8 mart — Хаlqaro хоtin-qizlar kuni munosabati bilan tuman hokimining bayram tabrigi
Assalomu alaykum, Aziz ayollar!
Muhtarama onaxonlar, qadrli opa-singillar!
Ona tabiat chiroy ochib, atrof-muhit yashil libosga burkanib, bahor nashidasi tobora kuchayib borayotgan ayni shu fusunkor ayyomda siz, azizlarimni, sizlarning timsolingizda butun tumanimiz xotin-qizlarini 8-mart bayrami bilan chin qalbimdan tabriklashni o‘zim uchun katta baxt deb hisoblayman.
Odatda ayolni bahorga, bahorni esa ayolga qiyoslashadi. Zotan o‘lkamiz uzra muattar sepini yoya boshlagan bahorning ilk kunlari aynan xotin-qizlar bayrami bilan boshlanishi ham ramziy ma’no kasb etadi. Ayoli bor oila qut-barakali, fayzli va tarovatli bo‘ladi. Yurtimiz ham, jamiyatimiz ham ayol bilan go‘zaldir.
Tumanimizning turmush tarzining osudaligi, baxt-saodatli va totuvligi, olib borilayotgan har bir bunyodkorlik, yaratuvchanlik ishlarida ayollarimizning aql-zakovati, o‘tkir zehni mujassam ekanligini quvonch bilan ta’kidlab o‘tishimiz joiz.
Demak, Siz hamisha el-yurt ardog‘idasiz.
Sizning salomatligingiz, baxtingiz, sha’n va huquqingiz biz uchun ko‘z qorachig‘idek azizdir. Mana shu bayram kunlarida biz-tumanimizning keksayu yosh barcha-barcha erkak zoti, mard o‘g‘lonlari haqiqatan ham Yaratganning mo’jizasi bo‘lmish ayol siymosi oldida, avvalambor, mehribon onalarimiz oldida bosh egib, ta’zim bajo keltiramiz. Munis onaxonlarimiz opa-singillarimiz, dunyodagi eng chiroyli, latofatli qizlarimizni tabriklab, ularning sha’niga samimiy va ezgu tilaklarimizni, chuqur hurmatimizni izhor etamiz.
Shu kunlarda hammamizning tilimizda, dilimizda bo‘lgan bir fikrni hech ikkilanmasdan aytishni zarur deb bilaman. Bu dunyoda shirin va ahil, baxtli hayot uchun poydevor yaratib, insonni inson, oilani mustahkam oila qiladigan, biz uchun sevgi-muhabbat, vafo va sadoqat timsoli bo‘lib kelayotgan siz, go‘zal va betakror, qadrdon ayollarimiz, desak, ayni haqiqatni aytgan bo‘lamiz.Chindan ham, o‘zining beqiyos mehri va fidoyiligi, sabr-qanoati va chidamliligi bilan xonadonlarimizda, butun jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlik, totuvlik va hamjihatlik muhitini saqlab, hayotimizga fayzu tarovat bag‘ishlaydigan, tunlari bedor bo‘lib, bolalarimizni barkamol insonlar, Vatanimizning mard va jasur himoyachilari etib voyaga yetkazadigan kim?
Mehribon va oqila ayollarimiz.
Aziz va muhtaram onaxonlar qadrli opa-singillar!
Avvalo, Sizlarni, sizlarning timsolingizda barcha onaxonlarimiz, opa-singillarimiz, dilbar qizlarimizni ushbu bayram bilan chin qalbimdan muborakbod etgan holda, oʻzimning chuqur hurmat va ehtiromimni bildiraman.
Oila va jamiyat ustuni, hayotimizning fayzi va koʻrki boʻlgan xotin-qizlarni eʼzozlash, ularga hurmat va ehtirom koʻrsatish xalqimiz uchun azal-azaldan buyuk qadriyat boʻlib kelgan va shunday boʻlib qoladi. Chunki Sizlar bilan hayotimiz goʻzal va mazmunli, xonadonlarimiz obod va nurafshondir.
Barchangizni yer kurramizda keng miqyosda nishonlanib kelinayotgan 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan samimiy qutlab, Sizlarga sihat-salomatlik, oilalaringizda to‘kin-sochinlik, baxt-saodat, shodu-xurramlik, sharafli ishlaringizda yangidan-yangi zafarlar tilayman.
