“E-AUKSION” orqali oʻquv muassasalari oshxonalari tanlov asosida ijaraga beriladi
“E-AUKSION” orqali oʻquv muassasalari oshxonalari tanlov asosida ijaraga beriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 11-yanvardagi 8-sonli qaroriga asosan Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 2-maydagi 132-sonli qaroriga oʻzgartirishlar kiritildi.
Oʻzgartirishlarga koʻra, umumiy oʻrta va oʻrta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining oshxonalari “E-auksion” tizimida oʻtkazilgan tanlov asosida ijaraga beriladi.
Qarorga koʻra ijaraga olish istagidagi shaxslarga bir qator talablar qo’yilmoqda. Jumladan:
- tadbirkorlik faoliyatini yuritish uchun davlat roʻyxatidan oʻtgan;
- umumiy ovqatlanish boʻyicha kamida 6 oy davomida faoliyat yuritayotgan;
- oshxona faoliyati yoʻnalishi boʻyicha maxsus jihozlarga ega boʻlgan;
- shartnoma va sud hujjatlari boʻyicha zimmasida ijara hamda soliq toʻlovlaridan qarzdorligi mavjud boʻlmagan.
Bunda ijaraga oluvchi arizasiga ushbu talablarga javob berishini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalari va tegishli ma’lumotlarni ilova qiladi.
Tanlov Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 12-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan «E-auksion» elektron savdo platformasida elektron onlayn-auksion va tanlovlarni tashkil etish hamda oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq oʻtkaziladi.
Ta’lim tashkilotlarining oshxonalari Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-dekabrdagi 660-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq ijaraga beriladi.
Tanlovda gʻolib deb e’tirof etilgan ijaraga oluvchi bilan ijara shartnomasi shu davrdagi oʻquv yili uchun tuziladi.
Majburiyatlarini muddatida va toʻliq bajarib kelayotgan ijaraga oluvchining tashabbusi bilan shartnoma muddati keyingi oʻquv yillari uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ijaraga berishning eng koʻp muddatigacha uzaytirilishi mumkin.
Qaxramon Eshankulov - “Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish” AJ Samarqand viloyati hududiy vakili