insurez
25-02-2025 09:44

Kelajak oʼyinlari boʼyicha alohida tanlovlar oʼtkaziladi


Oʼquvchilar oʼrtasida kelajak oʼyinlari boʼyicha alohida tanlovlar oʼtkaziladi, Chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqiladi va “Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlaganlarga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi

 

Oʼquvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorlash tizimini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʼgʼrisidagi Prezidentning 393-sonli qarori 15.11.2024 qabul qilindi.

Qarorga koʼra, 2025-2026 oʼquv yilidan boshlab umumiy oʼrta  taʼlim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik fani nufuzini oshirish va uning rahbarlari faoliyatini muvofiqlashtirish yuzasidan yangi tizim joriy etiladi.

Yangi tizimga koʼra: “Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʼusi, faol hayotiy pozitsiya” tamoyiliga asosan yangilangan ChQBT fanining oʼquv dasturi va darsliklari yaratiladi; taʼlim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik fani haftasiga ikki soatdan oʼqitiladi.

2025 yil 1 iyundan taʼlim tashkilotlarida chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik rahbari lavozimi joriy etiladi.

Shuningdek, taʼlim tashkilotlarida: oʼquvchilar oʼrtasida kibersport, dron va robototexnika, kelajak oʼyinlari boʼyicha alohida tanlovlar hamda harbiy-sport musobaqalari oʼtkaziladi; ziyolilar va nuroniylar ishtirokida “uch avlod uchrashuvlari” tashkil etiladi; harbiy xizmatchilar tomonidan motivatsion suhbatlar va mahorat darslari olib boriladi.

"Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlaganlarga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi

Qaror bilan har bir tuman (shahar)da bitta umumiy o‘rta ta’lim maktabi negizida “Jasorat maktabi” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

“Jasorat maktablari”da: matematika, chaqiruvga qadar boshlangʼich tayyorgarlik, tarix, jismoniy tarbiya, chet tili, fizika fanlari chuqurlashtirilgan holda o‘qitiladi; o‘qish uchun o‘quvchilarni saralash 5-sinfdan boshlab amalga oshiriladi; robototexnika, kelajak o‘yinlari, tibbiy tayyorgarlik, huquqiy savodxonlik, milliy sport o‘yinlari kabi to‘garak mashg‘ulotlari o‘tkaziladi; o‘quv yili davomida ikki marta harbiy poligonlarda, har chorakda bir marta harbiy qismlarda amaliy mashg‘ulotlar olib boriladi. 2026-2027 o‘quv yilidan boshlab “Jasorat maktabi”ni a’lo baholar bilan tamomlagan har bir “Vatan tayanchi” otryadining a’zosi bo‘lgan bir nafar o‘quvchiga oliy harbiy va harbiylashtirilgan hamda yuridik ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanoma beriladi. Ta’lim tashkilotlarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda “Turon” maktab teatri tanlovi o‘tkazib boriladi.

 

Paxtachi tuman adliya bo`limi

Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi

boshlig`i                                                                       Sh.Abdumurotov

Teglar
- -