insurez
26-01-2026 09:30

Korrupsiya – taraqqiyot kushandasi


Korrupsiya –– bu jamiyatni turli yo‘llar bilan iskanjaga oladigan dahshatli illatdir. Mazkur illat demokratiya va huquq ustuvorligi asoslariga putur yetkazadi, inson huquqlari buzilishiga olib keladi, bozorlar faoliyatiga to‘sqinlik qiladi, hayot sifatini yomonlashtiradi va odamlar xavfsizligiga tahdid soladigan uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa hodisalar ildiz otib, gullashi uchun sharoit yaratib beradi.

Ta’kidlab o‘tish o‘rinliki, ushbu zararli hodisa katta va kichik, badavlat va kambag‘al bo‘lishidan qat’iy nazar, barcha mamlakatlarda uchraydi. Ushbu zararli illatni bartaraf etish bo‘yicha jahon hamjamiyati tomonidan bir qator samarali ishlar amalga oshirilayotgan bo‘lsada, hanuzgacha u bartaraf etilmayapti.

Biz quyida korrupsiyaning tarixiy ildizlariga va unga qarshi kurashish xususida fikr yuritmoqchimiz.

Korrupsiya (lot. Corrumpere — buzmoq) termini odatda mansabdor shaxslar tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan o‘zlarining shaxsiy manfaatlarini ko‘zlab qonunchilik va ahloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.

Ko‘p hollarda bu atama siyosiy elitadagi byurokratik apparatga qarata ishlatiladi. Korrupsiya ko‘plab davlatlarning jinoyat va ma’muriy qonunchiligi bilan huquqqa qarshi harakat sifatida ta’qib qilinadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashda yuqori natijalarga erishgan Shvesiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi davlatlarning tajribasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o‘rin egallaydi.

Bunda Konstitutsiyaviy nazorat organlari, huquq-tartibot organlarining ahamiyati ortadi. Ya’ni, korrupsiyaga olib kelishi mumkin bo‘lgan normalarni konstitutsiyaviy nazorat organi tomonidan konstitutsiyaga zid deb topish, aholining huquqiy savodxonligini oshirish kabi metodlardan unumli foydalanish ushbu davlatlarni korrupsiya darajasi juda past bo‘lgan davlatlar qatoriga olib chiqqan. Biz quyida Singapur davlatida korrupsiyaga qarshi kurashda qo‘llanilgan usullar haqida batafsil to‘xtalib o‘tamiz.

Singapur davlati 1965 yil mustaqillikka erishgach korrupsiya darajasi eng yuqori bo‘lgan davlatlar qatorida turar edi. Lekin bu illatga qarshi o‘tkazilgan bir qator tadbirlar bu davlatda korrupsiyaning minimal darajaga tushishiga olib keldi. Birinchi navbatda bu yerda byurokratik jarayonlar yengillashtirilib sud tizimining mustaqilligi oshirildi (sudyalarning daromadlari va imtiyozlarini oshirish evaziga). Shu bilan birga korrupsiya jinoyatlari uchun sanksiyalar og‘irlashtirilib, fuqarolarga korrupsiyaga qarshi jinoyatlarni tergov qilishda hamkorlik qilishda bosh tortganligi uchun juda katta moliyaviy sanksiyalar belgilandi. Bir qator davlat idoralarida ommaviy “tozalashlar” o‘tkazilib bu jarayonlar telekanallar orqali butun mamlakatga namoyish qilindi. Yuqorida sanab o‘tilgan omillarning hammasi Singapurni qisqa muddatlarda korrupsiya darajasi eng past mamlakatlar ro‘yxatida ilg‘or davlatlar qatoriga olib chiqdi. Shuningdek, davlat xizmatchisining ahloq standartlariga rioya etishini qattiq nazorat ostiga olish ham Singapur davlatida korrupsiyaga qarshi kurashda muhim dastaklardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Yurtboshimizning yuqorida eslangan asarida “jinoyatchilik, korrupsiya bizning o‘z xavfsizligimizga ham, xalqaro xavfsizlikka ham tahdid soluvchi real manbadir. Binobarin, mazkur hodisaga qarshi kurash masalalari birgina bizga taalluqli emas. Shuning uchun ham biz jinoyatchilik haqida butun jahon hamjamiyati qayg‘urmog‘i lozim, deb hisoblaymiz. Suveren O‘zbekiston xalqi va rahbariyati esa ular bilan faol hamkorlik qilishga tayyor va buni dunyoni poklash, uning xavfsizligini ta’minlash ishiga qo‘shilgan hissa, deb biladi” deb fikr bildirgan edi.

Jinoyatchi unsurlarning xo‘jalik munosabatlari tizimini shakllantirish jarayonida faol va xufyona ishtirok etishi jamiyatda axloqsizlik vaziyatini tug‘dirishi, bu esa o‘z navbatida, mamlakat uchun ham, jahon hamjamiyati uchun ham nomaqbul jinoiy bozor iqtisodiyotining alohida turi shakllanishiga olib kelishini keyinchalik BMT tomonidan ham tan olinib, 2003 yil 9 dekabrda Meksikaning Merida shahrida korrupsiyaga qarshi kurashishda davlatlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish maqsadida 3 kun davom etgan konferensiya tashkil etildi. Bu konferensiya davomida 100 dan ortiq davlat tomonidan Korrupsiyaga qarshi haqaro konvensiya imzolandi. Konferensiyaning birinchi ish kuni (9 dekabr) BMT tomonidan butun dunyoda korrupsiyaga qarshi kurash kuni deb e’lon qilingan. Ushbu konvensiyaning qabul qilinishi va kuchga kirish (2003 yil 31 oktyabr) dunyo mamlakatlarining korrupsiyaga qarshi kurashdagi hamkorligini yangi pog‘onaga ko‘tardi.

Konvensiyada korrupsiyaning rivojlanishi uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va boshqa jamiyat uchun xavfli bo‘lgan salbiy omillarga qarshi kurashga ulkan to‘siq bo‘lishi mumkinligiga alohida urg‘u berilgan.

Ushbu Konvensiyaning maqsadi quyidagilardan iborat:

— korrupsiyaga qarshi qaratilgan yuqori samarali chora tadbirlarni qabul qilish va ularni mustahkamlash;

— korrupsiyaga qarshi kurashda halqaro hamkorlikni kengaytirish, yengillashtirish va qo‘llab quvvatlash.

 

Paxtachi tuman sudining raisi A.Xolboev

Teglar
- -