Sifatli defoliatsiya - ertachi va mo‘l hosil garovi
Sifatli defoliatsiya - ertachi va mo‘l hosil garovi
Tumanda 2024- yil hosili uchun 8154 gektar maydonga g‘o‘za ekilib parvarish qilinmoqda. Yetishtirilgan paxta hosilini qisqa muddatda yig‘ib-terib olishda g‘o‘za defoliatsiyasi muhim ahamiyatga ega. Bu tadbir to‘g‘ri o‘tkazilganda, barglarning to‘liq to‘kilishi ta’minlanadi va shuning hisobiga g‘o‘zadagi bo‘liq ko‘saklar 5-10 kun erta pishib yetiladi. Ilk terim salmog‘i 15-20 foizgacha oshib, yuqori sifatli paxta hosili ko‘payadi.
G‘o‘za bargini sun’iy to‘ktirish muddatidan kechiktirmasdan va sifatli o‘tkazilishi kuzgi boshoqli don ekinlari urug‘ini sifatli ekib, oktyabr oyida to‘liq undirib olishga qulay sharoit yaratiladi.
G‘o‘za bargini to‘ktirish uchun aviatsiya yoki traktor agregatlaridan foydalaniladi. Havo harorati va g‘o‘za navlarining rivojiga qarab defoliant me’yori aniqlanadi. Defoliatsiya davrida sutkalik havo harorati 17 darajadan past bo‘lsa, bu me’yorni 15-20 foizga oshirish kerak. Defoliantning yumshoq ta’sir etishi natijasida o‘simlikdagi fiziologik-biologik jarayonlar uzluksiz davom etib, yosh ko‘saklar pishib yetiladi, ularning ochilish jarayoni tezlashadi, natijada paxta hosili 1,5-2 sentnerga ortadi.
Urug‘lik uchun ekilgan dalalarda bu tadbir urug‘lik paxta to‘liq yig‘ishtirib olingandan so‘ng o‘tkazilsa, qolgan kechki ko‘saklarning tezroq ochilishiga sharoit yaratiladi.
Qayd etganimizdek, defoliatsiya samaradorligiga ta’sir etuvchi omillardan biri bu havo harorati bo‘lib, defoliant o‘zining kimyoviy xususiyati va ta’sir etish mexanizmiga ko‘ra haroratga turli darajada talabchan bo‘ladi. Bu yil qo‘llash uchun tavsiya etilgan defoliant havoning sutkalik harorati 17 darajadan yuqori bo‘lganda ijobiy samara berib, harorat pasayganda uning ta’siri kamayadi. Agarda harorat 15 darajadan past bo‘lsa, defoliant ta’sir kuchini tamoman yo‘qotadi. Shuning uchun defoliatsiya qilishdan oldin soha mutaxassisi havo harorati to‘g‘risidagi aniq bashoratni olib, preparatni qo‘llash va sepish muddatlarini to‘g‘ri belgilashi kerak. Agar defoliatsiya o‘tkazilgandan keyin 1-2 kunda yog‘ingarchilik kuzatilsa yoki havo harorati keskin pasaysa, ushbu dalada qayta defoliatsiya o‘tkazish kerak.
Havo harorati yuqori bo‘lganda defoliant me’yorini ko‘paytirib qo‘llash yosh ko‘saklarga ta’sir etishi hisobiga hosildorlikni kamaytiradi. Shuningdek, havo harorati past bo‘lganda defoliantning kam me’yorda qo‘llanilishi eritma samaradorligini pasaytiradi, barglar kam to‘kiladi.
Defoliatsiya samaradorligi uni kun davomida o‘tkazish vaqtiga ham bevosita bog‘liq. Kunning issiq paytida, ya’ni kun o‘rtasida g‘o‘za barglarining og‘izchalari yopiladi. Natijada bu paytda sepilgan defoliantlar bargda so‘rilmaydi va issiqlik ta’sirida tezda havoga parlanib ketib, tadbir besamar bo‘lib qoladi. Shuning uchun defoliatsiyani kunning salqin paytlarida, ya’ni ertalab shudring ko‘tarilgandan so‘ng kunduzgi soat 11 gacha hamda kunning ikkinchi yarmida soat 16 dan kechgacha o‘tkazish yuqori samara beradi.
Tuproq namligining ham defoliatsiya samaradorligiga ta’siri juda katta. Shu sababli defoliatsiya davrida tuproq namligi cheklangan dala nam sig‘imiga nisbatan 65-70 foizdan kam bo‘lmasligi yoki traktor yurganda tuproqda uning yengil izi qoladigan darajada bo‘lishi lozim. Agar tuproq namligi 60 foiz va undan past bo‘lsa, o‘simlikning bargi va tanasidagi suyuqlik konsentratsiyasi ortib, defoliantning o‘simlik bargiga singishi susayadi va samarasi pasayadi. Shuning uchun agar tuproq namligi past bo‘lsa dalalarni defoliatsiyadan 10-12 kun oldin yengil sug‘orish kerak. Namlik me’yordan yuqori bo‘lganda g‘o‘zaning o‘suv nuqtasida ikkilamchi o‘sish hosil bo‘ladi, natijada ko‘saklarning ochilishi susayib, hosil sifati pasayadi.
G‘o‘zaning bo‘yi past o‘sib, rivojlangan maydonlarda defoliantning gektarlik me’yorini tavsiya etilganiga nisbatan 10-15 foizga kamaytirish, baravj o‘sgan yoki g‘ovlagan maydonlarda esa 10-15 foizga oshirish tavsiya etiladi.
Shuningdek, defoliatsiya qilishda g‘o‘za navlarining biologik xususiyatlariga ham alohida e’tibor qaratish lozim. Chunki defoliant g‘o‘za navlariga turlicha ta’sir etadi. Jumladan, o‘rtapishar g‘o‘za navlari, ya’ni barg shapalog‘i katta, qalin, serbarg bo‘lganda defoliantlarga kam ta’sirchan, barg shapalog‘i kichik va yupqa bo‘lgan tezpishar g‘o‘za navlarining ta’sirchanligi esa yuqori bo‘ladi.
G‘o‘za maydonlarida ko‘saklarning ochilish darajasini aniqlash uchun har bir dalaning dioganali bo‘ylab 5 ta joydan konvert usulida 10 m2 maydon belgilanadi. Ushbu maydondagi haqiqiy ko‘chat qalinligi, har bir tupdagi jami ko‘sak soni va shundan ochilgan ko‘saklar soni aniqlanib, ko‘saklarning o‘rtacha ochilish darajasi hisoblab chiqiladi. Olingan natijaga qarab ushbu kontur uchun defoliant turi, o‘tkazish muddati va me’yori belgilanadi.