Tuproqning agrokimyoviy tahlili-nima uchun zarur
AGROKIMYOVIY TAHLIL — laboratoriya. sharoitida o‘simlik, yem-xashak, tuproq, o‘g‘it, pestitsid va boshqalarning kimyoviy tarkibini aniqlash. Agrokimyoviy tahlil agrofizik, mikrobiologik tadqiqotlar bilan birga tuproq unumdorligini oshirishga bog‘liq bo‘lgan masalalarni hal qilishga yordam beradi. O‘g‘itlarni qo‘llash, almashlab ekish, tuproqqa ishlov berish, o‘simliklarni sug‘orish rejimi va b. ni o‘rganish yuzasidan tadqiqotlar o‘tkazilganda tuproq va o‘simliklarni Agrokimyoviy tahlil qilish orqali ularda sodir bo‘lgan sifat va miqdor o‘zgarishlarini aniqlash mumkin.
Ilmiy tadqiqotlar natijalariga ko‘ra mineral o‘g‘itlardan doimiy foydalangan holda qishloq xo‘jalik ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda har 4 yilda bir marotaba tuproq agrokimyo izlanish ishlari bajarilib, agrokimyoviy xaritanomalar ishlab chiqilishi belgilangan.
Agrokimyoviy xaritanoma sug‘oriladigan ekin yerlari tuproqlarining qishloq xo‘jalik ekinlari uchun zarur bo‘lgan ozuqa moddalari (harakatchan fosfor, almashuvchan kaliy, gumus (chirindi)) bilan ta’minlanganlik holatini belgilovchi hujjat hisoblanadi.
Agrokimyoviy xaritanoma talabi asosida har bir kontur kesimida ekiladigan qishloq xo‘jalik ekinlari uchun mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talab ishlab chiqiladi va shu asosida mineral o‘g‘itlardan har bir konturning tuproq holatiga ko‘ra tabaqalashtirib (differensial) foydalaniladi.
Agrokimyoviy xaritanoma talabi buzilishi yoki umuman unga amal qilinmasligi oqibatida o‘simlik tomonidan tuproqdagi oziqa moddalari olib chiqib ketilishi va ularni o‘rni qoplanmasligi (yoki keragidan ortiq mineral o‘g‘itlar kiritilishi) natijasida tuproq holati yomonlashib, ekinlar hosildorligi kamayib boradi, ekologik vaziyat buziladi.
Tuman bo‘yicha tuproq agrokimyo izlanishlar yakunida jami sug‘oriladigan yerlar tuproqlarining oziqa moddalari bilan ta’minlanganlik darajasiga muvofiq mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy asoslangan talab ishlab chiqiladi. Shu asosida viloyat va Respublika bo‘yicha qishloq xo‘jalik ekin turlariga muvofiq mineral o‘g‘itlarga bo‘lgan ilmiy talab shakllantiriladi.
O‘simliklar karantini va himoyasi Paxtachi tuman bo‘limi




