insurez
04-06-2025 15:51

"Markaziy Osiyo – Italiya" sammiti: ikki mintaqa o‘rtasidagi yangi sahifalarning boshlanishiga qo‘yilgan navbatdagi qadam


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqaevning taklifiga binoan 30 may kuni Ostona shahrida “Markaziy Osiyo – Italiya“ formatidagi oliy darajadagi sammitda ishtirok etdi. 

Ushbu sammit Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Italiya strategik sheriklik muzokaralarning davomi bo‘ldi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bugun Markaziy Osiyo dunyoda o‘zining do‘stona siyosati, bag‘rikengligi va rivojlanib borayotgan mintaqa sifatida e’tirof etilmoqda. Shu bois dunyoning rivojlangan mamlakatlari mintaqa davlatlari bilan keng va ishonchli, konstruktiv muloqot natijasida ko‘p qirrali hamkorlikni o‘rnatishdan manfaatdor bo‘lib bormoqda. Italiya uchun ham Markaziy Osiyo yangi tarixiy sahifalarning ochilishidir. 

Ostona shahrida bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammit aynan yangi sahifalarning boshlanishiga qo‘yilgan navbatdagi qadam bo‘ldi. Davlatimiz rahbari ushbu sammitda qator tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, Italiya ishbilarmon doiralarining innovatsion rivojlanish borasida an’anaviy kuchli mavqeini hisobga olib, mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari shafeligida biznes muloqoti uchun doimiy maydon - "Markaziy Osiyo - Italiya" ishbilarmonlar klubini tashkil etish taklif qilindi. Tadbirkorlar ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili mintaqa mamlakatlari va Italiya poytaxtlarida o‘tkaziladi.

Mavjud muvaffaqiyatli tajribani hisobga olib, mineral resurslar va qishloq xo‘jaligi xomashyosini chuqur qayta ishlash; elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, charm, oziq-ovqat va boshqa qayta ishlash tarmoqlari uchun zamonaviy uskunalar ishlab chiqarish; butlovchi qismlar va sanoat mahsulotlarini mahalliylashtirish; Italiyaning yetakchi brendlari ishtirokida dizayn markazlarini tashkil etish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi mumkinligi qayd etildi.

Prezidentimiz "Yashil" transformatsiya sohasida Italiya bilan samarali hamkorlikni yuqori baholab, uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha milliy dasturlarni amalga oshirishga ko‘maklashadigan ko‘p tomonlama platformani yo‘lga qo‘yish orqali keng qamrovli sheriklikni rivojlantirishga chaqirdi.

Umuman olganda, ushbu oliy darajadagi sammit ikki mintaqa mamlakatlari iqtisodiyotining modernizatsiyasi, atrof-muhit muhofazasi va ijtimoiy soha rivojiga sezilarli hissa kushadi.

 

O.Xolmurodov

22-Nayman saylov okrugi

Teglar
- -