Konstitutsiya – faxrimiz, gʻururimiz

jpg jpeg gif png txt doc docx xls xlsx pdf ppt pptx pps ppsx odt ods odp mp3 mov mp4 m4a m4v mpeg avi ogg oga ogv weba webp webm

Bosh Qomusimiz — Konstitutsiyamizning biror-bir moddasi yoʻqki, inson huquqlari va manfaatlari bilan bogʻliq boʻlmasa. Hatto uning muqaddima qismidayoq «hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak masʼuliyatini anglagan holda” degan iboraning keltirilishi — Konstitutsiya, nafaqat bugungi kun nuqtayi nazaridan, balki, kelajak avlod, xususan, yoshlar oldidagi yuksak masʼuliyatni anglagan holda qabul qilinganligini bildiradi. “Inson va fuqarolarning asosiy huquqlari, erkinliklari va burchlari” deb nomlanuvchi 2- boʻlimda yoshlarning huquq va erkinliklari, burchlari hamda konstitutsion kafolatlari toʻgʻrisidagi qoidalar oʻzining yorqin ifodasini topgan. Umumiy qoidaga koʻra, mamlakatimiz fuqarolari bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar. Ayniqsa, yoshlarga yaratilgan koʻplab imkoniyatlar qatori nafaqat yurtimizda, balki, chet mamlakatlarda ham oʻqish va ishlash imkoni berilgan. Masalan, Konstitutsiyaning 22-moddasiga koʻra, Oʻzbekiston fuqarolari respublikamiz hududida ham, uning tashqarisida ham huquqiy himoya qilinishi hamda ularga homiylik koʻrsatilishi toʻla kafolatlab qoʻyilgan. Bu norma Oʻzbekiston tashqarisida faoliyat olib borayotgan fuqarolarimiz uchun beqiyos gʻamxoʻrlik namunasidir. Ayni kezda Konstitutsiyaning 23-moddasida yurtimizda faoliyat olib borayotgan yoki taʼlim olayotgan chet ellik yoki fuqaroligi boʻlmagan fuqarolarning huquq va erkinliklari ham xalqaro huquq normalariga muvofiq taʼminlangan. Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — inson huquqi va manfaatlari ifodasi sifatida demokratik qadriyat, anʼana va ijtimoiy adolatni qaror topishida, fuqarolarning munosib hayot kechirishi hamda milliy totuvlikni taʼminlashda bosh omil. Unda mustahkamlab qoʻyilgan kafolatlarni va ifoda etilgan normalarni kundalik hayotimizda qaror toptirish, shubhasiz, keksayu yosh—har bir fuqarodan huquqiy faollikni talab qiladi. Zotan, huquqiy davlat qurishning muhim sharti—bu Asosiy Qonunimizning uchinchi bobida mustahkamlab qoʻyilgan tamoyil—Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlashdan iborat.

Har qanday davlat qonunchilik tizimida Asosiy Qonun—Konstitutsiya ustuvorligi yaqqol koʻzga tashlanib turadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 15-moddasida mazkur tamoyil: “Oʻzbekiston Respublikasida Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish koʻradilar”, — deb mustahkamlab qoʻyilgan. 16-moddasida esa “Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas»ligi qayd etiladi. Yaʼni birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari hamda qoidalariga zid kelishi mumkin emasligi qatʼiy mustahkamlangan.          

           Alohida urgʻu bilan taʼkidlash joiz, Konstitutsiyamizda eʼtirof etilgan inson, uning hayoti, erkinligi, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat ekani bugungi kunda jamiyatimiz har bir aʼzosining haq-huquqlari, qonuniy manfaatlari taʼminlanayotganida oʻz ifodasini topmoqda. Oʻtgan yillar davomida adliya, sud-huquq, prokuratura tizimida amalga oshirilgan keng qamrovli islohotlarni koʻz oldingizga keltirib koʻring: ularning hammasi zamirida inson huquqlarini himoyalashning samarali mexanizmi shakllandi. Shaxsan davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan tizimni yanada demokratlashtirishga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu tadbirlar aholining huquqiy ongi va madaniyati yuksalib borayotganligi bilan monandlashtirildi. Ayni shu jihatlar soʻnggi yillarda mamlakatimizda oʻtkazilayotgan sohaga oid qator xalqaro anjumanlarda nufuzli ekspertlar, xorijlik mutaxassislar tomonidan ham alohida eʼtirof etildi. Yana bir jihat: huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yoʻlidagi ezgu maqsadlarimizning roʻyobga chiqishida dasturilamal boʻlayotgan Konstitutsiyamizda boy milliy huquqiy merosimiz va ilgʻor xorijiy Konstitutsiyaviy tajriba hamda zamonaviy xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari, normalari toʻla aks etgan. Birgina misol, unda mahalla institutiga Konstitutsiyaviy maqom berilishining oʻziyoq milliy huquqiy merosimiz toʻla aks etganidan dalolat.

Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi—milliy istiqlol mafkurasi gʻoyalari singdirilgan milliy manfaatlarimiz, istiqlolimiz va buyuk kelajagimizning huquqiy kafolatidir.

 

J.Botirov

Jinoyat ishlari boʻyicha

Paxtachi tuman sudining raisi

2015-2024 © Paxtachi tuman hokimligi. Sayt yaratuvchisi: SAKTRM