Тo’y – urf-odatmi yoki o’zini ko’z-ko’z qilishmi?

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Dabdababozlik, shuhratparastlik, isrof... Тo’ylarimizdagi ortiqcha “odatlar” qayerdan olinyapti ekan? Shaharda ham, qishloqlarda ham shu ahvol. Go’yoki ayrim “to’ychi”lar uchun to’y emas, undagi shohona rasm-rusumlaru o’zini ko’z-ko’z etish muhimroqdek.

Bugungi kunda to’y-marosimlarimizning ma’naviy qiyofasi, afsuski, achinarli holda. Ayrim to’ylar “Boshqalarnikidan kam bo’lmasin!” shiori ostida o’tayotgani taassufli. Yuqorida ta’kidlaganimizdek, to’ylarda biz serchiqim “zamonaviy udumlar”ni emas, asl qadriyatlarimizni aks ettiruvchi udumlarni ko’rsak, ulardan ma’naviy ozuqa olsak, kattayu kichikka birdek foydali bo’lardi.

Yurtimizda azaldan to’ylar milliy qadriyatlarimizga mos, ortiqcha dabdababozliklarsiz o’tkazib kelingan. Lekin so’nggi yillardagi nikoh to’ylariga e’tibor qaratadigan bo’lsak, ortiqcha bezaklar yoki yangicha urflar o’ylab topilayotganining guvohi bo’lyapmiz. Bundan bir necha yillar ilgari kelin-kuyovlar zamonaviy rusumdagi mashinalarda aylanishgan bo’lsa, endilikda ayrim shahar va tumanlarda kelin-kuyovlar ot aravada sayrga chiqishni odat qilishgan. Qolgan mehmonlar esa ularning izlaridan mashinalarda borishadi.

Hududlarimizda oilalarga faqat ortiqcha chiqimlardan boshqa biror naf keltirmaydigan ayrim urf-odatlar mavjud. Ularni qisqartirish maqsadida mahalla oqsoqollari, imom-xatiblar va yoshlar ishtirokida turli uchrashuvlar o’tkazish orqali ta’sir doirani kengaytirish mumkin.

Тo’ylarni ixcham, ortiqcha dabdababozliksiz va isrofgarliksiz o’tkazishda, avvalo, xalqimizning milliy qadriyatlariga asoslangan to’y marosimlarini tashkil etish hamda jamoatchilikka namoyish etish ijobiy samara beradi, nazarimda. Buning uchun, avvalo, biz rahbarlar shaxsiy namuna bo’lishimiz va to’ylarimizni milliy qadriyatlarga mos ravishda ixcham hamda kamchiqim qilib o’tkazishimiz kerak. Zero hech bir dabdabali to’y hali maqtab gapirilmagan, aksincha uning kamchiliklari va isrofgarchiliklari doimiy tanqid ostida gapirilgan. Хalqning va Allohning nafratiga duchor bo’lishdan o’zi asrasin.

Jasur Boltayev,

Paxtachi tumani hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rinbosari

2015-2024 © Пахтачи туман ҳокимлиги. Сайт яратувчиси: SAKTRM