Bugun 9-avgust kuni tuman hokimligi majlislar zalida Xalq deputatlari Paxtachi tuman Kengashining navbatdagi oltmish sakkizinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Sessiyada 29 nafar xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlaridan 22 nafari ishtirok etishdi. Uzrli sabablarga ko‘ra 7 nafar deputat qatnashmadi.
Sessiyada, ommaviy axborot vositalari, tuman hokimi o‘rinbosarlari va hisobot beruvchilar ishtirok etdilar.
Sessiyani tuman hokimi M.Xamdamov ochib berdi. Sessiya avvalida sessiya kotibi saylab olindi. Sessiya kotibi etib 12-Obodon saylov okrugidan saylangan deputat J.Qurbonov bir ovozdan saylandi.
Shundan so‘ng deputatlar sessiya kun tartibini ma’qulladi. Sessiyada13 ta masala ko‘rib chiqildi.
Sessiya tuman prokuraturasi tomonidan 2022-yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tuman prokurori Gʻ.Abdurahmonovning axborotini eshitish bilan boshlandi. Axborot yakunida tuman prokuroriga deputatlar tomonidan savollar berildi va axborot muhokama qilindi.
Kun tartibidagi ikkinchi masala bo‘lgan tumanda 2022-yilning 6 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida Majburiy ijro byurosi tuman bo‘limi boshlig‘i E.Bazarovning hisoboti tinglandi. Majburiy ijro bo‘limi boshlig‘i E.Bazarovga Kengash raisi tomonidan aliment oluvchi xotin-qizlarga qancha mablag‘ ajratilganligi va shundan qanchasi sarflanganligi to‘g‘risida ma’lumot berishni so‘radi.
Sessiya tuman mahalliy budjetining 2022-yil xarajatlarini maqbullashtirish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tasdiqlash bilan davom etdi.
Kun tartibidagi to‘rtinchi masala bo‘lgan tumandagi 2 ta oilani “Temir daftar”ga kiritish to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi va tasdiqlandi.
So‘z “Mehr daftari”ga kiritilgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari maqsadli sarflanishi yuzasidan Bolalar masalalari bo‘yicha tuman Milliy komissiyasi sho‘ba mudiri D.Nomozovga berildi. D.Nomozov ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni qo‘llab quvvatlash bo‘yicha olib borilgan ishlar to‘g‘risida batafsil hisobot berdi.
Kun tartibidagi oltinchi masala yuzasidan ya’ni “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan mablag‘ ajratish to‘g‘risida tuman hokimining birinchi o‘rinbosari V.Hakimovning taklifi muhokama qilindi va bir ovozdan tasdiqlandi.
So‘ngra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2022-yil 16-fevral kuni o‘tkazilgan “Chorvachilik va ipakchilik sohasida 2022-yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar to‘g‘risida”gi bayoni ijrosini ta’minlash to‘g‘risidagi hisobot tinglandi.
Sessiya O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga mo‘ljallangan strategiyasi ijrosi to‘g‘risidagi tuman hokimining Qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Gʻ.Absanovning hisobotini eshitish va muhokama qilish bilan davom etdi.
Kun tartibidagi to‘qqizinchi masala tumanda 2022-yilning 6 oyida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida tuman Sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limi boshlig‘i M.Rasulovning hisoboti eshitildi. M.Rasulovga pullik xizmat turlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berish taklifi berildi.
Sessiyada tumandagi 5, 22 va 29-umumta’lim maktablariga direktorlikka tavsiya etilgan nomzodlarni istiqbolli dasturi eshitildi va nomzodlar ovozga qo‘yildi.
Kun tartibidagi o‘n birinchi masala tumanda chiqindilar bilan ishlash tizimini takomillashtirish, hududlarda ekologik holatni yaxshilash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha 2022-yilning 6 oyida amalga oshirilgan ustuvor vazifalar to‘g‘risida tuman hokimining o‘rinbosari Sh.Musirmanovning hisoboti eshitildi.
Kun tartibidagi o‘n ikkinchi masala bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 28-apreldagi “2022-2026-yillarda Samarqand viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 222-son qarorida nazarda tutilgan chora-tadbirlar hamda loyihalarni o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlashga qaratilgan harakatlar rejasi tasdiqlandi.
Sessiya yakunida tumanda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer maydonlaridan samarali foydalanish, hududlarni ixtisoslashtirish, bo‘sh turgan, zaxiradagi va kelgusida zaxiraga olinadigan yer maydonlarini qishloq xo‘jaligi korxonasi yoki dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ochiq elektron tanlovga chiqarish bo‘yicha tayyorlangan loyihalarni ko‘rib chiqish va tasdiqlash to‘g‘risidagi loyihasi tasdiqlandi.