Brifing: Milliy va umuminsoniy qadriyatlar uyg‘unligi

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Qadriyat deyilganda, inson va insoniyat uchun ahamiyatli bo‘lgan, millat, elat va ijtimoiy guruhlarning manfaatlari va maqsadlariga xizmat qiladigan va shu tufayli ular tomonidan baholanib qadrlanadigan tabiat va jamiyat ne’matlarini, hodisalari majmuini tushunmog‘imiz lozim. Tabiat va jamiyat boyliklari, hodisalarini qadriyatlar sirasiga kiritilishning asosiy sababi-kishilar ularni qadrlaydilar, avaylab-asraydilar, chunki, bu qadriyatlar ularning shaxsiy va ijtimoiy turmushini, ma’naviy – ruhiy dunyosini boyitadi, yaratuvchanlik faoliyatiga yo‘llaydi.

Qadriyatlar har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagini namoyon etuvchi bamisoli bir ko‘zgu

 Aslida milliy-diniy qadriyatlarimiz bir-biri bilan chambarchas bog‘lanib ketgan. Qadriyatlar asrlar davomida xalqimiz tomonidan e’zozlanib keladi. Ular kelib chiqishiga ko‘ra milliy, umuminsoniy va diniy qadriyatlar bo‘lishi mumkin.

Agar u milliy urf-odat va an’analar shaklida bo‘lsa, milliy qadriyat. Agar bir nechta millat va xalqlar e’tirof etgan bo‘lsa, umuminsoniy qadriyat. Diniy ta’limotga asoslangan bo‘lsa, diniy qadriyat deyiladi. O‘zbekona azaliy qadriyatlarimizni milliy yoki diniyga ajratish qiyin.

Masalan, salom-alik qilish, ota-ona, qarindosh-urug‘, yetim-yesirlarga yaxshilik qilish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish kabi odatlar Qur’oni karim oyatlari va hadisi shariflarda savobli amallar ekani ta’kidlangan. Bu odatlarga xalqimiz ming yillardan beri qadriyat sifatida amal qilib keladi.

Aytish joizki, milliy qadriyatlar ajdodlarning ilmiy-ma’naviy merosi asosida shakllanadi va davrlar osha takomillashib boradi. Xususan, asrlar davomida ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi asosida shakllangan milliy qadriyatlarimiz barcha umuminsoniy axloqiy fazilatlarni o‘zida aks ettirgan. Bugungi tezkor globallashuv sharoitida ham o‘z milliy qadriyatlariga mustahkam suyanib kelayotgan xalqimiz beqiyos ma’naviy boyligi, ajdodlar xotirasiga sadoqat, o‘zidan kattalarga ehtirom, o‘zidan kichiklarga izzat-ikrom, ayniqsa ota-onaga hurmat, qarindoshlik rishtalarini mustahkamlash, mehmonni ulug‘lash, birovning haqiga, ayniqsa, yetimlarning, qo‘ni-qo‘shnilarning haqqiga hiyonat qilmaslik, ehtiyojmand kishilarga  xayr-ehson qilish, har qanday sharoitda ham hayo va andishani saqlash, oilani asrab-avaylash singari ezgu umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan o‘ziga xos an’analari, urf-odatlari bilan boshqa xalqlardan o‘ziga xos tarzda ajralib turadi.   Xalqimizning asrlar osha o‘zining yuksak qadrini bir lahzaga bo‘lsada yo‘qotmay kelayotgan ezgu insoniy fazilatlaridan biri  o‘zi tug‘ilib o‘sgan ona yurtiga – Vatanga muhabbat, vatanparvarlik fazilatidir.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda: “Islom dini — avvalo, tinchlik va do‘stlik, ahillik va birdamlik, bilim va ma’rifat dinidir. Mana shu oliy haqiqatni hech qachon esimizdan chiqarmasligimiz lozim”. Haqiqatda, islom — go‘zal amallar dini. Muborak hadislarda keltirilganidek, “Mo‘minlar qalbiga xursandchilik kiritish, ularni taomlantirish, ehtiyoji bo‘lsa, kiyintirish va muhtojlarining hojatini chiqarish” eng go‘zal amallardir.

Bu esa har kimning insoniylik burchi bo‘lib, yaqin qarindoshlardan xabar olish, o‘zgalar qalbiga xursandchilik kiritish, taom ulashish kabi ulug‘ fazilatlarda namoyon bo‘ladi.

 Bu yilgi hayit mustaqilligimizning 32 yilligi arafasida nishonlandi. Joriy yil vatandoshlarimiz Qurbon hayiti munosabati bilan uzuluksiz 5 kun dam olish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Aynan o‘sha kunlarda keksalarga hurmat ko‘rsatiladi, yoshlar izzat qilinib, yetimlar, kam ta’minlangan va ehtiyojmandlar holidan xabar olinadi. Shariatimiz ko‘rsatmasiga ko‘ra, garchi o‘ziga to‘q bo‘lsa ham, yaqin qo‘shnilar holidan xabar olish, ularning haqqiga rioya qilish chin mo‘min-musulmonning insoniylik shioridir.

Ijtimoiy turmush va diniy qadriyatlar mushtarak — ularni aslo ayro tasavvur qilib bo‘lmaydi. Mana shunday ijobiy holatning ezgu natijasi o‘laroq O‘zbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni yangi tahrirda qabul qilindi.

Aytish mumkinki, bu yurtimizda diniy-siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish, diniy-ma’rifiy munosabatlarni fuqarolar orasida mustahkamlash hamda vijdon erkinligini ta’minlashdagi muhim qadam bo‘ldi. Har bir fuqaro istagan diniga e’tiqod qilish yoki hech bir dinga e’tiqod qilmaslik huquqi kafolatini hamda vatanimizda istiqomat qilayotgan turfa millat va elat vakillarining vijdon erkinligini ta’minlashda muhim asosiy omil sifatida xizmat qiladi.

O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy ibodat va rasm-rusumlarini emin-erkin bajarib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida tanilgan. Hozir yurtimiz aholisining soni 35 millionga yaqin. Ular 130 dan ziyod millat va elatga mansub bo‘lib, aksari musulmonlardir. Demak, asosiy mas’uliyat ham ular zimmasiga tushadi. Ahli islom boshqa din vakillariga qanchalik bag‘rikenglik namoyon qilsa, yurt shunchalik tinch bo‘ladi. Bag‘rikenglik insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo fuqarolararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni shu asosda, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash davlatimiz siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan.

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM