RAQAMLI DALILLAR BILAN ISHLASH
Hujjat bilan jinoyat-protsessual, fuqarolik-protsessual, Iqtisodiy protsessual, ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasini, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.
Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio, videoyozuvlar, internet tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.
Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.
Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi. sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.
Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi
tuman sudining raisi J.Botirov