insurez
13-11-2025 17:24

“Paxtachi” gazetasi 90 yillik tarixga ega nashr


Joriy yilda Paxtachi tumanining yagona ommaviy axborot vositasi – “Paxtachi” gazetasi chiqa boshlaganiga 90 yil to‘ldi. 1935-yilda “Uchqun” nomi bilan chop etila boshlangan nashr o‘tgan to‘qqiz o‘n yillik davomida tuman hayoti, mehnatkash aholisi, ijodkorlari, ustoz-u murabbiylari, rahbarlari hamda fidoyi insonlari haqida boy tarixni o‘z sahifalarida aks ettirib keldi.

Bugun tuman hokimi Qayum Xushbaqov Matbuot uyiga tashrif buyurib, gazeta tahririyati faoliyati bilan yaqindan tanishdi. U yaqinda bo‘lib o‘tadigan 90 yillik tantanalar oldidan o‘z taklif va tashabbuslarini ilgari surdi.

— “Paxtachi” gazetasi bu shunchaki nashr emas, bu Paxtachining kechasi, buguni va ertasini tarix zarvaraqlariga bitadigan manba, faoliyatimizga oyina, aholimizga ma’rifat ulashuvchi, yoshlarimiz iste’dodini shakllantiruvchi maskan deb qarashimiz lozim, — dedi tuman hokimi Qayum Xushbaqov. — Shu sababli barcha ta’lim muassasalari, tuman tashkilotlari va mahallalarda “Paxtachi” gazetasining 90 yilligi keng nishonlanib, ijodiy uchrashuvlar tashkil etilib, nashrimizga munosib hurmat ko‘rsatilishi lozim.

Tantanalar oldidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. 90 yillik yubiley doirasida turli ijodiy uchrashuvlar, ko‘rgazmalar hamda tahririyat xodimlari ishtirokida tadbirlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Teglar
- -