Аholini kontrafakt mahsulotlaridan ximoya qilishda tovar belgisi qanday ahamiyatga ega?
Kontrafakt tushunchasi o‘zi nima? Qanday mahsulotlar kontrafakt sanaladi?
Kontrafakt - bu huquq egasining tovar belgisiga bo‘lgan huquqlarini buzish hisoblanib, isteʼmolchini adashtirish darajasida tovar nomini o‘zgartirish sanaladi. Kontrafakt barcha mahsulotlar orasida mavjud. Sababi nohalol tadbirkor oson daromad ko‘rish uchun ko‘p yillik tajribaga ega, xaridorlar ishonchini qozongan va bozorda o‘z o‘rnini topgan tovar nomiga o‘xshatib mahsulot chiqaradi. Аfsuski xaridorlar har doim ham sotib olayotgan tovarlari nomlanishi to‘g‘ri yozilganiga, ishlab chiqaruvchisi haqida maʼlumotlar to‘liq ekaniga eʼtibor berishmaydi va aldanib qolishadi. Ko‘pincha kontrafakt mahsulot sifati past bo‘lgani uchun uning “umri” qisqa bo‘ladi va xaridor bir bor adashgan mahsulotni qaytib sotib olmaydi. Bu esa nohalol “tadbirkor”ning boshqa turdagi kontrafakt mahsulot chiqarishiga sabab bo‘ladi. Bu jarayon unga qonuniy chora ko‘rilmaguncha nihoyasizdir.
Kontrafakt mahsulotlar makon tanlamas bo‘lib, bu muammo bilan barcha mamlakatlar kurash olib boradi. Chunki kontrafakt mahsulot savdosi mamlakat iqtisodiyotiga zarar keltirib, nohalol raqobat oqibatida yirik tadbirkorlarning tovar aylanmasi keskin tushib ketadi va ishchilarga oylik, davlatga soliq to‘lash qobiliyatini asta-sekin yo‘qotadi. Passiv daromad esa kompaniyalarning ish o‘rnini qisqartirishga yoki butunlay bankrot bo‘lishiga olib keladi. Buning ortidan ishsizlik kelib chiqadi. Xalqaro savdo palatasining maʼlumotlariga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab kontrafakt mahsulotlar savdosi barcha xalqaro tovar savdosining 5-7 foizini tashkil qiladi. Kontrafakt mahsulotlar jahon iqtisodiyotiga yiliga taxminan 500 milliard AQSh dollari zarar keltiradi.
Dori vositalari kontrafakti misoli bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, kontrafakt dori-darmonlar har yili jahonda qariyb 1 million insonning umriga zomin bo‘lmoqda. Bundan tashqari, kontrafakt dori tarkibida faol moddalar umuman bo‘lmasligi ham mumkin, shu bois uni qabul qilgan shaxsning ahvoli yaxshilanmaydi, balki kasallikni yengishga qarshi vosita ichilmagani sababli sog‘ligi jiddiy xavf ostida qoladi.
Dori ishlab chiqaruvchi farmatsevtik firma original dori sifati va kasallikka taʼsir qilishini yillar davomida sinovdan o‘tkazadi. Аmmo kontrafakt mahsulot tayyorlab bozorga chiqarishga urinayotgan “uddaburon tadbirkor” esa osongina foyda ko‘rish maqsadida o‘zganing tovar belgisidan foydalanib, nomi o‘xshash dori ishlab chiqaradi.
Bugungi kunda dorixonalarda sotilayotgan kontrafakt mahsulotlari aylanmasini cheklash maqsadida ularning maxsus katalogi tuzilib, sotuvchilar va isteʼmolchilar doimiy ravishda tanishtirilmoqda.
Paxtachi tumani Adliya bo'limi
Yuridik xizmat ko'rsatish
markazi boshlig‘i: A.Raxmatullayev.