Bola huquqlari
Bola huquqlari – har bir bola (18 yoshga to‘lmagan shaxs bola hisoblanadi) hech qanday cheklashlarsiz ega bo‘lishi lozim bo‘lgan huquq va erkinliklardir. Bolalar va yoshlar kattalar bilan bir xil inson huquqlariga ega va bu barcha tomonidan tan olinadi.
Bola huquqlarining ta’rifi mantiqan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining asosiy g‘oyalaridan kelib chiqadi. Uning alohida moddasi bolalarga bag‘ishlangan. Unda aytilishicha, "Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam olish huquqini beradi". Shunday qilib, deklaratsiyada e’lon qilingan barcha erkinliklarga bolalarning teng huquqliligini tan olgan holda, xalqaro hamjamiyat bolalarga qo‘shimcha yordam va qo‘llab-quvvatlash zarurligini tan oladi. Ya’ni, bolalar o‘zlarining maxsus ehtiyojlari, shuningdek ekspluatatsiya va suiiste’molliklarga nisbatan zaifligi tufayli qo‘shimcha huquqlarga ega.
10 yil davomida (1979 yildan 1989 yilgacha) BMTning Inson huquqlari bo‘yicha komissiyasida ishtirok etgan dunyoning ko‘plab mamlakatlari mutaxassislari bola huquqlari to‘g‘risidagi yangi hujjatning matnini ishlab chiqdilar, unda bolaning jamiyatdagi hayotining barcha jabhalari maksimal darajada hisobga olinadi. 1989 yil 20 noyabrdaBirlashgan Millatlar Tashkilotining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilindi. Shu bilan barcha mamlakatlar butun dunyo bo‘ylab bolalar oldida tarixiy majburiyat oldilar. Bu tarixdagi eng ko‘p ratifikatsiya qilingan inson huquqlari bo‘yicha shartnomaga aylandi va butun dunyo bo‘ylab bolalar hayotining o‘zgartirishga yordam berdi. O‘zbekiston Respublikasi ushbu Konvensiyaga 1992 yil 9 dekabrda qo‘shilgan.
Konvensiya barcha bolalarning asosiy insoniy qadr-qimmatini va ularning farovonligi hamda rivojlanishini ta’minlashning dolzarbligini tan oladi. Konvensiyaga ko‘ra, bolalar huquqlarini himoya qilishning asosiy prinsipi – bolalar manfaatlarining ustuvorligini tan olishdir.
Har bir bola oziq-ovqat, birlamchi tibbiy yordam va rasmiy ta’lim, o‘yin va dam olish kabi asosiy ehtiyojlarga ega bo‘lgan g‘amxo‘r, mehribon hamda yetarli turmush darajasiga ega bo‘lgan oilada o‘sish huquqiga ega. Bundan tashqari, har bir bola e’tiborsizlik va zo‘ravonlikdan himoyalanish huquqiga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan. Hususan, Konstitutsiyaning 78-moddasidan quyidagicha norma o‘rin olgan:
“Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar.
Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir.
Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi”
Paxtachi tumani YXKM
bosh yuriskonsulti Qazoqov Bekjon