamlanmoqda. Sog‘liqni saqlash muassasalari soni 19 tadan 36 taga ko‘paydi. Ularning 22 tasi xususiy muassasalardir. Ichimlik suvi bilan ta’minlash hajmi 60 foizdan 78 foizga yetdi.

Bugungi kunda, tumanimiz aholisi 150 ming nafarni, shundan mehnat resurslari 76,9 ming nafarni tashkil etib, iqtisodiy faol aholi, ya’ni mehnat qilishga tayyor tumandoshlarimiz qariyb 59,5 ming nafarga teng. Ulardan 53,7 ming nafari ish bilan band. Yil boshida ishsizlar soni 6,4 ming nafarni, ishsizlik darajasi 9,6 foizni tashkil etgan edi. O‘tgan 7 oy yakuni bilan 8,2 mingdan ortiq ishsiz yurtdoshlarimizning doimiy daromadli mehnat bilan bandligi ta’minlandi. Natijada ishsizlar soni 1,8 ming nafarni tashkil etib, ishsizlik darajasi 9,6 foizdan 3 foizga tushirilganligini ijobiy holat deyishimiz mumkin. Ayni paytda, qolgan 1,8 ming nafar ishsizlarning manzilli ro‘yxati, kasbi, mutaxassisligi, yoshi va istaklari bo‘yicha ma’lumotlar shakllantirib olindi.

Tumanning asosiy drayverlaridan biri dehqonchilik mahsulotlari yetishtirish bo‘lib, 16 ta mahalladagi 7 839 ta xonadondan 5533 tasi yoki 70 foiz aholisining asosiy daromad manbai issiqxonachilik hisoblanadi.  Bu raqam bundan 5 yil oldin 27 foizga teng edi, xolos. Yobu mahallasida esa bu raqam 2017 yildagi 133 ta o‘rniga 426 tani yoki 95 foizni tashkil etmoqda.

          Mazkur mahallada yashovchi G‘ayrat Esanovning 11 sotix tomorqasiga qurilgan issiqxonadan yil davomida 70-80 mln so‘m daromad olinadi. Agrotexnik xizmatlar va mineral o‘g‘itlar uchun chegirilgach, sof daromad 65-70 mln so‘mga teng bo‘ladi. Mazkur drayver soha tajribasini qolgan mahallalarda ham joriy etish uchun qo‘shni mahallalarda seminarlar tashkil etilmoqda.

Bundan tashqari, ushbu sohada “Ziyovuddin Invest Textil” MChJ tomonidan qiymati 239,5 mlrd so‘mlik zamonaviy issiqxona loyihasini ishga tushirish hisobiga 40 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va 6,6 mlrd so‘m byudjetga qo‘shimcha tushum bo‘ladi. “Boboqul Laqqa Havzasi” fermer xujaligi tomonidan qiymati 0,8 mlrd so‘mlik zamonaviy issiqxona loyihasini ishga tushirish hisobiga 7 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va byudjetga 22 mln so‘m qo‘shimcha tushum kiritiladi.

Tumanimizda joriy yilda ham sanoat ishlab chiqarishi, xizmat ko‘rsatish, savdo, eksport, investitsiyalarni o‘zlashtirish, aholi bandligini ta’minlash, yangi korxonalarni ishga tushirish va boshqa yo‘nalishlarda ijobiy natijalar qo‘lga kiritilmoqda.  Yilning olti oyida erishilgan o‘sish sur’atlari ham ana shundan dalolat beradi. Jumladan, shu davrda hududiy sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 127,5, xizmatlar hajmi 133,5, chakana savdo aylanmasi 109,4, markazlashmagan investitsiyalar hajmi 213, yangi korxonalarni tashkil etish 176 taga yoki 113 foizga uddalandi.

Tumanda o‘tgan davrda amalga oshirilgan ijobiy o‘zgarishlar, bunyodkorliklar, erishilgan quvonchli natijalar to‘g‘risida  ko‘p gapirish mumkin. Bularning barchasini xalqimiz ko‘rib, bilib, his etib turibdi. Chunki, tumanimiz aholisi ana shunday hayotbaxsh islohotlarning asosiy ishtirokchilari, amalga oshiruvchilaridir. Eng asosiysi, bunday jadal o‘sish sur’atlari va yuqori mehnat ko‘rsatkichlari davlatimiz rahbari tomonidan yaratib berilgan qulay shart-sharoitlar hamda e’tibor va g‘amxo‘rlikning natijasidir. Bularning barchasi sizu bizga, butun tuman ahliga mustaqilligimiz bayramini katta shodu xurramlik bilan nishonlash imkoniyatini yaratdi.

Aziz tumandoshlar!

Yana bir bor sizlarni O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 32 yilligi bilan samimiy qutlayman. Barchangizga mustahkam sog‘lik, yangidan-yangi muvaffaqiyatlar, baxt va omad tilayman!

 

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM