insurez
25-07-2025 09:30

Qovun pashshasi


Bugun biz sizlarga yana bir juda xavfli poliz zararko‘nandasi va unga qarshi ko‘rash bo‘yicha ma’lumot beramiz.

Ayni ko‘nlarda yurtimizning barcha hududlarida shirindan shakar qovunlar pishib yetilib xalqimiz dasturxoniga tortila boshlandi. O‘zbekistonda xozirgi kunda qovunlarga katta zarar keltiradigan qovun rizoktoniozi, fuzarioz so‘lish, un-shudring kasalliklari va oqqanot, qovun pashshasi, poliz shirasi, o‘rgimchakkana, kemiruvchi ko‘kqurt kabi zararkunandalar qovun hosilini keskin kamayishiga sabab bo‘lib kelmoqda.

QOVUN PAShShASI — tangaqanotlilar oilasiga mansub hasharot, qovoqdoshlarga mansub o‘simliklar (qovun, tarvuz, bodring, qovoqvab.) zararkunandasi. Yurtimizda keng tarqalgan ichki karantin ob’ekti. Tanasining uz. 5—6 mm, och sariq, qanotlarida 3 ta sariq yo‘li bor. Urg‘ochilari tuxumlarini (120 tagacha) qovun gulbandlariga, o‘simlik poyalariga kesaklar ostiga yakka-yakka qilib qo‘yadi. 3—5 kun o‘tgach, oqish rangli lichinkalar tuxumdan chiqib qovun xamaklarini teshib kiradi va urug‘larini kemiradi. 10—15 kun qovun ichida yashagan katta yoshli lichinka qovunni teshib chiqib, tuproq tagida 5—7 sm chuqurlikda g‘umbakka aylanadi. Qovun pashshasining lichinkalari teshgan qovunlarda uzun chuqur yo‘llar paydo bo‘ladi va ular chiriydi. Qovun pashshasi 2—3 (5) km gacha uchib boradi, bundan tashqari, ular qovun mevalari bilan ham tarqaladi. 4—5 marta avlod beradi.

Qovun pashshasi may oyining ikkinchi dekadasidan ucha boshlaydi.  Qovun pashshasi poliz ekinlarining o‘sish davrida onalik guli, tuguncha hamda mevalariga tuxum qo‘yib, tuxumlardan chiqqan lichinkalari mevalar ichiga kirib zararlashi natijasida, olinadigan hosil iste’molga yaroqsiz xolga keladi. Poliz mevalarining qovun pashshasi bilan zararlanganligini tashqi ko‘rinishidan aniqlash qiyin.

Meva ichidagi lichinkalarga qarshi kimyoviy kurash o‘tkazish samara bermasligini hisobga olgan holda, pashshalarga qarshi kurashni olib borish zarur.

Qovun pashshasiga qarshi agrotexnik kurash choralari: O‘simlik qoldiqlaridan tozalash, chuqur shudgor qilish, qator oralariga sifatli ishlov berish, kech kuzda sug‘orish va yerlarni yaxoblash, pashsha kuzatilgan dalalarga qovunni qayta ekmaslik tavsiya etiladi.

Kimyoviy kurash choralari: Birinchi ishlovni o‘simlikning gullash davridan boshlab, 3-4 marta purkaladi. Preparatlardan: Karbofos 50% k.e – 2 kg/ga, Fufanon 57% k.e – 1 kg/ga, Piligrim 24,7% k.e – 0,2 kg/ga, Nestor 20% n.kuk – 0,3 kg/ga, Endjeo 24,7% sus.k.-0,3l/ga me’yorida almashlab purkash tavsiya etiladi.

Kimyoviy ishlov o‘tkazilgandan 3-4 kundan so‘ng   o‘simlikni stressdan chiqarish va rivojlanishini tezlashtirish uchun tarkibida gumin, fulvo, amino kislotali va oziqa moddalar kompleksi (N,P,K) mikroelementlar tarkibida bor o‘simliklarning o‘sishini boshqaruvchi preparatlarning birortasi bilan ishlov berish mumkin.

O‘simliklar karantini va himoyasi

 Paxtachi tuman bo‘limi.

Teglar
- -