Tuman tarixi

 

TUMAN HAQIDA UMUMIY MA’LUMOT

1935 yil 9 fevralda Paxtakor, 1973 yil 12 aprelda Paxtachi nomi bilan tashkil etilgan.

Paxtachi - paxta yetishtirish bilan shug’ullanuvchi ma’nosini anglatadi.

Markazi – Ziyovuddin shaharchasi.

Umumiy maydoni – 1,38 ming km2.

Tuman haqida batafsil

Zarafshon vodiysi – jannatmakon diyor. Vodiyning o’rta qismida joylashgan Ziyovuddin vohasi ko’rkam, so’lim maskanlardan hisoblanadi.

Ziyovuddin vohasi uzoq o’tmishga ega. Voha 2 ming uch yuz yildan ko’p vaqt jarayonida Dabusqal’a nomi bilan mashhur bo’lgan, 100 yillar davomida Ziyovuddin deb yuritilgan. Keyingi yillar ichida goh Narpay, goh Paxtakor, yana Narpay nomi bilan atalgan.

1926 yilda Narpay tumani tashkil etilgandan keyin markaz Mir qishlog’iga ko’chirilgan. O’shandan boshlab Ziyovuddin markaz emas, oddiy shahar bo’lib qolgan.

Voha hududidagi Toshko’prik qishlog’idan o’tgan temir yo’l stansiyasi Ziyovuddin nomi bilan yuritilgan. Ana shu tariqa aholisi ko’chib ketgan Ziyovuddin – Dabusqal’a – Ziyovuddin shahri xarobaga aylangan.

1973 yilda Paxtachi tumani tashkil etilgandan buyon vohaning sharqiy qismi Narpay, g’arbiy qismi Paxtachi deb yuritilmoqda.

Go’zallarning haridori ko’p bo’lganidek Ziyovuddin vohasi goh Samarqand, goh Buxoro ixtiyorida bo’ldi.

Olis-olislardan nazar solsangiz voha o’ng qo’lini uzatib Zirabuloq tizma tog’larini bunyod etgan, chap qo’lini uzatib Ziyovuddin tizma tog’larini yaratgan, oyoqlarini Zarafshon sohiliga qo’yib, bag’rida so’lim go’sha bunyod etgan; Narpayni beliga oltin kamar qilib bog’lab, yelkasiga Qarnab cho’llarini olgan go’zal va nuroniy siymoga o’xshaydi. Vohaning bag’rida qadimgi tosh asrining o’rta paleolit muste davriga mansub Qo’tirbuloq, Zirabuloq makonlari joylashgan. Bu qadimiy yodgorliklardan topilgan tosh qurollar, hayvonlarning suyaklari Ziyovuddin vohasining 100 ming yoshdan oshganligini isbotlaydi.

Vohaning odamlari qadimdan mehnatkash bo’lgan, dehqonchilik va chorvachilik bilan shug’ullangan, hunarmandlari ko’p bo’lgan.

Voha qadimdan Nahripay kanali orqali sug’oriladi, uning 370 dan ortiq shaxobchalari mavjud.

Dabus qadim-qadimdan tuman, viloyat markazi bo’lgan. Inqilob to’ntarilishidan keyingina markaz vazifasini o’tamagan. 1935 yilning 9 fevralida Paxtakor tumani tashkil etilgan, Ziyovuddin temir yo’l stansiyasi joylashgan manzil markazi qilib belgilangan.

1963 yilda Paxtakor tumani Narpay tumani tarkibiga qo’shilgan. 1973 yil 12 aprelda Paxtachi tumani nomi bilan yana Narpay tumanidan ajralib chiqqan.

Tuman markazi – Ziyovuddin shaharchasi.

Paxtachi tumani shimoldan Хatirchi tumani, g’arbdan Navoiy viloyati, sharqdan Narpay va Nurobod tumanlari, janubdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh.

