Xodimning “ixtiyoriy” arizasi bilan ishdan bo‘shatish qonuniymi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Hozirgi kunda davlat organlari va tashkilotlarda xodimlarning o‘z arizasiga asosan ishdan bo‘shatish holatlari ko‘p uchramoqda. Bunga sabab esa xodim bilan mehnat shartnomasini bekor qilishning mazkur yo‘li ish beruvchi uchun ancha qulayligidir. Xo‘sh, Mehnat qonunchiligi bu haqda nima deydi?

Xodimning o‘z arizasi orqali ishdan bo‘shashi mehnat qonunchiligida xodimning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish hisoblanadi hamda O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 160-moddasi bilan tartibga solinadi.  Kodeksning mazkur moddasiga ko‘ra xodim nomuayyan muddatga tuzilgan mehnat shartnomasini, shuningdek muddati tugaguniga qadar muddatli mehnat shartnomasini o‘n to‘rt kalendar kun oldin bu haqda ish beruvchini yozma shaklda ogohlantirgan holda bekor qilishga haqli. Faqatgina xodimlarning ayrim toifalari uchun Mehnat kodeksida alohida holatlar belgilangan. Ogohlantirish muddatining o‘tishi ish beruvchi tomonidan xodimning mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi arizasi olinganidan so‘ng keyingi kunda boshlanadi.

Shuningdek, xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra mehnat shartnomasi ogohlantirish muddati tugashiga qadar bekor qilinishi mumkin. Umumiy asoslarga muvofiq belgilangan yoki taraflarning kelishuviga ko‘ra belgilangan ogohlantirish muddati davomida, shu jumladan ogohlantirish muddati so‘nggi kuni ish vaqti tugaguniga qadar xodim o‘zi bergan arizani chaqirib olishga haqlidir. Agar ogohlantirish muddati tugagandan keyin xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilinmagan va yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlar davom etayotgan bo‘lsa, mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish haqidagi ariza o‘z kuchini yo‘qotadi, mehnat shartnomasini ushbu arizaga muvofiq bekor qilishga esa yo‘l qo‘yilmaydi.

Mehnat shartnomasini xodimning tashabbusiga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ariza u o‘z ishini davom ettirishi mumkin emasligi (ta’lim tashkilotiga qabul qilinganligi, pensiyaga chiqqanligi, saylab qo‘yiladigan lavozimga saylanganligi va boshqa hollarda) bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda ish beruvchi mehnat shartnomasini xodim iltimos qilayotgan muddatda bekor qilishi kerak.

Yuqoridagi asoslardan kelib chiqqan holda shuni aytish mumkinki, ishdan bo‘shash to‘g‘risidagi ariza faqatgina xodimning xohishi bilan yozilishi mumkin, ish beruvchi tomonidan ariza yozishga majburlash esa noqonuniy hisoblanadi. Bunday hollarda xodimlar mehnatni muhofazaa qiluvchi organlar yoki sudga murojaat qilishlari lozim.

 

Paxtachi tuman adliya bo‘limi

YXKM boshlig‘i:                                                        A.Raxmatullayev

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM