insurez
20-03-2025 11:51

Paxtachi tumani hokimi Qayum Xushbaqovning bayram tabrigi


Assalomu alaykum men uchun eng qadrli bo‘lgan, hurmatli tumandoshlarim!

Men sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni sharqona yangi yil - Navro‘zi olam bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Muborak va fayzli ro‘zai Ramazon oyida Markaziy Osiyo xalqlarining ulug‘ bayrami, Navro‘z ayyomini nishonlayotganimiz qalblarimizga qo‘shaloq shukuh va zavq bermoqda.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, aka-ukalarimizga, munis opa-singilarimizga, navqiron yoshlarimizga, xorijdagi tumandoshlarimizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni izhor etaman.

Hammamiz orziqib va sog‘inib kutadigan yangilanish va yasharish ayyomi - Navro‘z olam barchamizga muborak bo‘lsin.

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, "Har kuningiz Navro‘z bo‘lsin!" deb aytgan tilaklarida chuqur ma’no bor.

Keksalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, yordam va ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlash, bemorlarning dardiga darmon bo‘lish kabi xalqimizga xos savobli amallarni nafaqat Navro‘z ayyomida, balki har kuni, vijdon amri bilan ado etamiz.

Shundagina mehnatkash xalqimiz bilan ezgu maqsadlarimiz va katta rejalarimizni yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan davom ettira olamiz.

Ko‘klam nafasi yurtimiz uzra kezayotgan mana shunday tarovatli kunlarga sog‘-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytish biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Aziz tumandoshlar!

Inson qadrini ulug‘lash, har bir fuqaroning haq - huquqlari, qonuniy manfaatlarini amalda ta’minlash hamda ularga munosib sharoit yaratib berish, oddiy qilib aytganda, xalqimizni rozi qilish, bizning bosh maqsadimiz.

Tumanimiz ijtimoiy-iqtisodiyoti, ilm-fan, ta’lim va tarbiya, sohliqni saqlash, madaniyat, sport va boshqa sohalarni har tomonlama rivojlantirish, ona tabiatni asrash kabi yunalishlarda boshlagan dasturlarimiz va rejalarimizni jadal davom ettiramiz.

Shu ezgu maqsadlarimizni amalga oshirishda biz mo‘tabar otaxon va onaxonlarimizdan, ularning dono maslahatlari va duoi fotihalaridan kuch-quvvat olamiz.

Tumanimiz taraqqiyotini yangi bosqichga ko‘tarish yo'lida mardona mehnat qilayotgan hurmatli aka-ukalarimiz, aziz opa-singillarimizga - butun xalqimizga ishonamiz va tayanamiz.

Shu qutlug‘ ayyomda sizlarning har biringizga Vatan ravnaqi yo'lida qilayotgan munosib xizmatingiz uchun qo'limni kuksimga qo‘yib, chin yurakdan tashakkur aytaman.

Bugungi betakror lahzalarda ko‘klamning har bir kuni, har bir soatini g‘animat bilib, dalasiga yo'l olayotgan mirishkor dehqon va fermerlarimizga eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Aziz va muhtaram tumandoshlarim!

Butun xalqimizni Navro‘z umumalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman fasli navbahor har bir oilaga, har bir mahallaga, baxt-u saodat olib kelsin!

Barcha yezgu ishlarimizda Yaratganning o‘zi madadkor bo‘lsin!

Yurtimiz tinch, xalqimiz faravon bo‘lsin!\

 

Paxtachi tumani hokimi

Qayum Xushbaqov

Teglar
- -