O‘zbekiston — Vengriya hamkorligi nafaqat ikki xalq manfaati, balki keng mintaqaviy barqarorlik uchun xizmat qiladi
O‘zbekiston — Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar bugun tarixiy ildizlar, geosiyosiy manfaatlar va yangi global muhitdagi pragmatik yondashuv asosida shakllanmoqda. Bu ikki mamlakat o‘tmishi, madaniyati va maqsadlari bilan farq qilsa-da, ularni umumiy strategik manfaatlar birlashtirmoqda.
Sharq va G‘arbni bog‘lovchi ko‘prik singari, O‘zbekiston — Vengriya hamkorligi nafaqat ikki xalq manfaati, balki keng mintaqaviy barqarorlik uchun xizmat qilyapti.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning Vengriyaga rasmiy tashrifi kengaytirilgan strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlariga yo‘l ochib, munosabatlarimizni yangi bosqichga ko‘tarilganidan dalolat beradi. Endilikda asosiy masala mavjud imkoniyatlarni amaliy loyihalarga aylantirishga qaratiladi.
Budapeshtning tashqi siyosati “Sharqqa yaqinlik” strategiyasi bilan ajralib turadi. Vengriya 2018-yilda Turkiy davlatlar tashkilotida kuzatuvchi maqomini olgan ilk Yevropa davlati bo‘ldi. 2019-yilda Budapeshtda tashkilotning Yevropa vakolatxonasi ochildi. O‘zbekiston esa turkiy davlatlar o‘rtasida integratsiya jarayonlarining asosiy harakatlantiruvchi kuchlaridan biri sifatida Vengriya bilan yaqin hamkorlik qilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 1992-yilda o‘rnatilgan bo‘lsa-da, so‘nggi yillarda bu aloqalar yangicha sur’at oldi. Ayniqsa, 2021- va 2022-yillarda o‘zaro rasmiy tashriflar, Budapesht va Toshkentda o‘tkazilgan Biznes forumlar, Strategik sheriklik to‘g‘risidagi deklaratsiyalar – bularning barchasi mamlakatlar o‘rtasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Agar raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, 2024-yildagi ikki tomonlama savdo aylanmasi 78,1 mln dollarni tashkil qildi. Farmasevtika, energetika, qishloq xo‘jaligi, transport va ta’lim sohalaridagi investitsiyaviy loyihalar ikki mamlakat munosabatlarining ko‘lamini boyitmoqda. Angren erkin iqtisodiy hududida venger kompaniyalari uchun ajratilgan maxsus sanoat hududi bunga yaqqol misoldir.
Transport va logistika, oziq-ovqat xavfsizligi, qayta tiklanadigan energetika, yuqori texnologiyalar va raqamlashtirish – bu yo‘nalishlar ikki mamlakat hamkorligining asosiy kun tartibiga aylanmoqda.
Hozirda qo‘shma investitsion loyihalarning joriy portfeli 500 million dollarni tashkil etsa, joriy tashrif uchun yana 1,5 milliard yevrolik loyihalar tayyorlangan.
Ikki davlat o‘rtasida Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma, Iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim, tabiiy ofatlarni boshqarish, ilm-fan va innovatsiyalar, tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlarga erishilgani diqqatga sazovordir.
Ishbilarmonlik, sayyohlik va madaniy aloqalarni faollashtirish maqsadida ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri havo yo‘nalishlarini rivojlantirish orqali amalga oshirilishi esa yurtimiz turistik salohiyatini oshishiga sharoit yaratadi.
Ro'zigul Magripova
Xalq deputatlari Paxtachi tuman
Kengashi kotibiyat mudiri