“Xavfsiz yo‘l” milliy dasturini joriy qilish borasida vazifalar belgilanmoqda
Davlatimiz rahbari raisligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishda “Xavfsiz yo‘l” milliy dasturini joriy qilish borasida vazifalar belgilandi.
Mazkur dasturni amalga oshirish maqsadida «Xavfsiz yo‘l va xavfsiz piyoda» respublika jamg‘armasi faoliyati qayta tashkil qilinib, ushbu jamg‘arma to‘g‘ridan-to‘g‘ri hukumat qaramog‘iga o‘tadi va har bir viloyatda filiallari faoliyat yuritadi.
Jamg‘armaga 2025 yilda 400 mlrd so‘m tushishi kutilmoqda. Bundan tashqari, foto va video radarlar orqali tushadigan jarimalarning 25% ham ushbu jamg‘armaga yo‘naltiriladi. Eng muhim jihati — bu mablag‘lar birinchi navbatda avariya o‘choqlari bo‘lgan xavfli nuqtalarni tartibga solishga sarflanadi. Yo‘l ajratuvchi to‘siqlar, piyoda yo‘laklari, yoritgichlar, svetafor va belgilar o‘rnatish ustuvor vazifa bo‘ladi.
Eng muammoli uchastkalarni aniqlashda fuqarolar va jamoatchilik fikri inobatga olinadi. Buning uchun maxsus elektron portal ishga tushiriladi, unda hokimiyat va YHXX rahbarlari zarur ishlar ro‘yxatini joylashtiradi, aholi esa loyihalarga ovoz berishi va natijalarni baholashi mumkin bo‘ladi. Jamg‘arma faoliyati shaffof va hisobotli tarzda yuritiladi.
Yig‘ilishda har bir viloyat va tumanning moliyaviy imkoniyati turlicha ekani inobatga olinib, jamg‘arma mablag‘lari loyihalarga qarab taqsimlanishi aytib o‘tildi. Ichki yo‘llarni tartibga solish uchun esa viloyat va tuman hokimlari shaxsan mas’ul etib belgilandi. Mazkur tashabbuslar yo‘llardagi tirbandliklarni oldini olishga, aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Tuman Kengashi deputati Sh. Musirmonov