insurez
20-10-2025 15:43

Sayyor sud bo'lib o'tdi


Bugungi kunda yurtimizda sud-huquq tizimini yanada ochiq va shaffof qilish, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida sayyor sud majlislarini tashkil etish yaxshi an’anaga aylanib bormoqda. Shunday tadbirlardan biri jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tuman sudi tergov sudyasi Dilshod Eshmatov raisligida tumanning “Jahonobod” mahallasida o‘tkazildi.

Mazkur ochiq sud majlisi Paxtachi tumani “Jahonobod” mahallasi binosida bo‘lib o‘tdi. Unda Paxtachi tumani IIB Profilaktika inspektorlari tomonidan surishtiruv jarayonida to‘plagan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ishlar ko‘rib chiqildi. Sud muhokamasi davomida barcha ma’muriy huquqbuzarlik ishlari atroflicha o‘rganilib, yakunda qarorlar qabul qilindi. Bu esa, shaxslarning qayta huquqbuzarliklar sodir etishining oldini olishda katta imkoniyat yaratadi.

Sud majlisi yakunida sudya ishtirokchilar bilan muloqot qilarkan, bugungi kunda dolzarb bo‘lib turgan masalalarga alohida to‘xtaldi. Xususan, mayda bezorilik, oz miqdorda talon-toroj qilish, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik, shahvoniy shilqimlik kabi illatlar jamiyatning sog‘lom ma’naviy muhitiga putur yetkazishi mumkinligi ta’kidlandi. Shuningdek, mazkur jinoyatlar va huquqbuzarliklar uchun belgilangan jazolar muqarrarligi alohida qayd etildi.

— Har qanday huquqbuzarlik va jinoyatchilik jazoga loyiq. Ayniqsa, mayda bezorilik, oz miqdorda talon-toroj qilish, oilaviy zo‘ravonlik va shahvoniy shilqimlik jamiyatimizda keskin qoralangan hodisalardir. Shuning uchun bunday illatlarning oldini olishda nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar, balki butun jamiyat mas’uliyatli bo‘lishi zarur, — dedi jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudi tergov sudyasi D.Eshmatov.

Teglar
- -