MUNOSABAT
ANTIKORRUPSIYA/РАСМИЙ-telegram kanalida 2024-yil 30-mayda e’lon qilingan “Mablag‘ “o‘zlashtirish”ni yangi usuli” nomli postiga
PAXTACHI TUMAN HOKIMLIGINING munosabati.
2024-yilning 21-may kuni Xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashining navbatdagi 109-sessiyasi bo‘lib o‘tgan. Mazkur sessiya doirasida bir qator masalalar ko‘rilib, jumladan, tumandagi sektor rahbarlarining hisobotlari hamda ayrim tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni ajratish to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari U.Arnaqulovning taklifi eshitildi.
ANTIKORRUPSIYA/РАСМИЙ-telegram kanalining 2024-yil 30-maydagi postida sessiyaga Kengashning ayol deputati raislik qilganligi ko‘rsatib o‘tilgan. Ushbu sessiyada tuman hokimi sektor rahbari sifatida hisobot berganligi sababli kun tartibidagi mazkur masala yuzasidan hisobot berish jarayonida Kengash deputatlaridan biri raislikni amalga oshirganligini bildiramiz. Tuman hokimining sektor rahbari sifatida bergan hisoboti tugagach kun tartibidagi boshqa barcha masalalarda sessiyaga raislik qilgan hamda shu sababli, kengashning barcha qarorlari Kengash raisi (tuman hokimi) tomonidan imzolangan.
Shuningdek, мazkur 109-sessiya kun tartibidagi ayrim tadbirlarni moliyalashtirish uchun mablag‘larni ajratish to‘g‘risidagi masala Xalq deputatlari tuman Kengashi vakolati hisoblanganligi sababli kun tartibiga kiritilgan hamda deputatlar tomonidan bir ovozdan ma’qullangan. Ushbu qaror normativ tusdagi qaror hisoblanmaydi. Bundan tashqari, mazkur masala yuzasidan qabul qilingan qarorda tumandagi Amirobod MFYga elektr energiyani uzluksizligini ta’minlash maqsadida TPP-250 kv transformator olish uchun (PAXTACHI TETK (Aksiyadorlik jamiyati) budjet tashkiloti bo‘lmaganligi sababli) mablag‘ ajratiladigan tashkilot budjet tashkiloti hisoblangan tuman Obodonlashtirish boshqarmasi nazarda tutilgan. Qolaversa, ushbu qaror loyihasi 10 kun davomida jamoatchilik muhokamasiga qo’yilib, xalq e’tiboriga yetkazilgan, ochiqlik ta’minlangan, shu vaqt mobaynida biror bir taklif yoki e’tirozlar bildirilmagan. Obodonlashtirish boshqarmasiga ajratilgan mablag’lar ushbu tashkilotni siylash uchun emas, balki xalqimiz farovonligi yo’lida jamiyatimizni rivojlantirish va obod qilish uchun ushbu tashkilotga ko’plab majburiyat va mas’uliyat yulashini bildiradi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 22-iyundagi 390-son qaroriga asosan Mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan qabul qilinadigan normativ tusga ega bo‘lmagan qaror va farmoyishlar loyihalarini “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish (chiqarish), ro‘yxatga olish va e’lon qilish tartibi ishlab chiqilgan bo’lib, belgilangan taribga ko’ra tuman (shahar) hokimliklari hamda mahalliy Kengashlarning qarorlari 13 kun muddatda qabul qilinishi mumkin. Shunga asosan, Paxtachi tuman Xalq deputatlari kengashining 109-sessiyasi 2024-yilning 21-may kuni o‘tkazilib, barcha kelishuvlardan so‘ng Qaror 2024-yilning 28-may kuni imzolangan.
Izoh*: ANTIKORRUPSIYA/РАСМИЙ-telegram kanali yurituvchilaridan “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 6-moddasiga asosan bir taraflama tayyorlangan axborot tarqatmasdan xolis axborot taqdim etishini hamda shaxsning huquqlari va erkinliklarini, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishini so‘rab qolamiz.