O‘zbekiston Respublikasining 2024 yil 15 noyabrdagi O‘RQ-997-sonli qonuni
Mazkur qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Jinoyat protsessual Kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Fuqarolik protsessual kodeksi va Iqtisodiy protsessual kodekslariga bir qator o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksining 229-1-moddasi 1-qismining sanksiyasidagi “bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan, 2-qismining sanksiyasidagi “ikki yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi.
Jinoyat kodeksining 229-4-moddasi 1-qismining sanksiyasidagi “bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “bir yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi. 2-qismining dispozitsiyasi “bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa” degan mazmundagi “v” bandi bilan to‘ldirildi va sanksiyasidagi “uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar “besh yildan yetti yilgacha ozodlikdan mahrum qilish” degan so‘zlar bilan almashtirildi va mazkur jinoyatlar uchun jazolar kuchaytirildi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60-moddasi 2-qismining sanksiyasidagi “yigirma besh baravari, mansabdor shaxslarga esa – ellik baravari” degan so‘zlar “o‘ttiz baravari, mansabdor shaxslarga esa – yetmish baravari” degan so‘zlar bilan almashtirildi. 3-qismining sanksiyasidagi “bir yuz ellik baravari, mansabdor shaxslarga esa – uch yuz baravari” degan so‘zlar “ikki yuz baravari, mansabdor shaxslarga esa – to‘rt yuz baravari” degan so‘zlar bilan almashtirildi va mazkur ma’muriy huquqbuzarliklar uchun jazolar kuchaytirildi.
Ushbu Qonun kelgusida mamlakatimizda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan yer uchastkalarini, ayniqsa sug‘oriladiga yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ularda qurilish ishlarini amalga oshirilishini oldini olishga xizmat qiladi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi
tuman sudining raisi J.Botirov