Bolalar davlat bog‘chalari (DMTT)ga qay asosda qa’bul qilinishi kerak?
Bolalar davlat bog‘chalari (DMTT)ga qay asosda qa’bul qilinishi kerak?
Fuqarolar tomonidan ta’lim tizimining barcha bosqichlariga nisbatan qiziqish maktabgacha ta’lim tizimida aholida ahamiyat kasb etadi. Hozirgi vaqtda farzandlarini maktabga ta’lim tashkiloti (bog‘cha)ga bermaydigan ota-onalar judayam kamchilikni tashkil etadi. Mazkur masalaning ijtimoiy ahamiyati haqida gap ketganda, ko‘pchilik farzandini bepul bo‘lgan davlat bog‘chasiga berishni afzal ko‘radi. Bu o‘rinda, DMTTlarga bolalarni qa’bul qilishning huquqiy tartibini yoritish har doimgidanda ahamiyatlidir. Xo‘sh mazkur masalaning huquqiy asoslari qanday?
Davlat bog‘chalariga 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar qabul qilinadilar. Xususiy bog‘chalarga qabul qilish yoshi va tartibi ushbu bog‘chalar tomonidan mustaqil belgilanadi. 2022-yil 1 apreldan boshlab: to‘liq quvvat bilan ishlamayotgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga 2 yoshdan 3 yoshgacha bo‘lgan bolalarni pullik xizmat ko‘rsatish shaklida qabul qilishga ruxsat berilgan.
Davlat bog‘chasiga bolani joylashtirish uchun yo‘llanma olish haqida anketani to‘ldirish zarur. Anketani 2 xil usulda to‘ldirish mumkin: ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan Davlat xizmatlari markaziga murojaat qilish va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida tegishli anketani to‘ldirish. Yo‘llanma olish uchun faqatgina tegishli so‘rovnomani to‘ldirish talab etiladi. Bunda faqatgina yo‘llanma olishda imtiyozlar mavjud bo‘lsa tegishli hujjatlarning asl nusxalari ko‘rsatiladi.
Quyidagi shaxslarga bolalarini bog‘chaga qo‘yishda imtiyozlar nazarda tutilgan:
- I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarning bolalari;
- ko‘p bolali oilalarning bolalari;
- yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
- «Ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolg‘iz ayollarning bolalari;
- kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari;
- talabalar va pedagoglarning bolalari;
- akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan bo‘lgan bolalar;
- ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga o‘tkazilayotgan sog‘aygan bolalar.
Bog‘chaga berish haqida anketa to‘ldirilayotganda tanlangan bog‘chada bo‘sh o‘rin mavjud yoki mavjud emasligi avtomatik ravishda ma’lum bo‘ladi. Agar bo‘sh o‘rin bo‘lmasa, ushbu holatda bo‘sh o‘rinlarga ega bo‘lgan boshqa bog‘chani tanlash (yo‘llanma olish) hamda bo‘sh o‘rin bo‘lganda yo‘llanma olish uchun navbatga kirish (bunda bir yo‘la 2 ta bog‘chani tanlash mumkin) mumkin bo‘ladi. Taqdim etgan anketada ishonchsiz yoki noto‘g‘ri ma’lumotlarning mavjudligi yo‘llanmalar berishning rad etilishi uchun asos hisoblanadi. Boshqa asoslar bo‘yicha yo‘llanma berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘llanma bo‘sh joy paydo bo‘lgan kundan boshlab bir ish kuni ichida taqdim etiladi. Yo‘llanma olingandan keyin 15 kun ichida bog‘chaga olib borilishi kerak. Ushbu muddat o‘tgandan keyin taqdim etilgan yo‘llanma qabul qilinmaydi. Bola bog‘chaga yo‘llanma taqdim etilgandan keyin bir ish kuni ichida qabul qilinadi. Bolalarni bog‘chaga qabul qilish bepul amalga oshiriladi.
Paxtachi tumani YXKM
bosh yuriskonsulti Qazoqov Bekjon.