Ishdan chetlashtirish nima?
Xodimni Ishdan chetlashtirish tartibi haqida nimalarni bilasiz?
Ishdan chetlashtirish nima?
Ishdan chetlashtirish – bu ish beruvchi tomonidan xodimni vaqtincha yoki doimiy ravishda o‘z xizmat vazifalarini bajarishdan to‘xtatish jarayoni. Bu mehnat qonunchiligiga muvofiq amalga oshirilishi kerak va turli sabablarga ko‘ra yuzaga kelishi mumkin.
Mehnat kodeksining 151-moddasiga muvofiq Ish beruvchi quyidagi hollarda xodimni ishdan chetlashtirishi shart:
-qonunchilikka muvofiq vakolatli davlat organlarining talabiga ko‘ra;
-alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida;
-mehnatni muhofaza qilish sohasida o‘quvdan hamda bilim va ko‘nikmalari tekshiruvdan o‘tmaganda;
-majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tmaganda;
-xodim tomonidan mehnat shartnomasida shart qilib ko‘rsatilgan ishni bajarish uchun tibbiy xulosaga muvofiq qarshi ko‘rsatmalar aniqlanganda;
-tibbiy xulosaga muvofiq sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra to‘rt oygacha muddatga vaqtincha boshqa ishga o‘tkazishga muhtoj bo‘lgan xodimni o‘tkazish rad etilganda yoxud ish beruvchida ish mavjud emasligi munosabati bilan bunday xodimga tegishli ishni taklif etish mumkin bo‘lmaganda;
-xodim mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka yoki mehnatni muhofaza qilish qoidalariga muvofiq foydalanilishi shart bo‘lgan shaxsiy va (yoki) jamoaviy himoya vositalaridan foydalanmaganda.
Xodim karantinli va odam uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar tarqalishi tahdidi mavjud bo‘lganda O‘zbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachining qarori asosida qonunchilikda belgilangan tartibda joriy etiladigan profilaktik emlashdan o‘tishni rad etgan taqdirda (sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra qarshi ko‘rsatmalar mavjud bo‘lmaganda) ish beruvchi uni ishdan chetlashtirishga haqli.
Xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan taqdirda ham, agar muayyan xodimning ishda bo‘lishi xizmat tekshiruvini o‘tkazishga xalaqit beradi deb taxmin qilish uchun asosli sabablar mavjud bo‘lsa, ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirishga haqli.
Ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtiradi.Ish beruvchi asosli sabab bilan qaror qabul qilishi kerak.
Xodim ishdan chetlashtirilganda qanday oqibatlarga olib keladi ?
Ishdan chetlashtirish xodim va ish beruvchi uchun quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkin:
Xodim uchun: Daromaddan mahrum bo‘lish, obro‘siga putur yetishi, ish joyini yo‘qotish xavfi.
Ish beruvchi uchun: Ish unumdorligining pasayishi, mehnat nizolari, sud jarayonlari xavfi.
Xulosa qiladigan bo`lsak Ishdan chetlashtirish muhim mehnat-huquqiy jarayon bo‘lib, u faqat asosli sabablar bilan va qonun doirasida amalga oshirilishi lozim. Xodim va ish beruvchi o‘z huquq va majburiyatlarini bilishi, nizolarni qonuniy va adolatli hal qilishga intilishi lozim.
Paxtachi tuman adliya bo`limi
Yuridik xizmat ko`rsatish
Markazi boshyuriskonsulti E.Sag`dullayev