Tumanning umumiy maydoni 1375,8. km2.

Aholisi 150 ming 500 kishi (2023-yil 1-yanvar holatiga). Tumanda 59 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari mavjud. (2013 yil 1-yanvar holatida Aholisi 146773 kishi Tumanda 8 ta qishloq fuqarolar yig’ini (Do’stobod, Sultonobod, Хayrobod, Misit, Quyibog’, Хumor, Po’latchi, Qarnob) va bitta shaharcha (Ziyovuddin), 65 ta mahalla fuqarolar yig’inlari mavjud bo'lgan)

Tabiati: hududi Zarafshon vodiysining o’rta qismida, viloyatning g’arbiy tomonida joylashgan bo’lib, Zarafshon tog’ tizmasining davomi bo’lgan Zirabuloq va Ziyovuddin tog’lari tuman hududini ikki qismga: janubiy qismga – sug’orilmaydigan keng Qarnob cho’liga va shimoliy qismga – sug’oriladigan Zarafshon daryosining chap sohili tekisligiga ajratib turadi.

Tuman hududining shimoliy qismidan (sharqdan g’arbga tomon Zarafshon daryosi oqib o’tadi. Uning o’zani tuman maydonidan ancha past bo’lganligi sababli daryo suvidan sug’orishda kam foydalaniladi. Ekinlar, asosan, Narpay kanali orqali sug’oriladi. Tumanning janubidan dasht qismidan esa kanal suvi nasoslar yordamida yuqoriga ko’tariladi. Qishloqlarda buloq suvlaridan ham foydalaniladi.

Iqlimi keskin kontinental, yozda harorat 42-45 darajaga yetadi, iyul oyining o’rtacha harorati 28 daraja. Yanvar oyining o’rtacha harorati 1 daraja, ayrim kunlari sovuq 30 darajaga yetadi. Yillik yog’in miqdori 230-250 millimetr.

Tuproq asosan, bo’z tuproq bo’lib, ayrim xo’jaliklar hududida sho’rxoq, qumloq yoki gilli bo’z tuproqlar uchraydi. Zarafshon daryosi qayirida yer osti suvlari yuzada bo’lgani uchun katta-katta maydonlarda allyuvial jinslar ustida botqoq-o’tloq tuproqlar paydo bo’lgan.

Yovvoyi hayvonlardan to’qaylarda, Ziyovuddin va Zirabuloq tog’larida tolay tovushqoni, jayra, jayran, yovvoyi cho’chqa, tulki, chiyabo’ri, yumronqoziq, dala sichqoni, tipratikan, toshbaqa, kalamush, ondatra va boshqalar mavjud. Qushlardan burgut, qirg’ovul, o’tkinchi yovvoyi o’rdaklar, ko’kqo’ton, laylak, to’qay chumchuqlari, chittak, mayna, bedana, jarqaldirg’och, ko’kqarg’a, kaptar, zag’izg’on, musicha, boyo’g’li, so’fito’rg’ay, kaklik, chumchuq kabilar ko’p.

Sudraluvchilardan kaltakesak, ilonlar uchraydi. Suv havzalarida har turli baliq (laqqa, zog’ora kabi)lar yashaydi. Shuningdek, chayon, qo’ng’iz, ninachi, ko’rshapalak, chumoli, qumursqalar bor.

Yovvoyi o’simliklardan Qarnob cho’lida saksovul, efemeroidlar uchraydi. Shuningdek, sho’ra, qiyoq, qo’ng’irbosh, sariq gulli beda, chayir, isiriq, lolaqizg’aldoq, tuyaqorin, shuvoq, yantoq, qamish ko’p.

Aholisi: tumanda, asosan o’zbeklar, shuningdek rus, tatar, qozoq va boshqa (tojik, eroni, koreys,  turkman,  qirg’iz, ukrain) millat vakillari istiqomat qiladi.

