Ko'hna dabusiya sirlarini ochmoqda

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Ko‘hna Dabusiya shahar xarobasida Ya. G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti  hamda Samarqand davlat universitetining hamkorligida arxeolgik tadqiqotlar olib bormoqda. Bu yilgi qazishma ishlarida universitetining tarix fakulteti talabalari dala arxeologik amaliyotini yodgorlik bazasida o‘tamoqda. Arxeologik tadqotlar yodgorlikning rabod qismida olib borilib, natijada hunarmandchilik tarmoqlaridan biri bo‘lgan  10 dan ortiq kulolchilik xumdonlar ochib o‘rganildi. Tadqiq etilgan xumdonlar 2 turdan iborat bo‘lib, ular bir va ikki yarusli. Xumdonlanning davriy sanasi 9-12 asrlarga tegishli bo‘lib, bu esa o‘rta asrlarda Sug‘d diyorida hunarmandchilik sohasi taraqqiy etganligidan yana bir nishonadir.

So‘g‘d tarixiga oid dastlabki tarixiy ma’lumotlarni  Erondagi  Persepol va Behustun qoyalaridagi manbalarda uchratishimiz mumkin. Tarixiy manbalarda aytilishicha, Sug‘d uch qisimdan iborat bo‘lib u Markaziy ( Samarqand So‘g‘di), Janubiy (Qashqadaryo So‘g‘di), va G‘arbiy (Buxoro So‘g‘di) ga  bo‘linadi.

         Bu uch qism ichida Markaziy, ya’ni Samarqand So‘g‘di alohida mavqiyga ega bo‘lgan. Markaziy So‘g‘dning poytaxti – qadimgi Samarqandning yoshi 2750 yil ekanligi ham ko’p narsalarni anglatib turadi. Markaziy So‘g‘dda Samarqanddan tashqari Quldortepa, Panjikent, Kofir – qal’a, Ishtihon, Kushoniya, Robinjon, Dabusiya kabi katta va kichik shaharlar ham bo‘lganki bu shaharlar ham Markaziy So‘g‘dning iqtisodiy, siyosiy va tarixiy yuksalishida muhim ahamiyat kasb etganlar

Hozircha Dabusiya nomining kelib chiqishiga oid tarixiy manbalar unchalik ko‘p emas. Shu sababli biz dastlab Dabusiya yoki Qala-i Dabus so‘zini etimologiyasiga to‘xtalmoqchimiz: «G‘iyos ul-lug‘ot»da yozilishicha, Dabus – fors tojik tilida gurziyi ohani, ya’ni temir gurzi ma’nosini bildiradi.[1] Shuningdek «Farhangi zaboni tochiki» («Tojik tili lug‘ati»)da ham Dabus – arabcha so‘z bo‘lib, fors tojik tilida (bolg‘a) gurzi, amud ma’nolarini ifodalaydi.[2] Bulardan tashqari IX asrda yashagan yirik geograf va tarixchi olim al-Yaqubiy Dabus qal’asini «dushman tig‘i o‘tmaydigan mustahkam va mashhur shahar» deb tasvirlagan.[3] Demak, qadimiy shahar har jihatdan mustahkam, metindek qattiq qilib bunyod etilganligi uchun ham shu nom bilan atalgan,degan fikrni ilgari surishimiz mumkin. 

Fors tilidagi manbalarda bu nom Dabusi shaklida uchraydi.[4]Shuningdek, Boburnoma va an-Narshahiy asarlarida Kal'a-i Dabus ko‘rinishida uchratamiz.[5] Tarixchi Narshaxiyning “Buxoro tarixi” nomli asarida aytilishicha, hali Buxoro shahar sifatida shakllanmagan paytda, Dobusiya shahar sifatida ma’lum  bo‘lgan.[6] Bundan kelib chiqadiki «Dabusiya» Buxorodan ham qadimiyroq shahardir.     