Ayollik baxti, bekalik taxti, onalik martabasi Sizlarga hamisha hamroh bo‘lsin!
Soʻzimning oxirida barchangizni Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan tabriklayman.Barchangizga oilaviy xotirjamlik, xonadonlaringizga tinchlik, fayzu baraka tilayman.
Doimo xalqimiz, Vatanimizning yuksak mehri va ardogʻida boʻlish hammangizga nasib etsin!
Paxtachi tumani hokimining 2024 yil Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan bayram nutqi
Assalomu alaykum aziz tumandoshlar!
Bugungi bayramimiz ishtirokchilari!
Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida yaqqol mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘zi olam eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.
Azizlar! Sizlarni, sizlar orqali barcha tumandoshlarimizni bugungi sharqona yangi yil – Navro‘z umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.
Ushbu qadimiy bayramning ruhida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun va ahamiyat kasb etib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Barchamizga ayonki, o‘tgan sinovli yillarimiz barcha tumandoshlarimiz uchun chinakam Navro‘z sayli sifatida, birdamlik, jipslik va uyushqoqlikda o‘tdi. Mehnatkash xalqimiz bilan rivojlanish yo‘lida oldimizga qo‘ygan maqsadlarimiz va katta rejalarimizni o‘zgacha kuch va yangi g‘ayrat bilan davom ettira oldik.
Qadrli tumandoshlar!
Hurmatli bayram ishtirokchilari!
Yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning, o‘zgarishlarning davomi sifatida hurmatli prezidentimiz tomonidan 2022 yil – Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili deb nomlash taklifi berildi.
Ushbu yil davomida Inson qadrini ulug‘lash maqsadida mahallalarda yangi institut sifatida joriy qilingan tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha tuman (shahar) hokimi yordamchilari hamda yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Shuningdek, hurmatli prezidentimiz tomonidan ushbu yildan boshlab xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning jamiyatdagi mavqeini yanada mustahkamlash bo‘yicha mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilindi.
Islohotlar davomida, xotin-qizlar uchun ta’lim tizimida ham bir qator keng imkoniyatlar yaratilib, yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, ijtimoiy himoya sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish belgilab olindi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish maqsadida “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” “Ijtimoiy himoya yagona reestri” bilan integratsiya qilinadigan bo‘ldi.
Ushbu islohotlar zamirida hurmatli prezidentimiz mamlakatimiz hayotida muhim davr yangi taraqqiyot va milliy yuksalish davri boshlanayotganligini e’tirof etib, kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan “Inson qadri uchun 100 ta maqsad”ni belgilab berdi.
Aziz tumandoshlar!
Bugun, biz nishonlab turgan Navro‘z – chinakam xalq bayrami, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy va madaniy hayotimizning ajralmas qismidir. Ushbu bayram tumanimizda “Assalom, Navro‘z – yangilanish, mehr-oqibat va qadr-qimmat ayyomi!” degan bosh g‘oya asosida barcha mahallalarda, tashkilot va muassasalarda umumxalq sayillari shaklida, mamlakatimizda olib borilayotgan ulkan o‘zgarish va yangilanishlar jarayoniga uyg‘un va hamohang ravishda, ko‘tarinki ruhda keng nishonlanmoqda.
Mana shunday xursandchilik kunlarida, bahoriy kayfiyatda, yangilanish, yasharish va pok niyatlar bayramida sizlar bilan bir davrada ekanligimdan faxrlangan holda, ushbu yilimiz barchaga barakali kelishini tilab qolaman. Ilohim, barcha maqsadlarimiz, yaxshi niyat va ulkan rejalarimiz ro‘yobga chiqsin! Xonadonlarimizdan tinchlik-xotirjamlik, sog‘lik-omonlik, baxtu saodat hamda fayzu baraka arimasin!
Vatanimiz yanada obod, xalqimiz hayoti hamisha farovon bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Tuman hokimi M.Xamdamov
Assalomu alaykum hurmatli tumandoshlar!
Aziz onaxonlar, otaxonlar, opalar, singillar, kelajagimiz yoshlari!
