insurez
05-09-2025 17:24

BRIFING: Kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik


Assalomu alaykum aziz Paxtachiliklar va tumanimiz mehmonlari!

Kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan aholining turmush tarzida bir qator  o‘zgarishlar yuz beradi. Xonadonlar va muassasalarda isitish tizimlari ishga tushiriladi, elektr energiyasi va gazdan foydalanish keskin ortadi. Buning oqibatida yong‘in, is gazidan zaharlanish, havo gaz aralashmasining chaqnashi kabi xavflar birmuncha ortadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, yilning sovuq oylarida ro‘y beradigan yong‘inlarning qariyib 60 foizi aynan isitish jihozlaridan noto‘g‘ri foydalanish, elektr tarmoqlarining nosozligi va aholining ehtiyotsizligi tufayli sodir bo‘ladi.

Shu munosabat bilan kuz-qish mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etish, aholining hushyorligini oshirish hamda profilaktika choralari haqida ma’lumot berib o‘tmoqchiman. Kuz-qish mavsumi kirib kelishi bilan havo soviydi, isitish vositalaridan foydalanish keskin ortadi. Shu bilan birga, yong‘in chiqish xavfi ham yuqori bo‘ladi. Yong‘inlarning oldini olish uchun quyidagi talab va qoidalarga qat’iy amal qilishingiz zarurligini eslatib o‘tamiz:

 

1. Isitish pechlari va jihozlari xavfsizligi

-Pechlar, dudbo‘ron va mo‘rilarning texnik holatini mavsum oldidan tekshirtiring.

-Pechni yoqishda benzin, kerosin, gaz ballonlari kabi yonuvchi moddalarni ishlatmang.

-Pech eshigini ochiq qoldirmang, yonida kiyim-kechak, qog‘oz, yog‘och kabi tez yonuvchi buyumlarni saqlamang.

-Elektr isitkichlardan foydalanishda ularga bir nechta jihozlarni ulashga yo‘l qo‘ymang.

2. Elektr jihozlari va simlar

-Elektr jihozlarini faqat sifatli va belgilangan tartibda foydalaning.

-Elektr tarmog‘iga haddan ortiq yuklama bermang.

-Simlarning ochiq joylari bo‘lsa, ularni darhol almashtiring.

3. Gaz ballonlari va gaz jihozlari

-Gaz ballonlarini issiq va ochiq olov manbalaridan uzoq saqlang.

-Gaz sizib chiqishi aniqlansa, darhol gaz ta’minotini to‘xtatib, mutaxassisga murojaat qiling.

-Gaz yoqiladigan xonani shamollatib turing.

Kuz-qish mavsumida yong‘in xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish – bu har bir fuqaroning burchidir. O‘zimiz va yaqinlarimizning hayoti hamda mol-mulkini asrash uchun hushyorlikni qo‘ldan bermaylik.

Teglar
- -