        Qadimiy Dobusiya to‘g‘risida dastlakbi yozma manbalar IX-XII asrlarga oid bo‘lgan arab-fors muarrihlarning asarlarida, jumladan, ibn Xurdadbeh (IX asr), Qudamay (X    asr), Yoqubiy (X asr) va Ibn al-Faqihlarning asarlarida uchraydi.[7]

     X asrda yashab ijod etgan filolog va geograf Abdulfaraj ibn Ja’far Qudama al-Basriy al-Bag‘dodiyning «Kitob ul-xiroj va san’at al-kitobia» («Xiroj undirish va maktublar yozish haqidagi kitob») asarida (928 yil) qayd etishicha, Dabus nomi bilan ataladigan qadimiy shahar Iskandar tomonidan qurilgan, shuningdek, Samarqand va ad-Dabusiya nomi bilan mashhur shaharlardan tashqari, olisdagi al-Iskandariyani barpo etdi, keyin Buxoro yerlariga ko‘chib, Buxoro shahrini qurdirgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor.[8] Yuqoridagi ma’lumotlarimizni to‘ldirgan holda shuni aytib o‘tishimiz kerakki Aleksandir Makedonskiyni O‘rta Osiyoga bosqini mil.avv 328 yilning bahorida boshlangan[9]. Aleksandirga asosiy raqib Spitamin bo‘lib, ular o‘rtasidagi oxirgi jang So‘g‘diyonada bilan “ massagetlar Skifiyasi” chegarasida, Buxoro viloyati, Zarafshonning quyi qismida joylashgan Bag‘a So‘g‘d qal’asi yaqinida yoki Qal’ai Dabus shahri joylashgan yerda bo‘ldi. Jang yunon-makidon qo‘shinining g‘alabasi bilan yakunlanadi.[10] (xaritaga qarang). Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarni yana bir talqini bor bo’lib M.X.Isamiddinov quyidagicha yozadi: Aleksandir Makedonskiy va Spitamin o’rtasida jangdan so’ng Spitamin So‘g‘dning shimoliga cho’lga chekinadi. Aleksandir esa  Kuktepaga shahriga borganligini yozadi[11].  Aleksandir mil. avv 328 yilni yozini So‘g‘diyonada qishni esa Nautakada o’tkazadi. Bu vaqtda  Spitamin chulni tark etib,  yana So‘g‘diyona hududiga kiradi. Arrianning yozishicha bu Bag‘a istihkomi bo’lgan. Bag‘a istehkomi Dabusiya shahriga to’g‘ri keladi[12]. Ko’rinib turibdiki manbalardagi ma’lumotlar turlicha.  Shunday ekan bu borada yana bir bor o’ylab ko’rishimiz kerak degan fikirdaman. Shuningdek mualliflar Sug‘diyona shaharlari va ular o‘rtasidagi masofalar haqida to‘xtalganlarida, Dobusiyani ham tilga olganlar.

      Abulqosim Ubaydulloh Hurdodbeh  (820-913) o’zining “Kitob al masoliq va-l mamoliq” (Yo‘llar va mamlakatlar haqida kitob”) asarida ayrim shaharlar o‘rtasidagi masofa to‘g‘risida quyidagilarni yozadi: “Buxorodan Sharqacha 4 farsax, Tavovisgacha 3 farsax, Qukshibagandan 6 farsax, Karmanagacha 4 farsax,  ad-Dabusiyagacha 5 farsax,  Arbinjongacha 5 farsax, Zarmangacha 5 farsax, Qasri Alqamgacha 5 farsax, Samarqandgacha 2 farsax. Buxorodan Samarqandgacha (jami) 39 farsax. Ad-Dabusiya, Arbinjon, Kushoniy, Ishtixon, Kish, Nasaf va Xo‘jand bu hududlar Samarqand tumanlari ekanligi haqida yozib o’tgan.[13] Abdulfaraj ibn Ja’far Qudama al-Basriy esa, Buxorodan Samarqandgacha — 37 farsax ekanligini aytadi.[14]

Dabusiya shahri o‘rta asrlarga oid tarixiy va jug‘rofiy asarlarda ko‘plab marta tilga olingan bo‘lsa-da, ularning barchasidagi ma’lumotlar juda qisqa. Arab jug‘rof olimi al-Yoqubiyning (vafoti  905 yil) yozishicha, Buxorodan Sug‘d viloyatiga janubga borsangiz yettita o‘tish joyi bor.(Bu yettita shahar bo’lsa kerak.) Al-Sug‘d viloyati keng bo‘lib, uning tarkibida katta istehkomlar mavjud, o‘tkazib bo‘lmaydigan shaharlar, shu jumladan Dabusiya, Kushaniya, Kish, va Nasaf.[15] 

     Arab sayyohi Abul Qosim ibn Xauqal o‘z asarida, Buxorodan kelishda, Karmanadan o‘tgandan so‘ng Dabusiya shahriga kelinadi,[16] Dabusiya So‘g‘d daryosidan (Zarafshon) janubda joylashgan va unda katta rustoqlar va qishloqlar yo‘q deya yozgan.[17]

       Mashhur “Buxoro tarixi” asarining muallifi Muhammad ibn Ja’far an-Narshaxiyning  (899-959 yillar) Dabusiya to‘g‘risidagi ma’lumoti ham juda qiziqarli, unda aytilishicha, “Podshohning o‘zi yashagan qishloqning nomi Poykent, Qal’ayi Dabus esa shahar hisoblangan”.[18]

       Umuman olganda, yozma manbalarning birinchi eslatmasi faqat arab yurishlari davriga tegishlidir. Manbalarning barchasida Dabusiyaning to‘laqonli shahar ekanligini doimiy ravishda e’tirof etilganligini ko‘rish mumkin. Shuning uchun bu shahar arablar istilosiga juda erta duchor bo‘lgan va arablar uni qayta mustahkamlab, muhim harbiy istehkom sifatida foydalanganlar. Shu bilan birga, shaharning atrofidagi ko‘plab qal’alar ham qayta mustahkamlangan. Bunday qal’alar qatoriga, Qasr al-Baxili, Dabusiyadan 2 farsah masofada joylashgan, Qasr ar Rih (ya’ni “Shamol qasri”), Dabusiyadan sharq tomonda, So‘g‘d yo‘lidan Arbinjonga borishdagi Kemarjo kal’asini kiritish mumkin, shuningdek at-Tabariy “ad-Dabusiy” nisbasiga ega bo‘lgan bir qancha qo‘mondonlarni keltirib o‘tadi. Masalan, qo‘shinning o‘ng qanotiga qo‘mondonlik qilgan Kusayyir bin ad-Dabusiy.[19] Bundan tashqari Al-Musayyab Qasr al-Bahiliy yaqinidagi jangda yoki Ato ad-Dabusiya 734-yilda daradagi jang qatnashganliklari ham qayd qilingan.[20]

      Xuroson noibi Ashras ibn Abdulloh as-Sulamiy (727-729 yillar)  davlat xazinasini to‘ldirish uchun yangi soliq tizimini joriy etadi. Buning natijasida aholining ommaviy noroziliklari kelib chiqadi. 728 yildagi ma’lumotda Ashrasning So‘g‘dga yurishi davrida yana Dabusiya tilga olinadi. Mana shu paytda So‘g‘d aholisi Ashrasga qarshi katta qo‘zg‘alon ko‘taradilar. Arablar qo‘l ostida faqatgina  Samarqand va Dabusiyagina qoladi.[21]

      Arablar Kemerdja qal’asini 59 kun davom qamal qiladi. Qamaldan so‘ng arablar Dabusiyaga chekinishga muvaffaq bo‘ldilar; aftidan, bu shahar Samarqand bilan bir qatorda So‘g‘d va Buxoro arablar qo‘lida qolgan yagona mustahkamlangan nuqtasi bo‘lgan.[22]

     729 yilda Turk xoqoni So‘g‘da, Farg‘ona va Shosh aholisidan tashkil topgan qo‘shin bilan Nurota tog‘lari yonbag‘rilari orqali So‘g‘dga yurish boshlaydi va Kemarjo qal’asini  qamal qilishda uzoq turib qoladilar. Xavfsizlik kafolatini olgan arablar qal’ani topshirib, Dobusiyaga ketadilar. O‘sha paytda Dobusiyada 10000 lik kuchli qo‘shin turgan va shu vaqtda Dabusiyani Oqil ibn Varrad as – So‘g‘diy boshqargan.[23] Keyingi arab mualliflari ham Dabusiyani hamisha Samarqand So‘g‘didagi shaharlar qatorida tilga olganlar. Abulkarim as – Sam’oniyning ma’lumotga ko‘ra, Dabusiya Samarqand – Buxoro yo‘li ustida joylashgan kichikroq shahar bo‘lib, Ummaviylar hukmronligi davrida unda arablar qo‘shinlari turgan.[24] “Hudud al-Olam”da shahar nomi Dabusi deb berilgan. Istaxri daryodan janubga (Zarafshonni nazarda tutadi) Xuroson yo’lida joylashtiradi.[25] At-Tabariyga ko’ra, turklarning Kursul boshchiligidagi qo‘shini ac- So‘g‘ddagi ad-Dabusiya shahrining yonidagi Kasr al-Boxiliy nomli qal’a yoniga kelib to’xtaydilar.[26]