Ushbu shukuhli kunlarda Vatanimiz mustaqilligining 33 yilligi “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” bosh g‘oyamiz asosida har bir hududda tadbirlar keng nishonlanmoqda.
Mustaqillik – yurtni , millatni birlashtiradigan yagona kuch, ko‘p millatli halqimizning irodasi, uning hurriyat haqidagi azaliy orzularidir.
O‘tgan qisqa davr mobaynida tumanimizda har bir islohotning bosh mezoni “inson qadri uchun” tamoyili asosida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Tumanimizda sanoat korxonalari, yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, yuzlab uy joylar, ijtimoiy infrastruktura ob’ektlari barpo etildi. O‘tgan bir yil mobaynida jonkuyar va mehnatsevar tumandoshlarimiz bilan ko‘plab yutuqlarga erishdik.
Xususan, Tumanimizning infrastrukturasini yaxshilash, aholiga obod va chiroyli turmush sharoiti yaratish, ularga tez va qulay xizmat ko‘rsatish maqsadida 2024 yil davomida ko‘plab yangi binolar, inshootlar qad rostladi.
Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish maqsadida ijtimoiy sohada ham bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, tumanimizning 3 ta mahalla hududida aholiga birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida Oilaviy poliklinika tibbiyot punktlari ochildi. Tibbiyot markazini jonlantirish bo‘limi kapital ta’mirlanib, jarrohlik, jonlantirish to‘g‘ruq bo‘limlari eng zamonaviy asbob-uskunalar va apparaturalar bilan ta’minlandi. Endilikda aholimiz ushbu tarmoqlardan foydalanish uchun olis hududlarga bormasligiga imkon yaratildi.
Qishloq xo‘jaligida hurmatli Prezidentimizning tegishli qarorlariga asosan “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”dagi va dehqonchilik qilish istagini bildirgan yoshlarimizning bandligini ta’minlash, ularning daromadini oshirish, kambag‘allik darajasini kamaytirish maqsadida jami 435 gektar yer maydonlari 1453 nafar fuqarolarga o‘lchab berildi.
Mehnatkash dehqonlarimizning sa’y-harakatlari ortidan G‘alla va kumush tola xirmoni 100% to‘liq bajarildi. Oldimizda turgan paxta yig‘im terimida ham bizga qo‘yilgan rejamizni ortig‘i bilan bajaramiz degan umiddaman.
Hurmatli do‘stlar!
Mamlakatimiz Taraqqiyot strategiyasining 5 ta ustuvor yo‘nalishida ta’lim sohasini sifat jihatdan rivojlantirish birinchi o‘rindagi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Xususan, so‘nggi o‘quv yilida bitiruvchilarimiz Oliy ta’limga kirish ko‘rsatgichi bo‘yicha viloyatda birinchi o‘rinni qo‘lga kiritishdi.
Ta’lim sohasida farzandlarimiz zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni puxta egallashlari uchun eng qulay sharoitlar yaratish izchil davom etmoqda.
Bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi xalqimizga erkinlik bergan istiqlol sharofatidir.
Albatta, istiqlolga, taraqqiyotga o‘z-o‘zidan erishilmagan. Ushbu muborak kunda xalqning erki, ozodligi, millatning farovonligi orzusida kurashgan ajdodlarimiz jasoratini yodga olmay iloji yo‘q. Tarixiy adolat, haqiqatning tiklanishi tufayli milliy istiqlolimiz yo‘lida jonini fido qilgan qatag‘on qurbonlari, taraqqiyparvar jadidlar nomlari tiklandi. Millat iftixori bo‘lgan bobokalonlarimizning Vatan tinchligi va ozodligi yo‘lidagi kurashi xalqimiz, ayniqsa, bugungi kun yoshlari uchun hamisha katta ibrat maktabi bo‘lib qoladi.
Qadrli tumandoshlar!
Barchangizni eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz – ozod va obod Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.
Vatanimiz osmoni hamisha musaffo, xalqimiz sog‘-omon bo‘lsin, yurtimizdan tinchlik-xotirjamlik, qut-baraka va farovonlik hech qachon arimasin!
E’tiboringiz uchun rahmat!