Xarid chekini talab qilib, fuqarolik burchingizni bajaring!

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bugun, ya’ni 10 iyun kuni tuman hokimligi katta majlislar zalida xarid cheki talab qilib olishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati to’g’risida kengaytirilgan yig’ilish bo’lib o’tdi.

Yig’ilishni tuman hokimining birinchi o’rinbosari Qudratov Sherzod Asatovich olib bordi.

Yig’ilish davomida xarid cheki talab qilib olishning davlatimiz kelajagi yo’lidagi ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati to’g’risida gapirib o’tdi.

Mamlakatimizda fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy faolligini va huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish borasida muhim islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ushbu islohotlar eng avvalo aholining turmush farovonligini yanada yaxshilashga xizmat qiladi.

Har bir fuqaro o’zining jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishi uchun, amalga oshirilayotgan islohotlarga befarq bo’lmasligi, ularning ahamiyatini tushunib yetgan bo’lishi lozim.

Islohotlarni amalga oshirishda davlat byudjeti mablag’larining o’rni beqiyos. Har bir fuqaro davlatimizning iqtisodiy tayanchi hisoblangan soliqlarning byudjetga to’liq tushishiga o’z hissasini qo’shishi kerak.

Siz ham vatanimizning iqtisodiy rivojlanishiga o’z hissangizni qo’shmoqchimisiz? Marhamat har bir amalga oshirgan xaridingiz uchun xarid chekini talab qilib olish orqali bu vazifani ma’lum ma’noda uddalagan bo’lasiz.

Har birimiz kundalik ehtiyojimiz uchun turli mahsulotlar xarid qilamiz, xizmat ko’rsatish shoxobchalaridan foydalanamiz. Lekin aksariyat iste’molchilar xarid uchun to’lovni amalga oshirgach, xarid cheki berilmayotganiga ko’pam e’tibor beraverishmaydi.

Хo’sh, xarid chekini olish shu qadar muhimmi?

Albatta. Bu yurtimiz va yurtdoshlarimiz farovonligini, ona diyorimiz ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishini ta’minlashda juda muhim ahamiyat kasb etadi. Savdo-sotiq munosabatlarida xarid cheklarini talab qilib olish, fuqarolik burchingizni bajarish bilan birga mablag’larni bankdan tashqari noqonuniy aylanishini oldini olgan bo’lasiz.

Kirim qilingan mablag’dan korxonaning tushumi sifatida davlat byudjetiga soliq to’lovlari undiriladi.

Bu esa ish haqqimiz, pensiya va nafaqalar, stipendiya va boshqa to’lovlarni o’z vaqtida amalga oshirilishi hamda aholi farovonligini yuksaltirishiga xizmat qiladi.

Shuning uchun ham xarid chekini talab qilib olish ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan juda katta ahamiyatga ega.

Lekin xarid chekini talab qilib olishning boshqa afzalliklari va qulayliklari ham borligini unutmang!

Avvalo, xaridingiz uchun olgan cheklaringiz sifatsiz mahsulotlarni qaytarishda asos bo’ladi.

Misol uchun, Siz savdo do’konidan televizor xarid qildingiz. Oradan ko’p o’tmay televizorning sifatsizligi aniqlandi. Ammo sotuvchi xaridorga to’lov xarid cheki bermaganligi uchun televizorni boshqasiga almashtirib olishda muammo yuzaga keladi.Ushbu holatda xarid cheki olishning naqadar muhim ekanligini tushungan bo’lasiz.

Bundan tashqari, xarid cheki faqat kafolat qog’ozi bo’libgina qolmay, uning yordamida savdo qoidalari buzilishining oldi olinadi, naqd pullarning vaqtida bankka kirim qilinishiga erishiladi.

Shunday ekan, savdo va xizmat ko’rsatish sub’ektlarida xaridingiz uchun sotuvchilardan xarid chekini berishni talab qiling!

Unutmang, xaridingiz yoki ko’rsatilgan xizmatlar uchun cheklarni talab qilish orqali farzandlarimizning umumta’lim maktablari va maktabgacha ta’lim muassasalarida bepul ta’lim olishlarini, turli oliy o’quv yurtlarida ta’lim olayotgan farzandlaringizning stipendiyalarini, ishchi-xizmatchilarning oylik maoshlarini, shuningdek, yaqinlaringizning ijtimoiy yordam pensiyalarini o’z vaqtida olishini ta’minlashga hissa qo’shgan bo’lasiz!

Хarid chekining xaridni amalga oshirish vaqtida berilmasligi “savdo qoidalarini buzilishi” deb baholanishi bir qator me’yoriy hujjatlarda belgilab qo’yilgan.

Хususan, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 11 noyabrdagi “Fiskal xotiraga ega bo’lgan nazorat-kassa mashinalarining qo’llanilishini yanada takomillashtirishga doir qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi 306-sonli qarorining 15-bandiga asosan Nazorat-kassa mashinasi yordamida aholi bilan hisob-kitob qiluvchi xo’jalik yurituvchi sub’ektlar xaridorga undan naqd pul qabul qilinganligini tasdiqlovchi chekni majburiy tartibda berishi kerak. Nazorat-chek lentasi mavjud bo’lmagan taqdirda nazorat-kassa mashinasini qo’llashga yo’l qo’yilmaydi.

Sotib olingan tovarlar (bajarilgan ishlar) va ko’rsatilgan xizmatlar uchun xaridorlarga beriladigan kassa cheklarida quyidagi ma’lumotlar bo’lishi kerak:

a) soliq to’lovchining — xo’jalik yurituvchi sub’ektning nomi va identifikatsiya raqami;

b) to’lov summasi;

v) tovarlar va xizmatlar nomi;

g) to’lov sanasi va vaqti;

d) nazorat-kassa mashinasining zavod raqami;

ye) chekning tartib raqami;

j) fiskal rejim belgisi.

Shu o’rinda, O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy Javobgarlik to’g’risidagi Kodeksning (keyingi o’rinlarda MJtK deb yuritiladi) 164-moddasi 1-qismida “Savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini buzish” qoidabuzarligi uchun fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

MJtKning 164-moddasi 2-qismida Savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini ancha miqdordagi qiymatda buzish - fuqarolarga eng kam ish haqining besh baravaridan o’n baravarigacha miqdorda, mansabdor shaxslarga esa yetti baravaridan o’n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

MJtKning 164-moddasi 3-qismida “Savdo yoki xizmat ko’rsatish qoidalarini ko’p miqdordagi qiymatda buzish” - fuqarolarga eng kam ish haqining o’n baravaridan ellik baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - qirq baravaridan sakson baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Shuningdek, Soliq kodeksining 119-moddasi 1-qismiga ko’ra, “Fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini va (yoki) to’lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo’yicha hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy bo’lgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko’rsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berish majburiy bo’lgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko’rsatganlik” uchun eng kam ish haqining o’ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar jarima qo’llanilganidan keyin bir yil ichida sodir etilganda - eng kam ish haqining yetmish besh baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo’ladi.

Hozirgi kunda, Davlat soliq xizmati organlari O’zbekiston Respublikasining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi to’g’risida”gi qonuni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 7 fevraldagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasini bevosita amalga oshiruvchi organ yoki muassasalarning mansabdor shaxslari tomonidan chiqariladigan rasmiy ogohlantirish shaklini hamda uni chiqarish tartibi to’g’risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 60-son qarori asosida soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etilishidan oldin ularni oldini olish maqsadida soliq to’lovchilar o’rtasida profilaktika ishlari keng ko’lamda amalga oshirilmoqda, jumladan ushbu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslar bilan alohida profilaktik suhbarlar hamda tushuntirish ishlari amalga oshirilmoqda, bu kabi ishlar o’z navbatida samarasini bermoqda.

Hurmatli fuqarolar!

Har birimiz kundalik turmush tarzi davomida amalga oshirgan har bir xaridimiz uchun savdo shaxobchlaridagi sotuvchilardan xarid chekini talab qilib olsak, o’z fuqarolik burchimizni bajarish bilan bir qatorda iqtisodiyotimizni yuksaltirishga o’z hissamizni qo’shgan bo’lamiz.

ESLAТMA: Hurmatli tadbirkor!

Unutmang har qanday xarid uchun to’langan naqd pullarga nazorat kassa mashinasidan xarid cheki bermaslik:

O’zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 119-moddasiga asosan, eng kam oylik ishhaqining 30 baravaridan 50 baravarigacha;

Ushbu holat bir yil ichida takroran sodir etilganda, eng kam oylik ish haqining 75 baravaridan 100 baravarigacha jarima solishga sabab bo’ladi.

Hurmatli xaridor! Unutmang, xaridingiz yoki ko’rsatilgan xizmatlar uchun cheklarni talab qilish orqali Siz davlat byudjeti daromadlarining ko’payishiga, viloyatda amalga oshirilayotgan ijtimoiy tadbirlarni qo’llab-quvvatlashga, hududlarni obodonlashtirish, farzandlaringizga ta’lim muassasalarida yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilashga, talabalar stipendiyasi, ishchi-xizmatchilar oylik maoshlari, shuningdek, yaqinlaringizning ijtimoiy nafaqa va pensiyalarini o’z vaqtida olishini ta’minlashga hissa qo’shgan bo’lasiz!

Hurmatli xaridorlar! Agar Sizga xarid cheki berilmasa quyidagi Samarqand viloyati hududiy “ISHONCH ТELEFON”iga murojaat etishingiz mumkin: (66)-234-06-16

Biz tadbirkorlik sub’ektlariga chora ko’rib, jarima qilishni emas ularning qonuniy faoliyat yuritishlarini ta’minlashni maqsad qilganmiz!

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM