Brifing: “Ma’rifiy islohotlar va barkamol inson tarbiyasi”

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Assalomu alaykum!

Bugungi brifingimiz mavzusi “Ma’rifiy islohotlar va barkamol inson tarbiyasi”

Kelgusida bu yo‘nalishda biz qanday yo‘l tutishimiz, nimalarga e’tibor qaratishimiz lozimligi yoki nimalardan chekinishimiz zarurligi haqida Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Taraqqiyot strategiyasining 5-yo‘nalishida qanday fikrlar bayon qilingan?

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, barqarorlik va xalqlarning mustahkam rivojlanishiga rahna soladigan turli yangi xavflar paydo bo‘layotgan bugungi kunda ma’naviyat va ma’rifatga, aholi barcha qatlamlarining axloqiy tarbiyasiga e’tibor qaratish har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Negaki, mamlakatimizdagi mavjud uzluksiz ta’lim tizimi aholimizning beshdan bir qismini qamrab olgan. Ushbu tizim qamrab olgan bolalar va o‘smirlardan tashqari, aholining katta qismi orasida ma’naviy-ma’rifiy tarbiya ishlarining tizimli yo‘lga qo‘yilishi va bu borada yuksak samaradorlikka erishish o‘tkir zaruratga aylanmoqda.

Aynan ta’lim-tarbiya va ma’rifat – jamiyat barqarorligining asosiy omillaridan hisoblanadi, insonlarni ezgulikka da’vat etadi, saxovatli, sabr-qanoatli bo‘lishga undaydi.

Barkamol inson tarbiyasida “Tarbiyada tanaffus bo‘lmaydi”, degan chuqur g‘oya bilan joylarda ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etishda bog‘cha, maktab, oliy ta’lim, mahalla tizimi bilan birgalikda yagona tizimni yaratish, unda har bir mas’ul idoraning vazifasi va birgalikda amalga oshiradigan chora-tadbirlarini aniq belgilab qo‘yish zarur.

Ma’naviy targ‘ibot ishlarini har bir mahallada, ta’bir joiz bo‘lsa, “mahallabay” usulida tashkil etmas ekanmiz, bu borada aniq natija bo‘lmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatmoqda. Bunda har bir mahallaning o‘ziga xos xususiyatlarini hisobga olib, amalga oshiradigan ishlarimizni aniq belgilab, jamoatchilik bilan birgalikda ish olib borishimiz kerak.

Bu borada, ayniqsa, “Bir ziyoli – bir mahallaga ma’naviy homiy” tamoyili asosida har bir mahallaga professor-o‘qituvchilar va taniqli ziyolilarni jalb etilayotgani, ularni bu ishga mas’uliyat bilan yondashishiga erishish muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman. Biz “Har bir nuroniy – besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili bo‘yicha oqsoqollarimizni, kayvoni onaxonlarimizni – tarbiyasi og‘ir, ma’naviy ko‘makka muhtoj, uyushmagan yoshlarga biriktirib qo‘yishga qaratilgan ibratli tashabbusni qo‘llab-quvvatlashni davom ettiramiz.

Albatta, katta tajribaga ega bo‘lgan nuroniylarimiz o‘zlarining hayotiy o‘gitlari bilan yoshlarimizga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatsa, buning foydasi katta bo‘ladi. Ana shu ishlarni amalga oshirish uchun “Ma’naviy-axloqiy tarbiya dasturi”da ta’lim tizimi, mahalla, nuroniy, xotin-qizlar, yoshlar hamda boshqa davlat va jamoat tashkilotlarining vazifasi aniq belgilab qo‘yilayotgani kutilgan natijani beradi.

Xalqimiz, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida kitobxonlik darajasini oshirish borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz zarur.

Yoshlarimizga zamonaviy ta’lim-tarbiya bilan birgalikda, qon-qonimizga singgan muqaddas dinimizning insonparvarlik mohiyatini to‘g‘ri tushuntirib berishimiz, ularni ezgu g‘oyalar ruhida tarbiyalash haqida jiddiy o‘ylashimiz lozim.

Dunyoga Buxoriylar, Beruniylar, Termiziylar, Moturidiylar, Xorazmiylardek buyuk alloma va aziz avliyolarni bergan jonajon Vatanimiz yoshlari ulug‘ ajdodlariga munosib bo‘lib ulg‘ayishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berishimiz zarur.

Navbatdagi dolzarb vazifa – joylarda, xususan, mahallalarda, xotin-qizlar o‘rtasida olib borilayotgan ma’rifiy-tarbiyaviy ishlar samaradorligini kuchaytirish bilan bog‘liq.

Shu ma’noda, necha yuz yillik tarix va madaniyatimiz, milliy o‘zligimizning ajralmas qismiga aylanib ketgan muqaddas dinimizni asrash, ajdodlarimizning bebaho ma’naviy-ma’rifiy merosini o‘rganish va targ‘ib etish biz uchun doimiy kun tartibida turadigan muhim masala bo‘lib qolmoqda.

Buning uchun, jamiyatimizni ma’naviy tahdidlardan himoya qilish borasidagi ilmiy-amaliy tadqiqotlarni, tahliliy va targ‘ibot materiallarini tayyorlash usulini, ularning metodologik asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqishimiz zarur. Muxtasar aytganda, biz butun jamiyatdagi ma’rifat tizimini, ta’lim muassasalarini chinakam ma’naviyat madaniyat o‘chog‘iga, barkamol avlodni tarbiyalash maskaniga aylantirish uchun barcha kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

 

A.Gʻapporov

Paxtachi tumani hokimining ma’naviy-ma’rifiy
ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi
qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari
bo‘yicha maslahatchisi

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM