Paxtachi tumanida “Sayyor sud” bo’lib o’tdi
Paxtachi tumani 25-sonli “Musiqa maktabi” binosida jinoiy jazo o’tayotgan, lekin tuzalish yo’liga o’tgan shaxslarni qo’llab-quvvatlashga qaratilgan hamda sud tomonidan tayinlangan jazolarga amal qilmasdan kelgan nazorat ostidagi shaxslarga nisbatan “Sayyor sud” bo’lib o’tdi.
Tadbir doirasida tumandagi IIB Jinoyat-ijroiya huquqiy xizmati Probasiya guruhi hisobida turadigan, qilgan jinoyatidan chin dildan pushaymon bo’lgan va o’zini ijobiy tomondan ko’rsata olgan 16 nafar shaxslarga Jinoyat ishlari bo’yicha Paxtachi tuman sudi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasi asosida — jazoning o’tab bo’linmagan qismidan muddatidan ilgari shartli ozod qilish to’g’risida qaror qabul qilinib, berilgan imkoniyatlardan o’ziga to'g’ri xulosa chiqarmasdan cheklovlarga amal qilmasdan kelgan 3 nafar nazorat ostidagi shaxslarning jazosi ozodlikdan mahrum etish jazosiga almashtirildi..
Sud majlisi yakunlari nazoratdagi boshqa shaxslar uchun ham ibrat bo’ldi. Ushbu yuksak ishonch va imkoniyat ularni ham to’g’ri yo’lga o’tishga, jamiyat uchun foydali inson bo’lishga undaydi.