     Al- Maqdisiy So‘g‘d hududini bir necha qisimlarga ajratadi: Bu viloyatning poytaxti Samarqand shahri. Bu hududdagi eng katta shahar, Samarqandda o‘n ikkita qishloq hududi bor. Ulardan oltitasi janubda joylashgan; Buncikes, Varag‘sar, Maymurg‘, Sencirfagan, Darg‘om va Avfar. Shimoliy hududlar, shu jumladan Yarket shahri; Burnmez, Buzmacen, Kabuzencekes, Vazir va Merzuban. Qishloq hududiga ulangan shaharlarning ayrimlari; Bular Riyuded, Abgar, Ishtixan, Kushoneya, Dabusiya, Karmana, Rabinjon va Katvana.[27]

      Abulkarim as-Sam’oniy va Yoqut al-Hamaviylarning ma’lumotlariga ko‘ra, Dabusiyadan yarim farsax masofada Qandukin qishlog‘i joylashgan (Yokut Kandakin shaklida ham beradi). As-Sam’oniyning yozishicha, Dabusiya atrofida Rag‘in nomli shahar ko‘rinishidagi qishloq joylashgan (Yokut nomi Ragan deb berilgan)[28]. As-Sam’oniy Samarqand So‘g‘dida 7 ta shaharni nomini keltirib o‘tadi. Bu shaharlar -Arbinjan yoki Rabinjan, Dabusiya, Ishtixon, Kabuzandjakas, Kushaniya yoki al-Kushaniya, (Nudjanikas) Xudjand . Shulardan biri Dabusiyadir. Dabusiya  yoki ad-Dabusiya — So‘g‘ddagi shahar (bulayda) va tuman (naxiya), Buxoro va Samarqand o‘rtasidagi shahar bulib, uni Qutayba ibn Muslim bosib olgan.[29] 93/711-12 yillarda. Arab garnizoni ad-Dabusiya qalasida joylashgan edi. X asr arab geograflari uni So‘g‘d daryosining janubida, Xuroson yo‘lida, Arbinjondan bir qisqa yurish (marhal) uzoqlikda joylashtiradilar. Hajmi jihatidan Arbinjondan kichikroq, rustaklari va qishloqlari kam bo‘lgan. Ibn Xordodbehning yozishicha, shahar Samarqanddan 17 farsax, Buxorodan 24 farsax uzoqlikda joylashgan. Ad-Dabusiya yaqinida Butanin yoki Butaytin, Ragin va Kandukin qishloqlari bor ekanligi to’g‘risida ma’lumotni yozib qoldirgan.[30] Yuqorida keltirilgan masofalarni an-Nasafiy ham tasdiqlab o‘tgan.[31] Ushbu qishloqlarni ad-Dabusiyadan qancha uzoqlik masofada joylashganligini keltirib o’tgan:

 


[1] Муҳаммад Ғиёсиддин Душанбе 1988. Ғиёс ул луғат. 327.- Б.

[2] «Фарҳанги забони точики» «Тожик тили луғати» (10-асрдан 20-аср бошларигача) «совет энциклопедияси» М о с к в а— 1969 й. C 309.

[3] Исмат Санаев Зиёвуддин тарихи .Тошкент.”Фан”. 1995. 236 - Б

[4] Aс Самъоний. Китаб ал – ансаб. Важный источник по истории и истории культуры Средней Азии \ Шамсиддин Камолиддин. LAP LAMBERT Academic Publishing RU, 2018 . С 190

[5] Бобур, 1993, 103-бет. (Бобурнома,Т.2008. 80- Б ).

[6]Абу Бакр Муҳаммад ибн Жаъфар ан-Наршахий. Бухоро тарихи. Тошкент. 1991.

[7]Зимин Л. Кала-и-Добуся. Протоколы заседаний и сообщения членов Туркестанского кружка любителей археологии. Ташкент, 1917.

[8] Ибн Хурдодбек, “ Китоб ал-масолиқ ва –л –мамолиқ”. Масква. 1967, С 265 ) (И. Санаев Зиёвуддин тарихи .Тошкент.”Фан”. 1995. 234-Б.

[9] Э . В . Р т в е л а д з е ИСТОРИЧЕСКОЕ ПРОШЛОЕ УЗБЕКИСТАНА Издание 2-е, дополненное Издательство ≪San'at Jurnali≫Ташкент – 2009.  С 69.

[10] Ўзбек Давлатчилиги тарихи. Мил.авв II минг йиллик иккинчи ярми-мил. III аср. I Жилд. Тошкент “Академнашр” 2021 й. 142-Б

[11] М. Х. Исамиддинов. Истоки городиской кулътуры Самаркандского Согда. Т. 2002. С 215.

[12] М. Х. Исамиддинов. Истоки городиской кулътуры Самаркандского Согда. Т. 2002. С 216

[13] Ибн Ҳордодбеҳ  “Книга путей стран “.Баку. “ Элм” 1986 г.С 64.

[14] Ибн Ҳордодбеҳ  “Книга путей и стран “.Баку. “ Элм” 1986 г.С 176.

[15] Ал-Ёкубий, 2011. C 61 ) --- ” (Гоибов Г. Ранние походы арабов В Среднюю Азию (644-704 гг.).  Душанбе, 1989. – С. 35.

[16] Бетгер Е.К. Извлечение из книги «Пути и страны» Абул Касыма Ибн Хаукаля // Труды Среднеазиатского государственного университета. Вып. СXI.Ташкент, 1957.

[17] Бетгер Е.К. Извлечения из книги «Пути и страны» Абул-л-Касыма ибн Хаукаля. // Труды САГУ. Археология Средней Азии. Ташкент, 1957. – С. 27.

[18] Наршахи Мухаммад. История Бухары. // Материалы по истории СССР. М., 1985. – С. 158. Наршахи Мухаммад. История Бухары. Перевод с персидского Н. Лыкошина. Под реакцией В.В. Бартольда. Ташкент, 1897. – С. 12.

[19] Ат-Табарий. История Ат-Табарий .Избранные отрыки / Пер . с араб. В.И.Беляева. Дополнения к переводу О.Г. Большакова и А.Б.Халидомирова. – Ташкент,1987. С 179.

 

[20] Ат-Табарий. История Ат-Табарий .Избранные отрыки / Пер . с араб. В.И.Беляева. Дополнения к переводу О.Г. Большакова и А.Б.Халидомирова. – Ташкент,1987. С 186, 229, 233, 235.

[21] Белазури Завоевание Хорасана (Извлечение из сочинения «Футух ал-булдин»). Перевод с арабского и комментарии Гаибова Г. Душанбе, 1987. – С. 93, примечание 279 . (Белазури, 1987, С 93, 249-маълумот; Бартолд, 1963, С 247).

[22] Бартольд, том 5. 1963 .C 307,308.

[23] Ат-Табарий. История Ат-Табарий .Избранные отрыки / Пер . с араб. В.И.Беляева. Дополнения к переводу О.Г. Большакова и А.Б.Халидомирова. – Ташкент,1987. С  216-217.

[24] Камалиддинов Ш.С. «Китаб ал-Ансаб» Абу Са'да Абдалкарима ибн Мухаммада ас-Сам'ани как источник по истории и истории культуры Средней Азии. Ташкент, изд-во ФАН, 1993. – С. 87.

[25] Камалиддинов Ш.С. «Китаб ал-Ансаб» Абу Са'да Абдалкарима ибн Мухаммада ас-Сам'ани как источник по истории и истории культуры Средней Азии. Ташкент, изд-во ФАН, 1993. – С. 88.

[26] Абу-л-ъаббос Аҳмад Ибн Йаҳйо Ал-Балозурий Футуҳ Ал-БулдонХуросоннинг Фатҳ Этилиши . Ш.С. Камолиддин. Тошкент  2017. 324 - Б

[27] Мақдиси. Истанбул.  туркча  2018. 230 - Б .

[28] Камалиддинов Ш.С. «Китаб ал-Ансаб» Абу Са'да Абдалкарима ибн Мухаммада ас-Сам'ани.... С. 88

[29] Aс Самъоний. Китаб ал – ансаб. Важный источник по истории и истории культуры Средней Азии \ Шамсиддин Камолиддин. LAP LAMBERT Academic Publishing RU, 2018 . С 187

[30] Aс Самъоний. Китаб ал – ансаб. Важный источник по истории и истории культуры Средней Азии \ Шамсиддин Камолиддин. LAP LAMBERT Academic Publishing RU, 2018 . С 188

 

[31] Шамсиддин Камолиддин "ал-Канд фи змкр 'уламо' Самарқанд" Абу Ҳафса ан-Насафий, 2014. C 72.

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM