insurez
31-05-2024 09:44

Firibgarlik jinoyat tushunchasi


Firibgarlik jinoyat tushunchasi.

 

Bozor iqtisodiyoti sharoitida mulkka tajovuz qilish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar orasida o‘zganing mulkini firibgarlik yo‘li bilan talon-toroj qilish tariqasidagi jinoyatlar o‘sishi tendensiyasi kuzatilmoqda.

Firibgarlik o‘zganing mulkini yoki mulkka bo‘lgan huquqini aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan qonunga xilof ravishda va tekin qo‘lga kiritishda ifodalanib, buning ta’sirida mulkdor mulkning boshqa egasi yoki vakolatli organ mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni boshqa shaxsga beradi, yoinki ushbu mulk yoki unga bo‘lgan huquq boshqa shaxs tomonidan olib qo‘yilishiga imkoniyat beradi.

Firibgarlikda aldash deganda, aybdor tomonidan, bila turib, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan yolg‘on ma’lumotlar xabar qilinishi yoki ish holati bo‘yicha mulkdor, mulkning boshqa egasiga ma’lum qilinishi lozim bo‘lgan haqiqiy faktlarni yashirish yoxud bunday shaxslarni yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etilgan harakatlar tushuniladi.

Firibgarlikda yolg‘on ma’lumotlarga jabrlanuvchini yanglishtirishga olib kelishi mumkin bo‘lgan har qanday holatlar, jumladan, yuridik fakt va voqealar, mulkning sifati, narxi, aybdorning shaxsi, uning vakolati, niyati taalluqli bo‘lishi mumkin.

Firibgarlikda jabrlanuvchini yanglishtirishga qaratilgan qasddan sodir etiladigan harakatlar jumlasiga, masalan, bitim yoki to‘lov predmetini soxtalashtirish, qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa o‘yinlarni o‘ynash chog‘ida aldov usullarini qo‘llash va h.k. kiradi.

Firibgarlikda aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish mulkni yoki unga bo‘lgan huquqni aybdor mulkdorligi yoki egaligiga ixtiyoriy ravishda beradigan aqli raso shaxsga nisbatan sodir etilgan bo‘lishi shart. Aybdor tomonidan, bila turib, aqli noraso shaxsni yoki voqelik mohiyatini anglash qobiliyatiga ega bo‘lmagan ko‘zi ojizligi, ruhiy jihatdan norasoligi, alkogol, giyohvandlik vositasi, ularning analoglari yoki psixotrop modda ta’sirida og‘ir darajada mastligi tufayli shaxsni aldash va undan mulkini olish firibgarlik tariqasida emas, balki o‘g‘irlik sifatida kvalifikatsiya qilinadi, chunki bunday hollarda shaxs mulk uning egaligidan chiqib ketayotganligini anglamaydi.

Mulkni egallashga qaratilgan firibgarlik, mazkur mulk aybdor yoki boshqa shaxslarning g‘ayriqonuniy egaligiga o‘tgan va ular undan xohlagan tarzda foydalanish yoki tasarruf etish real imkoniyatiga ega bo‘lgan paytdan tugallangan deb topiladi. Qonunga ko‘ra, shaxs bankdagi pul mablag‘larini ular uning bankdagi hisob varaqasiga kelib tushgan (o‘tkazilgan) paytdan boshlab real tasarruf qilish imkoniyatiga ega bo‘lganligi tufayli, jinoyat bu mablag‘lar ularni mablag‘ egasi hisob varaqasidan aldash yoki ishonchni suiiste’mol qilish yo‘li bilan olgan shaxsning yoki boshqa shaxsning bankdagi hisob varaqasiga o‘tkazilgan paytdan tugallangan deb topiladi.

O‘zganing mulkiga bo‘lgan huquqni egallashga qaratilgan firibgarlik, aybdorda o‘zganing mulkiga egalik qilish yoki tasarruf etish uchun yuridik jihatdan tasdiqlangan imkoniyat paydo bo‘lgan paytdan tugallangan hisoblanadi.

Agar shaxs o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni mazkur mulk yoki huquq unga berilishi sharti bilan bog‘liq majburiyatlarni bajarmaslik niyatida olgan yoki egallagan bo‘lsa, qilmish aybdorda o‘zganing mulkini yoki unga bo‘lgan huquqni qo‘lga kiritishga nisbatan qasd faqat o‘zganing mulki yoki unga bo‘lgan huquq qo‘lga kiritilgunga qadar paydo bo‘lgan holdagina firibgarlik sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozim. O‘zganing mulkini talon-toroj qilishga qaratilgan qasd mavjudligi to‘g‘risida, jumladan, aybdor tomonidan soxta hujjat yoki kafolat xatlaridan foydalanish, qarz mavjudligi yoki mulk garov ostidaligi to‘g‘risidagi ma’lumotni yashirish, bitimda taraflardan biri sifatida ishtirok etishi uchun soxta korxona tuzilishi, kredit mablag‘laridan maqsadga zid foydalanish yoxud ularni naqdlashtirish kabilar guvohlik berishi mumkin. Qayd etilgan holatlar o‘z o‘zidan shaxsni firibgarlik sodir etishda aybdor deb topish uchun asos bo‘lmaydi, shu tufayli, shaxsning o‘z majburiyatlarini bila turib bajarish niyati bo‘lmaganligi har bir muayyan holda ishning barcha holatlaridan kelib chiqib aniqlanadi.

Agar o‘zganing mulkini egallashga nisbatan qasd aybdorda mulk qabul qilingandan keyin yuzaga kelgan bo‘lsa, shaxsning harakatlari firibgarlik tarkibini tashkil etmaydi va muayyan holatlarni inobatga olgan holda o‘zganing mulkini o‘zlashtirish yoki rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilish sifatida baholanadi.

Agar shaxs o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini uni ijro etish jarayonida ayrim ob’ektiv sabablarga ko‘ra (masalan, mulkiy nochorligi, shartnoma tuzishda taraflar uchun asos bo‘lgan vaziyatning jiddiy o‘zgarishi, og‘ir kasalligi, favqulodda holat tufayli) bajara olmasa yoki o‘zganing mulkini egallashga nisbatan qasd mavjudligini isbotlashning imkoni bo‘lmasa, bunday holatlar fuqarolik-huquqiy munosabatlardan kelib chiqqan nizo sifatida baholanib, fuqarolik, iqtisodiy sud ishi yurituvi tartibida hal etiladi.

 

Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi

tuman sudining raisi J.Botirov

 

Teglar
- -