insurez
19-09-2025 12:30

Dekret ta’tili va to‘lovlari: ayollarning ish joyidagi huquqlari


      Mehnat munosabatlarida ayollarning maxsus holatlarini hisobga olgan holda, qonunchilikda ular uchun qator imtiyozlar va kafolatlar belgilangan. Shulardan biri — homiladorlik va tug‘ruq ta’tili (dekret ta’tili)dir. Bu ta’til mehnat kodeksi va boshqa normativ hujjatlar asosida tartibga solinadi.

Dekret ta’tiliga chiqish asoslari

       O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksiga muvofiq, ishlovchi ayollarga homiladorlik va tug‘ruq davri uchun mehnat ta’tili beriladi:

Homiladorlik va tug‘ruq ta’tili umumiy hisobda 126 kalendar kunni tashkil etadi — tug‘ruqdan avval 70 kun, tug‘ruqdan keyin 56 kun (ikkala qism bir vaqtda beriladi).

Agar og‘ir tug‘ruq yoki ikki yoki undan ortiq bola tug‘ilgan bo‘lsa, tug‘ruqdan keyingi davr 70 kun qilib belgilanadi. Shu holda jami 140 kun bo‘ladi.

Dekret ta’tilida to‘lovlar

        Ayol dekret ta’tilida bo‘lgan vaqtda u mehnatga layoqatsiz deb topilgan holatda, qonunchilik asosida nafaqa to‘lanadi. Bu to‘lovning manbalari va miqdori quyidagicha aniqlanadi:

To‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.    Dekret ta’tili davomida beriladigan nafaqa miqdori ayolning so‘nggi 12 oydagi o‘rtacha oylik ish haqi asosida hisoblanadi.   Agar ish staji 6 oydan kam bo‘lsa yoki rasmiy ish joyi bo‘lmasa, maxsus belgilangan bazaviy miqdor bo‘yicha nafaqa to‘lanadi.

Qo‘shimcha ta’til va bola parvarishi ta’tili

        Dekret ta’tili tugaganidan so‘ng, ayol xohlasa, bolani 3 yoshgacha parvarish qilish ta’tilini olishi mumkin. Bu vaqt mobaynida u ishdan bo‘shatilmaydi.  Bola 2 yoshga to‘lgungacha bola parvarishi uchun har oylik nafaqa to‘lanadi (bu nafaqa miqdori yiliga qayta ko‘rib chiqiladi).

Qonun himoyasidagi huquqlar

Dekret ta’tilida bo‘lgan ayollarning ish joyi saqlanadi.

Dekret ta’tiliga chiqqanlik ayolning mehnat stajiga qo‘shiladi.

Ayol dekret ta’tilida ekan, uni ishdan bo‘shatish taqiqlanadi (mehnat shartnomasi muddati tugashidan tashqari hollarda).

             Dekret ta’tili — bu nafaqat ijtimoiy himoya shakli, balki ayollarning mehnat munosabatlarida teng huquqqa ega ekanligini tasdiqlovchi huquqiy kafolatdir. Mehnat kodeksi va ijtimoiy sug‘urta tizimi orqali belgilangan bu huquqlar, amaliy jihatdan har bir ish beruvchi va xodim tomonidan to‘g‘ri qo‘llanilishi zarur.

 

Paxtachi tuman adliya bo`limi

yuridik xizmat ko`rsatish

markazi boshlig`i                                                                                          Sh.Abdumurotov

Teglar
- -