Paxtachi tuman hokimining 14 yanvar vatan himoyachilari kuniga tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, hurmatli qadrli ofitser va Qurolli Kuchlarimiz faxriylari! Aziz tumandoshlar!

 Avvalo, barchangizni O‘zbekistonimiz hayotidagi qutlug‘ sana – "Vatan himoyachilari kuni" va Qurolli Kuchlarimiz tashkil etilganligining 32 yilligi bayrami bilan samimiy tabriklashga ruxsat bergaysizlar!

Dunyoda sharafli kasblar ko‘p, ular orasida eng sharaflisi o‘z ona Vatani va xalqining tinchligi uchun xizmat qilishdir.

Ushbu qutlug‘ ayyom tom ma’nodagi umumxalq bayramiga, azaldan xalqimizga xos bo‘lgan vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib borayotgani barchamizni quvontiradi.

Ta’kidlash kerakki, milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va oliyjanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz.

Ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida milliy armiyamizning qiyofasi va salohiyati tubdan o‘zgardi.

Bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari mamlakatimiz xavfsizligi va barqarorligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashga qodir bo‘lgan, harakatchan va puxta qurollangan qudratli kuchga aylanmoqda.

 

Dunyoda yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda Vatanimiz mustaqilligi va suverenitetini, uning hududiy yaxlitligini ta’minlash, eng qimmatli boyligimiz – jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va totuvlikni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini barchamiz albatta chuqur anglaymiz.

Aynan shuning uchun ham muhtaram Prezidentimiz tomonidan belgilab berilgan 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston Taraqqiyot strategiyasida yurtimiz mudofaa salohiyatini yanada mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimiz rivojlantirilishi ustuvor yo‘nalishlardan biri etib belgilandi.

Ushbu strategiya asosida Qurolli Kuchlarning tezkor boshqaruvini amalga oshirish, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnikalar bilan ta’minlash hamda harbiy xizmatchilarning axloqiy-ruhiy tayyorgarligi va jangovar ruhini oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlarni ko‘zda tutadigan qarorlar qabul qilindi.

Ayni vaqtda azmu shijoatli askarlarimiz xalqaro maydonlarda o‘tkazilayotgan ko‘plab nufuzli harbiy musobaqalarda ham faxrli o‘rinlarni egallab kelmoqda.

Yoshlarimizni harbiy-vatanparvarlik, yuksak ma’naviy-axloqiy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Biz, bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o‘zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o‘g‘lonlari bilan har qancha faxrlansak ham kam.

Aziz tumandoshlar!

Bugungi kunda milliy armiyamiz ming-minglab o‘g‘lonlarimiz uchun chinakam mardlik, fidoyilik, haqiqiy vatanparvarlik maktabiga aylangani, hech shubhasiz, shu yo‘lda erishgan eng katta yutug‘imizdir. Bu haqiqatni barcha ota-onalar, butun xalqimiz g‘urur bilan, minnatdorchilik bilan e’tirof etmoqda.

Hozirgi kunda onalar o‘z farzandlarini armiyaga ko‘zda yosh, yurakda xavotir bilan emas, balki mening o‘g‘lim haqiqiy Vatan himoyachisi bo‘ladi, deb, yuksak ishonch va faxr tuyg‘usi bilan kuzatmoqda.

Fursatdan foydalanib, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilayotgan qo‘rqmas va haqiqiy vatanparvar askar va ofitserlarimizning ota-onalariga, shuningdek, harbiy hayotning butun quvonch va tashvishlarini turmush o‘rtoqlari bilan baham ko‘rib kelayotgan mehribon va sabr toqatli rafiqalariga ulkan minnatdorligimizni bildiramiz.

Bugungi ulug‘ ayyomda, sizlarning ham Vatanimizning mudofaa qudratini oshirishda munosib hissangiz borligini yana bir bor katta mamnuniyat bilan e’tirof etamiz.

Aziz tumandoshlar!

Sizlarni, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 32 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan yana bir bor chin yurakdan tabriklayman.

Barchangizga mustahkam sog‘liq, oilaviy baxt va saodat, sharafli va mas’uliyatli faoliyatingizda ulkan zafarlar tilayman.

 

E’tiboringiz uchun rahmat!

 

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM