insurez
10-12-2024 11:31

To’qsonbosti usulida ekinlar ekish bo’yicha tavsiyalar


Mamlakatimiz aholisini ertagi sabzavot mahsulotlariga bo’lgan talabini to’liq qondirish maqsadida, hosildan bo’shagan maydonlarga sovuqqa chidamli ekinlardan – sabzi, piyoz, osh lavlagi, ko’katlardan – kashnich, petrushka, selderey, salat kabilarni to’qsonbosti muddatida ekib, yetishtirish muhim ahamiyatga ega.

Buning uchun kuzda asosiy ekinlardan bo’shagan maydonlarni sifatli haydab, sovuqqa chidamli ekinlarni ekish zarur. Chunki erta bahorda yog’ingarchilik hisobiga yerning yetilishi, ayniqsa, o’tloqi yerlarda qiyin bo’lib, ertagi ekinlarni ekish muddatlari cho’zilib ketishi mumkin. Shuningdek, to’qsonbosti usulida ekilgan sabzavot urug’lari ko’klamda yerdan juda barvaqt unib

Tekislangan maydonlarga ekin turi uchun tavsiya qilingan fosfor hamda kaliy o’g’itlari me’yorining 70% miqdorida va har bir gektar maydon uchun 20–25 tonna mahalliy o’g’itlarni o’g’it sepish moslamalari yordamida sepib chiqib, bu maydonlarni PN-3-35 rusumli plug bilan 28–30 sm chuqurlikda haydash zarur. Agar maydon (kuchsiz) sho’rlangan yoki yovvoyi o’tlar ko’p bo’lsa PYa-4-35 rusumli plug bilan 35–38 sm chuqurlikda haydash, keyinchalik chizel va mola qilinib, ekish usuliga qarab kultivatorlar yordamida 70 sm yoki 90 sm oraliqda sug’orish egatlari olish kerak.

To’qsonbosti qilib sepiladigan sabzavot urug’lar sarfi 20% ko’proq bo’lishi kerak.

Urug’ ekilgan egatlar ustidan chirigan mahalliy o’g’itlar, daraxt qipiqlari bilan mulchalash yoki shaffof polietilen plyonkalarini yopish sabzavot urug’larini erta ko’klamda barvaqt unib chiqib, jadal o’sib-rivojlanishini ta’minlaydi. Shunda erta bahorda ekishga qaraganda hosil yetilishi 30–40 kungacha erta, hosildorligi esa 15–20 foiz ko’p bo’ladi.

Bu muddatda sepilgan sabzavot urug’lari qishi bilan unmaydi, qishki yog’ingarchiliklarda tuproqdagi namlikka to’yinadi va havo harorati 4–5 ⁰C bo’lganda, ko’klamda barvaqt begona o’t urug’laridan oldin yer namiga unib chiqa boshlaydi.

Harorat 18–20 ⁰C bo’lganda to’liq unadi, kuzgi sabzi, piyoz va lavlagining barglari ko’klamda ekilganiga qaraganda 1,5–2,0 baravar katta bo’lib, hosil 25–30 kun oldin yetiladi hamda hosildorligi gektaridan 14–15 foizgacha yuqori bo’ladi. Ushbu ekinlarning gulpoya chiqarmaydigan (erkaklab ketmaydigan) navlarini ekishga e’tibor berish talab etiladi.

Sabzavotchilik xo’jaliklarida sabzavot urug’ini to’qsonbosti usulida ekish tadbirini noyabrni ikkinchi o’n kunligidan dekabrni birinchi o’n kunligi oxirlarigacha, janubiy viloyatlarda esa 20 dekabrgacha ekish tavsiya etiladi.

Piyozning mahalliy Zafar, Istiqbol, chet elning Manas, Daytona, Leone, Banko, Rodar nav va duragaylarini ekish tavsiya etiladi.

Piyoz urug’i gektariga 20 kg. gacha sarflanadi. Urug’i SKON-4,2, SMM-4 rusumli seyalka bilan yerning nishabiga qarab qator oralarini 70-90 sm. dan olib, to’rt qatorli usulda yoki qo’lda sochib ekiladi. Shunda urug’lar yerga 1,5 – 2,0 sm chuqurlikka ko’miladi.

Sabzining ildizmevasi qizil bo’lgan mahalliy Ziynatli, Farovon, chet elning Shantane–2461, Kuroda Shantane, Nantskaya 4, Kanada, Karson nav va duragaylarini ekish tavsiya etiladi.

Sabzi urug’lari SKON-4,2, SMM-4 rusumli seyalkalar bilan 1,5–2,0 sm chuqurlikka (50+20)x6-8sm, (40+15+15)x6-8sm sxemada yoki qo’lda sochib ekiladi. Urug’ sarfi gektariga 5–6 kg bo’lishi zarur.

Osh lavlagining mahalliy Diyor, Yagona va chet el navlaridan Bordo–237, Bikores, Boro F1, Detroyt, Pablo F1 duragaylari tavsiya etiladi.

Urug’ sarfi 16–18 kg. Ekish egatlari 70, 90 sm bo’lib, 2–3 qatorli, o’simlik oralari 8–10 sm, 2–3 sm chuqurlikka urug’lar ekiladi.

Salat bir yillik o’simlik bo’lib, yirik barglardan iborat past tupbarg yoki salat boshi hosil qiladi. Umuman salatning 4 xil turi bor. Ularga bargli salat (o’suv davri 30–40 kun); poyali yulma salat (bo’yi 40–80 sm); bosh o’raydigan salat (o’suv davri 40–100 kun); Romen salat (o’suv davri 70–100 kun) ining tupbargi yirik, tik o’sadi.

Salatning mahalliy Ko’kshox va chet elning Fiorett navlarini ekish tavsiya etiladi.

Urug’i noyabr-dekabrda ochiq dalaga ekiladi. Urug’i 15–20 sm chuqur olingan pollarga yoki lentasimon usulida 2–3 qator qilib ekiladi. Bunda lentalar orasi 45–60 sm, qatorlar orasi 15 sm. dan iborat bo’ladi. Bir gektar yerga salat urug’idan 4–5 kg, boshli salatnikidan 3–4 kg ekiladi. Maysalar unib chiqqandan 10–12 kun o’tgach 1-marta, 2–3 hafta o’tgach 2-oxirgi marta yagana qilinadi. Bunda barg salat tuplarining orasida 8–10 sm, boshli salatda esa 12–15 sm masofa qoldiriladi.

Ismaloq urug’i 3  haroratda ko’karib chiqadi. Yosh o’simliklari 6–8 oS gacha sovuqqa bardosh beradi. Haroratning yuqori bo’lishi va havo namligini pasayib ketishi o’simlikka salbiy ta’sir qiladi, oqibatda barglari mayda bo’lib qoladi. Ismaloq hosili nihollar paydo bo’lganidan 25–40 kundan so’ng yig’ib olinadi. Urug’i 90–100 kunda pishib yetiladi.

Ismaloqni faqat bitta Nafis navi Davlat reyestriga kiritilgan. Urug’i noyabr-dekabrda ochiq dalaga qo’sh qatorlab, lentalar orasi 50–60 sm va qatorlar orasini–15–20 sm. dan qilib ekiladi. Har gektar yerga 15–20 kg urug’, 2–3 sm chuqurlikka ko’miladi.

Shovul ekilgan yili ildiz bo’g’zidan tupbarg, ikkinchi va undan keyingi yillarda esa gulpoyasini chiqaradi.

Shovulning serhosil Shirokolistnыy navi rayonlashtirilgan. Soyada ham o’saveradi, sovuqqa chidamli. Urug’dan va ildiz bo’lakchalaridan ko’paytiriladi. Urug’i noyabr-dekabrda ochiq dalaga ekiladi. Har gektar yerga 3 kg urug’ sarflanadi.

Ukropning mahalliy Uzbekskiy–243, Orom va chet elning Anet navlari ekiladi. Ko’kligida ishlatiladigan ukrop urug’i pollarga qalin qilib sepiladi. Bir gektar yerga 20–25 kg urug’ sarflanadi.

Urug’i noyabr-dekabrda ochiq dalaga ekiladi. Ukrop urug’i sekin unib chiqadi. Ukrop o’toq qilish, qatorlar orasini yumshatish va bostirib sug’orish yo’li bilan parvarish qilinadi.

Kashnich yangi uzilgan barra mahsulot holida va quritib qishda ham ishlatiladi. Kashnichning Orzu va Yantar navlari rayonlashtirilgan. Barra barglarini 2–3 marta o’rib olish mumkin. Bunda 1,0–1,5 sm poyasi qoldiriladi, tegishli sharoit yaratilganda bargi yana o’sib chiqaveradi. Vaqtida o’rib olinmasa, urug’poya hosil qiladi, yer tanlamaydi. Urug’i ekilgandan so’ng 35–40 kunda hosili yetiladi.

Pol qilib sepilganda gektariga 8–10 kg urug’ sarflanadi. Urug’ ekilgandan so’ng, ustidan mayda chirigan go’ng sepiladi. Nam yetarli bo’lsa urug’i 5–10 kunda unib chiqadi.

Petrushkani Nilufar, Saxarnaya, Novas navlari ekish uchun tavsiya etiladi. Urug’i toza, yuqori unuvchan, kasalliklardan holi, butun bo’lishi zarur.

Urug’i pollarga lentasimon usulda 2–3 qator qilib yoki sochma usulda ekiladi. Bunda urug’ sarfi 1gektarga 5–60 kg bo’lishi zarur.

Janubiy hududlarda oqbosh karamdan juda ertagi va yuqori hosil olish uchun urug’lar ko’chatxonaga noyabr oyini birinchi o’n kunligida sepilib, tayyor bo’lgan ko’chatlar 25–30 dekabrda plyonka bilan qoplangan dugalar ostiga ekiladi. Gulkaram urug’ini noyabr oyini ikkinchi yarmida ko’chatxonaga sepib, ko’chatini dekabr oyini ikkinchi o’n kunligida plyonkali dugalar ostiga ekish tavsiya qilinadi.

 

O’simliklar karantini va himoyasi Paxtachi tuman bo’limi

Teglar
- -