insurez
14-05-2025 16:51

2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to'g'risida


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni “2025 yil uchun xususiylashtirish dasturi to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilindi. Ushbu farmonni qabul qilishdan ko‘zdangan asosiy maqsad 30 trillion so‘mlik davlat aktivlari va yer uchastkalarini sotish va kamida 10 trillion so‘m tushumni ta’minlash, davlat va davlat ishtirokidagi korxonalarga tegishli 115 ta jamiyat ustav kapitalidagi ulushlarni, 659 ta ko‘chmas mulk ob’ektini va 6,1 ming gektar yer uchastkalarini savdoga chiqarish, dastlabki bosqichda kamida 30 ta foydali qazilma kon va uchastkalaridan foydalanish huquqini savdoga chiqarishligi ko‘rsatib o‘tilmoqda.

Farmon bilan iqtisodiyotda davlat ishtirokini qisqartirish va xususiy sektor ulushini oshirish maqsadida 2030 yil 1 yanvarga qadar davlat ishtirokidagi korxonalarni (mudofaa va xavfsizlik bilan bog‘liq korxonalar hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno) tashkil etishga moratoriy joriy etilmoqda.

Shuningdek, yer uchastkalari sotilishini jadallashtirish maqsadida:

-ochiq elektron onlayn auksion savdolari orqali ijara huquqi asosida sotib olingan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari, agar ular yer uchastkasi realizatsiya qilinganidan keyin tasdiqlangan bosh reja, aholi punktlari qismlarini batafsil rejalashtirish loyihalari yoki hududlarni kompleks rivojlantirish va rejalashtirish bo‘yicha boshqa hujjatlarga (shaharsozlik hujjatlari) muvofiq bo‘lsa va yer ijara shartnomasida boshqa shartlar nazarda tutilmagan bo‘lsa, yer uchastkasi uchun to‘lovlar to‘liq to‘langanidan keyin O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va (yoki) yuridik shaxslari tomonidan xususiylashtirilishiga yo‘l qo‘yilishi;

-mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan elektron onlayn auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalari, ustuvor ravishda, faoliyatini kengaytirish istagida va tayyor loyihasi bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlari taklif bildirgan joylardan tanlanishi;

-elektron onlayn auksion savdolarida turgan maydoni kichik bo‘lgan yonma-yon turgan yer uchastkalari shaharsozlik normalaridan kelib chiqqan holda birlashtirilib, qo‘shimcha kelishuvlarsiz qayta auksion savdolariga chiqarilishi belgilab berilmoqda.

Shu bilan birga davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish maqsadida:

-ijara shartnomasi tuzilgan kundan boshlab ijaraga oluvchi tomonidan yillik ijara to‘lovlari bir oy davomida to‘langan taqdirda, unga yillik ijara summasidan mazkur shartnoma tuzilgan sanadagi Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida chegirma beriladi, bundan chegirma qo‘llamaslik sharti bilan ijaraga berilgan hamda bir yildan kam muddatga tuzilgan va boshqa imtiyozlar qo‘llangan ijara shartnomalari mustasno;

-olti oy davomida elektron onlayn auksion savdolarida ijaraga berilmagan ob’ektlarning boshlang‘ich narxi 50 foiz pasaytirilgan qiymatda belgilanadi. Bunda boshlang‘ich narx pasaytirilganda ham ijaraga berilmasa, ushbu auksion unda bir ishtirokchi qatnashgan taqdirda ham, istisno tariqasida, o‘tkazilgan deb hisoblanadi.

Mazkur Farmon asosida davlat mulkini boshqarish va sotishning yangi mexanizmlari joriy etilmoqda. Jumladan,

-Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar, tuman va shahar markazlaridagi davlat tashkilotlari va davlat ishtirokidagi korxonalar ma’muriy binolarining birinchi qavati bo‘shatilib, elektron onlayn auksion orqali tadbirkorlik sub’ektlariga savdo va servis ob’ektlarini tashkil etish uchun ijaraga beriladi (bundan to‘liq sotiladigan va alohida ahamiyatga ega ma’muriy binolar mustasno);

-2025 yil 1 iyuldan boshlab Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalariga «Davlat mulki» axborot tizimi orqali davlat va davlat ishtirokidagi korxonalar ko‘chmas mulk ob’ektlarini sotish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron onlayn auksion savdolariga chiqarish bo‘yicha ariza berish huquqi beriladi.

Xususiylashtirish sohasida ishtirok etuvchi jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari kafolatlanmoqda. Ya’ni, xususiylashtirilgan yer uchastkalari bo‘yicha soliq to‘lash tizimi takomillashtiriladi, davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida vujudga kelgan xususiy mulk daxlsizligi hamda davlat mulkini xususiylashtirish natijalari qayta ko‘rib chiqilmasligi hamda bekor qilinmasligi belgilab berildi.

 

“Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etishAJ

 Samarqand viloyati vakili

Eshankulov Qahramon

 

Teglar
- -