Xodimni ta’tildan chaqirib olish mumkinmi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Har yilgi mehnat ta’tili tushunchasi mehnat munosabatlarida alohida kafolat sifatida muhim o‘rin egallaydi. Har yilgi mehnat ta’tili dam olish va ishlash qobiliyatini tiklash uchun ish o‘rni (lavozimi) hamda o‘rtacha ish haqi saqlab qolingan holda xodim ishdan ozod etiladigan, xodimga har yili ish yili davomida beriladigan vaqt davridir. Barcha xodimlar, shu jumladan o‘rindoshlik asosida ishlaydigan xodimlar ham har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish huquqiga ega.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga ko‘ra Respublikamizdagi eng kam mehnat ta’tilining davomiyligi yigirma bir kalendar kunni tashkil etadi. Bu degani xodimlarga beriladigan har yilgi mehnat ta’tili yigirma bir kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak. Hozirgi kunda davlat organi va tashkilotlarda ish hajmining ortib ketayotganligi natijasida ba’zi hollarda ta’tilda bo‘lib turgan xodimga nisbatan ham ehtiyoj tug‘ilishi mumkin. Xo‘sh, bunday hollarda xodimlarni mehnat ta’tilidan chaqirib olishga yo‘l qo‘yiladimi? Mehnat qonunchiligi bu borada nima deydi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 232-moddasida xodimni har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olish tartibi belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tilidan chaqirib olishga ta’tilning istalgan vaqtida faqat xodimning roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi. Xo‘sh, ushbu holatda xodim foydalanmay qolgan ta’til kunlaridan qay tartibda foydalanadi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 232-moddasida xodim ta’tildan chaqirilishi munosabati bilan ta’tilning foydalanilmay qolgan qismi xodimga mazkur ish yili davomida boshqa vaqtda berilishi yoki keying ish yiliga ko‘chirilishi mumkin. Kodeksning 231-moddasida xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra har yilgi mehnat ta’tili qismlarga bo‘linishi mumkin. Bunda ushbu ta’tilning hech bo‘lmaganda bir qismi o‘n to‘rt kalendar kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, Kodeksning 230-moddasida har yilgi mehnat ta’tili har yili, ushbu ta’til berilayotgan ish yili tugaguniga qadar berilishi kerakligi belgilangan. Ishlab chiqarish xususiyatiga ega sabablarga ko‘ra joriy yilda har yilgi mehnat ta’tilini to‘liq berish imkoni bo‘lmagan alohida hollarda xodimning roziligi bilan ta’tilning o‘n to‘rt kalendar kundan ortiq bo‘lgan qismi keyingi ish yiliga ko‘chirilishi mumkin bo‘lib, ushbu yil davomida undan foydalanilishi shart. Demak, xodimning foydalanilmagan ta’til kunlarini keyingi ish yiliga ko‘chirish uchun mazkur ta’til kunlari kamida o‘n to‘rt kalendar kundan ortiq bo‘lishi lozim.

Bundan tashqari, xodim ta’tildan chaqirilishi munosabati bilan ta’tilning foydalanilmagan qismi pullik kompensatsiyaga almashtirilishi mumkin. Bunda ta’tilning foydalanilgan qismi 21 kalendar kunidan kam bo‘lmasligi kerak.

 

Paxtachi tuman adliya bo‘limi

 YXKM bosh yuriskonsulti:                                 Z.Quvonchbekov

 

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM