2023 yilning 26 yanvar kuni tuman hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashining navbatdagi ellik to‘rtinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyaga 29 nafar Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridan 22 nafari ishtirok etishdi. Uzrli sabablarga ko‘ra 7 nafar deputat qatnashmadi.
Sessiyaga ommaviy axborot vositalari va hisobot beruvchilar ishtirok etdilar.
Sessiyani Kengash raisi M.Xamdamov ochib berdi. Sessiya avvalida sessiya kotibi saylab olindi. Sessiya kotibi etib 22- Tadbirkor saylov okrugidan saylangan deputat Mamarasulov Umidjon Razzakovich bir ovozdan saylandi.
Shundan so‘ng deputatlar tomonidan sessiya kun tartibi ma’qullandi. Sessiyada 8 ta masala ko‘rib chiqildi.
Sessiya tuman Adliya bo‘limi boshlig‘i I.Muzaffarovning tuman darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarning norma ijodkorligi hamda huquqni qo‘llash amaliyoti bo‘yicha 2022-yil davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida axborotini eshitish bilan boshlandi.
Axborot yakunida tuman Adliya bo‘limi boshlig‘iga deputatlar tomonidan savollar berildi va axborot muhokama qilindi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala bo‘lgan tumanda 2022-yil davomida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i M.Axmedovning hisoboti tinglandi.
Sessiya “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari V.Hakimovning taklifini tasdiqlash bilan davom etdi.
Kun tartibidagi to‘rtinchi masala bo‘lgan tumandagi 806 ta oilani “Temir daftar”ga kiritish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi va tasdiqlandi.
Kun tartibidagi beshinchi masala yuzasidan ya’ni 2022-yil davomida jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilgan mablag‘lar yuzasidan tuman hokimligi Moliya bo‘limi mudiri U.Arnakulovning hisoboti muhokama qilindi va bir ovozdan tasdiqlandi.
So‘ngra Paxtachi tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining ma’muriy-hududiy chegaralarini belgilash to‘g‘risidagi taklif tasdiqlandi.
Sessiya Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarining deputatlik odobi qoidalarini tasdiqlash bilan davom etdi.
Sessiya yakunida xalq deputatlari tuman Kengashida bo‘shab qolgan o‘rinlarga saylov o‘tkazish loyihasi tasdiqlandi.