“Tabiat uyg'unligi himoyachisi”, “Eng toza mahalla” tanlovlari g'oliblariga beriladigan imtiyozlar, yo'llarda ekologik huquqbuzarliklar, elektr to'lovida yangiliklar . . .

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Chiqindi pulini to'lamaganlarning elektr uchun to'lovlarini qabul qilish vaqtincha to'xtatiladi

“Chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va ularning ekologik vaziyatga salbiy ta'sirini kamaytirish bo'yicha chora-tadbirlar to'g'risida”gi Prezident Farmoni (PF–5-son, 04.01.2024-y.) qabul qilindi

 Farmon bilan avtomobil yo'llarida yo'l harakati qoidalari buzilganligini foto va video qayd etish vositalarini o'rnatgan tadbirkorlarga ekologik huquqbuzarliklarni ham qayd etish va Davlat ekologik nazorat inspeksiyasiga xabar berish huquqi berildi.

Bunda tadbirkor jarima sifatida undirilgan mablag'ning 20 foizi miqdorida pul bilan rag'batlantiriladi. 

 Har yili eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqatli xizmat ko'rsatgan sanitar tozalash korxonalari xodimlari uchun “Tabiat uyg'unligi himoyachisi” tanlovi o'tkaziladi.

 Mazkur xodimlardan 100 nafarining davlat OTMga to'lov-kontrakt asosida o'qishga kirgan farzandlari yoki nevaralariga kontraktining to'liq summasi to'lab beriladi. 

 Har yili “Eng toza mahalla” tanlovi o'tkazilib, tanlovda g'olib bo'lgan 14 ta mahallaga chiqindi yig'ish maydonchasi qurish, chiqindi konteynerlarini o'rnatish va daraxt ekish uchun jami 500 million so'm pul hamda xizmatda foydalanish uchun 1 tadan elektromobil beriladi.

 2024-yil 1-apreldan:

ko'chmas mulk hamda avtotransportlar bilan bog'liq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notarial harakat amalga oshiriladi;

barcha sanitar tozalash korxonalari Yagona elektron tizim orqali xizmat ko'rsatadi, tizimga ulanmagan korxonalar bilan shartnoma bekor qilinadi va ular xizmat ko'rsatadigan hududlar davlat-xususiy sheriklik asosida boshqa korxonaga beriladi.

Chiqindi xizmatlari uchun to'lovlarni qabul qilish hamda abonentlar hisobini yuritish faqatgina Sanitar tozalash ishlarini tashkil etish respublika markazi billing tizimi, elektron to'lov tizimlari yoki tijorat banklarining to'lov qabul qilish kassalari orqali amalga oshiriladi.

 Shuningdek, chiqindi xizmatlari uchun oylik to'lovlardan qarzdorligi bo'lgan abonentlar SMS orqali xabardor qilib boriladi.

 Qarzdorlik bo'yicha ogohlantirilgandan keyin to'lov qilmagan shaxslarning elektr uchun to'lovlarini qabul qilishni vaqtinchalik cheklash amaliyoti quyidagi bosqichlarda joriy etiladi:

1-bosqichda – Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyat markazlarida 2024-yil 1-iyundan – 6 oylik qarzdorlik uchun;

2-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2024-yil 1- noyabrdan – 3 oylik qarzdorlik uchun;

3-bosqichda – respublikaning barcha hududlarida 2025-yil 1- yanvardan – 1 oylik qarzdorlik uchun.

2024-yil 1-iyundan maishiy chiqindilar tarkibidagi ikkilamchi xomashyoni realizatsiya qilish faqat birja orqali amalga oshiriladi (aholi mustaqil saralagan chiqindilar bundan mustasno).

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM