insurez
31-05-2024 10:29

O‘g‘rilik jinoyati tushunchasi va uni oldini olish.


O‘g‘rilik jinoyati tushunchasi va uni oldini olish.

 

Afsuski hozirgi kunda keng jamoatchilik orasida olib borilayotgan targ‘ibot-tashviqot ishlariga qaramasdan halqimiz orasida ayniqsa yoshlar o‘rtasida o‘g‘rilik jinoyati uchrab turibdi,

Jabrlanuvchining yoki boshqalarning yo‘qligida yoki ular bor bo‘lsada, ularga bildirmasdan o‘zganing mol-mulkini yashirin talon-toroj qilish o‘g‘rilik hisoblanadi. Bordiyu jabrlanuvchi yoki boshqalar mol-mulkining olinayotganligini ko‘rgan bo‘lsada, lekin aybdor bildirmasdan harakat qilyapman deb o‘ylagan bo‘lsa, bunday qilmishni ham o‘g‘rilik deb tavsiflash lozimligi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining “O‘zgalar mulkini o‘g‘irlik, talonchilik va bosqinchilik bilan talon-taroj qilish jinoyat ishlari bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”ga Qarorining 1-bandida belgilab o‘tilgan.

Ushbu jinoyatning sub’ekti 14 yoshga to‘lgan har qanday aqli raso jismoniy shaxs bo‘lishi mumkin.

Shuni ta’kidlash lozimki, mulkni yashirin talon-toroj qilish o‘g‘irlanayotgan mulkka nisbatan uni tasarruf etish, boshqarish, yetkazib berish yoki saqlash bo‘yicha muayyan vakolatlarga ega shaxs tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bu qilmish Jinoyat kodeksi 167-moddasi bo‘yicha kvalifikatsiya qilinadi. Ushbu moddaning birinchi qismi bo‘yicha jinoiy javobgarlik faqatgina tashkilot, muassasa va korxonalardan xodim tomonidan o‘g‘irlangan mulkning umumiy qiymati eng kam oylik ish haqining besh baravaridan yuqori bo‘lganda kelib chiqadi. Aks holda shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 61-moddasiga muvofiq javobgarlikka tortiladi.

Agar o‘g‘irlangan mulkning umumiy qiymati Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 61-moddasi 3-qismida ko‘rsatilgan miqdordan oshib ketmasa (talon-toroj qilingan mulk qiymati eng kam ish haqining o‘ttiz baravaridan oshmasa), necha marotaba mayda o‘g‘rilik sodir etilganidan qat’i nazar, shaxs faqatgina ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

O‘g‘irlangan mulkning miqdori huquqbuzarlik sodir etilgan kunda amalda bo‘lgan, Respublikada belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqib aniqlanadi. O‘g‘irlangan mulk qiymatini aniqlashda ishning muayyan holatlariga qarab, huquqbuzarlik sodir etilgan kundagi shartnomaviy, bozor, birja baholariga asoslaniladi.

Jinoyat kodeksi 169-moddasining 1-qismida o‘g‘rilik, ya’ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish eng kam oylik ish haqining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi ko‘rsatilgan.

Kissavurlik, ya’ni kiyim, sumka yoki boshqa qo‘l yukidagi ashyoni o‘g‘irlash respublikamizning jinoyat qonuniga yangi kiritilgan og‘irlashtiruvchi holatdir. Kissavurlikning ijtimoiy xavfliligi, birinchidan, uning ancha ko‘p tarqalganligi bilan, ikkinchidan, aybdor bevosita jabrlanuvchining o‘zida turgan mulkni tortib olishi, agar egasi o‘z mulkiga suiqasd qilinayotganini payqab qolsa, unga nisbatan zo‘rlik ishlatilishi xavfi tug‘ilishi mumkinligi bilan izohlanadi.

O‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish jarayonida surishtiruv, tergov va sud amaliyotida jinoyatchi shaxsini aniqlab, qilmishini yengillashtiruvchi va og‘irlashtiruvchi barcha holatlar yetarlicha baholangach, adolatli jazo tayinlansa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Zero, jinoyatlar sodir etilishining oldini olish tayinlanadigan jazoning adolatli bo‘lishiga ham ko‘p jihatdan bog‘liq.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi

tuman sudining raisi J.Botirov

Teglar
- -