Хo’jaligi: tumanda tosh-shag’al, g’isht, sut, paxta tozalash zavodlari mavjud.

Tumanda 645 dehqon fermer xo’jaliklari bor.

Paxtachi tumanda 47 ta umumiy ta’lim maktabi (26 068 o‘quvchi), 1 ta texnikum 2 ta kasb-hunar maktabi va 1 ta kollejlar (2 308 talaba), 3 kutubxona, 4 madaniyat markazi, 6 stadion, 262 sport maydonchalari mavjud.

Paxtachi tuman tibbiyot birlashma tizimidagi 1 ta markaziy shifoxona va boshqa musasalarda jami 171 vrach, 949 o‘rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman aholisiga 1 ta KTMP,   5 ta OP va 11 ta OShP xizmat ko‘rsatadi. (2013 yil ma'lumotiga ko'ra, Tumanda 47 ta umumiy ta’lim maktabi (19260 o’quvchi), 6 kasb-hunar kolleji (8325 talaba),  54 kutubxona, 22 madaniyat uyi, 6 stadion, 249 sport maydonchalari mavjud. 3 kasalxonada 174 vrach, 686 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. Tuman aholisiga 23 qishloq vrachlik punktlari, 2 poliklinika, 19 dorixona xizmat ko’rsatgan bo'lgan.)

Tuman qishloq xo’jaligi paxtachilik, chorvachilik, pillachilik, sabzavotchilik, don yetishtirishga ixtisoslashgan.

Paxtachiliklar shuhrati respublika bo’ylab keng yoyilgan o’z tumanlari bilan haqli ravishda faxrlanadilar. Chunki o’zi tug’ilib o’sgan yurtni kishi qancha sevsa, qancha e’zozlasa arziydi.

PAХTACHIM

O’zbekiston bag’rida eng tanti o’g’lon Paxtachim,

El aro obro’ topar, dovrug’i doston Paxtachim,

Zafaring olqishlayin g’olibu dehqon, Paxtachim,

Mustaqil respublikam boshingda posbon Paxtachim,

Istagim: har jabhada quchgil sharaf-shon, Paxtachim.

Dilorom ipaklaring, ko’z solsa quyosh tolgusi,

Jonajon qishloqlaring har dilga ilhom solgusi,

Ziyovuddin choyining bir qultumi jon olgusi,

Nahripay boshinga zar sochguvchi ummon, Paxtachim,

Poyingga to’shin urib oqqay Zarafshon, Paxtachim.

To’marisdek qizlaring tosh uzra gul undirdilar.

Sattorqullar paxtadin tog’larni bunyod qildilar,

Alp Safar Ergashlaring texnika tilin bildilar,

Qahramonlar maskani ham mardu maydon, Paxtachim,

Poygada doim g’olib, sovrinli polvon, Paxtachim.

Sayribog’ etgan qoyil ertaknamo Хumoringa,

Balli der, chin qahramon Shamsi Nazar – me’moringa,

Ofarin Sayfi Farmon ham Shomurod Qahhoring,

Хirmonlar osmono’par, omborlari don Paxtachim,

Ahdiga doim sodiq, mashhuri jahon Paxtachim.

Bag’rida oltin to’la Qizbuvi tizma tog’larin,

Mevasi qandu asal Sultonobodning bog’larin,

Maqtasa arziydi, Ismat, Хayrobod chorbog’larin,

Zebosan hech tengi yo’q, bamisli jonon, Paxtachim,

Sha’ninga she’rlar yozib, bo’ldim g’azalxon, Paxtachim.


        Foydalanilgan adabiyotlar:

1. O’zME. 7- tom. O’zbekiston Milliy Ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, – Toshkent: 2004, 25 – 26 b.

2. Ismat Sanayev. Ziyovuddin tarixi. Sharq nashriyot-matbaa konsernining bosh tahririyati, – Toshkent: 1995, 348 b.

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM