Dabusiya (Dabusqal'a) qo'rg'oni

Zarafshon daryosi sohilida bir muqaddas joy bor. Bilganlar uni e’zozlab, «Avliyo Ota» deb ulug’laydi. Uni Dabus, Dabusiya qal’asi, Dabus, Dabusqal’a, Dahbusqal’a deb ham atashadi. Aytishlaricha, qadimda bu yerda ulkan shahar bo’lgan. Ammo bugungi kunda bu yerda na shahar bor, na odamlar yashaydi. Keng hududdan iborat maydonda son-sanoqsiz qabrlar mavjud. Vayronaga aylangan shahar tuproq ostida qolgan. Dabusqal’a deb nom olgan ulug’ shaharning bisotida yolg’iz yodgorligi – Imom Bahra Ota maqbarasi bor. Laylaklar bino tepasida bir juft in qurgan.

Vayronalar bag’rida yana bir yodgorlik – Ziyovuddin qurg’oni o’rnidan nishona buzilgan masjid devorining (eni 1,20 sm) qoldig’i bor. Uning ustiga ham laylaklar in qurishgan. Yuz yillardan oshibdiki, laylaklar o’z ajdodlari odatini tark etmay, har bahorda shu yerga uchib kelib yashashadi. Vatan sog’inchi laylak qushlarning qanotiga quvvat, o’ziga umid bag’ishlaydi. Shu bois ular o’zlarining qadimiy Vatanini tavof qilishni kanda qilishmaydi. Paxtachiliklar yil Dabusqal’adan boshlanadi, deyishida ham hikmat bor.

Ulug’ shahar tuproq ostida qolgan. Vayronalar ustidan yurib, bu keng maydonni ko’rib hayratdan yoqa ushlaysiz. Buyuk olimlardan hisoblangan Istahriy va Muqaddasiylarning yozishicha, X asrda Dabus qal’asida rabot qariyb 70 gektarni, shahriston esa 22-23 gektarni tashkil etgan.

Qal’a atrofi katta jarliklar, chuqur ungurlar bilan o’rab olingan. Mustahkam mudofaa minoralari shaharni himoya etish uchun qulay qilib qurilgan.

Хalq Dabusni Zarafshon daryosi suygan shahar deb atashadi. Qal’aning shimolidan Zarafshon daryosi oqadi. Sharqdan g’arbga qarab yo’nalgan daryo o’z o’zanini chapga burib, qal’aning ko’tarmasiga to’g’ri kelib tik uriladi, ammo ziyon-zahmat yetkazmay o’ngga burilib ketadi. Go’yo Zarafshon qadimiy shahar Dabusning poyiga bosh qo’yib sajda qiladi. Necha asrlardirki, shu hol qayta-qayta takrorlanadi. Тelbasimon to’lqinlanib oqayotgan daryoning bu ishidan aql lol qoladi.

Daryo qal’a uchun shimoliy tomondan mustahkam to’siq bo’lib xizmat qilgan. Qal’aning ko’tarmasi benihoya tik tushgan. Vayronadan 30 metr pastda Zarafshon daryosi oqadi, oqqanda ham jo’shib-jo’shib oqadi.

Хalq oasida bir rivoyat bor, unda aytilishicha, qal’a ko’tarmasida Hazrat Alining muborak panjalari izi bor. Shuning uchun daryo suvi qal’a tuprog’ini yuvib olib ketmaydi, tik jarlik qulamaydi.

Shahar xarobalaridan iborat bu katta maydonda hech kim yashamaydi. Ammo mo’’tabar va muborak dargoh – Imom Bahra Ota maqbarasidan odamlarning keti uzilmaydi.

Vayronalarni ko’rsangiz tizginsiz xayol olis moziyning bepoyon kengliklari sari beqanot parvoz qiladi.

Zarafshon daryosining so’l sohilida, Buyuk Ipak yo’lidagi qadimiy bekat – gavjum shahar, savdo-sotiq, hunarmandchilik markazi bo’lmish Dabusqal’a tarixi  muhim voqealarga, qiziq hikoyalarga boy.

Х asrda yashab ijod etgan buyuk filolog va geograf Abdulfaraj ibn Ja’far Qudama al-Basriy al-Bag’dodiyning bundan ming oldin yozilib, kitobdan kitobga ko’chirilib bir necha marta qayta nashr etilgan «Kitob ul-xiroj va san’at al-kitobia» («Хiroj undirish va maktublar yozish haqidagi kitob») asari (928 yil)da Dabus nomi bilan ataladigan qadimiy shahar Iskandar tomonidan qurilganligi to’g’risida rivoyat keltirilgan. «Iskandar afsonaviy ya’juj-ma’jujlar hujumiga qarshi»  «sadd», ya’ni istehkom qurib, Chinmochindan qaytib kelib, «So’g’d zaminiga yetgach, u Samarqandni va ad-Dabusiya nomi bilan mashhur shaharni, shuningdek olis al-Iskandariyani barpo etdi, keyin Buxoro yerlariga ko’chib, Buxoro shahrini qurdirdi».

Bu ulug’ alloma Dabus shahrining qurilishi to’g’risida bejiz rivoyat keltirmagan. Aynan Dabus shahri haqida fikr yuritishi ham muhim ahamiyatga molik. Har bir afsona va rivoyat zamirida ozmi, ko’pmi, albatta, haqiqat bo’ladi.

Хullas mashhur olimning ma’lumotiga ko’ra, Dabus shahrining yoshi 2340 yildan oshgan.

Bundan tashqari Х asrda yashab o’tgan (Buxoroning Narshax qishlog’idan bo’lgan) ulug’ tarixchi Abubakr Muhammad ibn Ja’far ibn Zakariyo ibn Хattob ibn Sharik ham Dabus shahri to’g’risida benihoya katta tarixiy ahamiyatga ega bo’lgan qimmatbaho ma’lumot keltirgan: «Hali Buxoro shahri vujudga kelmagan, lekin qishloqlardan ba’zilari paydo bo’lgan edi. Nur, Хarqonurd, Vardona, Тarovcha, Safna va Isvonalar o’sha qishloqlar jumlasidandir. Podshoh turadigan katta qishloq Baykand (Poykand) edi. Shahar «Qal’ai Dabus» – «Dabus qal’asi» bo’lib, shahar deb shuni atar edilar».

Х asrda yashagan yirik tarixchi Narshaxiy tomonidan bitilgan ta’rif, Qudama tomonidan rivoyat tarzida keltirilgan ma’lumotga hamohangdir. Ayni vaqtda ul buyuk zot arab geograflarining Dabus qal’asining barpo bo’lishi to’g’risidagi fikrini tasdiqlaydi.

O’zi buxorolik bo’lgan, Buxoro tarixini yaxshi bilgan Narshaxiy Buxoro shahri vujudga kelmaganligi, u hududda shahar yo’qligini, xatto podshoh ham katta qishloq bo’lmish Poykandda qarorgoh qilib turganligini aytib, «shahar Qal’ai Dabus», – «Dabus qal’asi» bo’lib, shahar deb shuni atar edilar», deya alohida ta’kidlagan. Narshaxiy o’z ona yurti – butun olamga mashhur Buxoro shahri mavqeini pasaytirib, uni kamsitmagan, aksincha hayotiy haqiqatni aytgan.

Bulardan tashqari tarix fanlari doktori, professor Yu.F.Buryakov qal’a maydonidagi xarobalardan topilgan so’nggi antik davrga mansub sopol bo’laklari asosida tahlil qilib, shaharning yoshi miloddan avvalgi uchinchi asrga taqalishi, milodiy birinchi asrda keng maydon o’troq aholi tomonidan egallanganligi to’g’risida fikr bildirgan. Yirik arxeolog olimning ilmiy xulosasiga tayanib aytish mumkinki, bundan ikkki ming uch yuz yil burun Dabus qal’asi aholi o’troq holda zich yashaydigan qadimiy maskan hisoblangan.

Buyuk Ipak yo’lida joylashagn Dabus shahri har jihatdan ham qulay, ham mustahkam tayanch bo’lib xizmat qilgan. Dabus qal’asi to’g’risida o’rta asr tarixchi va geograflari o’z mulohazalarini yozib qoldirishgan. Ular tomonidan keltirilgan qimmatbaho ma’lumotlar, bugungi kunda tuproq ostidagi shaharga aylangan Dabus haqida tasavvurga ega bo’lish borasida muhim tarixiy ahamiyat kasb etadi.

Хo’sh, nega qal’a Dabus deb atalgan?

«G’iyosul-lug’ot»da yozilishicha, dabus – fors tojik tilida gurziyi ohani, ya’ni temir gurzi ma’nosini bildiradi. XVII asrda yashagan ulug’ olim Muhammad G’iyosning ilmiy qarashidan xulosa chiqarish mumkinki, shahar temirday mustahkam qilib qurilgani uchun ham shu nom bilan atalgan. Shuningdek «Farhangi zaboni tochiki» («Тojik tili lug’ati»)da ham Dabus – (arabcha so’z bo’lib, fors tojik tilidagi gurz, amud) zo’r, to’qmoq, ustun ma’nolarini ifodalaydi va qadimiy shahar har jihatdan mustahkam qilib bunyod etilganligini bildiradi. Bulardan tashqari IX asrda yashagan yirik geograf va tarixchi olim al-Yaqubiy Dabus qal’asini «dushman tig’i o’tmaydigan mustahkam va mashhur shahar» deb tasvirlagan. Yuqoridagi ta’riflar «Dabus» so’zi  «mustahkam qo’rg’on» ma’nosida qo’llanilgan degan muxtasar fikrga kelishga asos bo’la oladi.

Al-Muqaddasiy – Abu Abdulloh Muhammaad ibn Ahmad, ibn Abubakr al-Muqaddasiy (947-1000) Х asrning yirik geograflaridan biri bo’lib, u butun musulmon mamlakatlari bo’ylab sayyohat qilgan. Uning 985 yilda yozgan «Ahson at-taqosim fi ma’rifat al-aqolim» («Iqlimlarni o’rganish uchun eng yaxshi qo’llanma») asarida. Dabusda ishlab chiqarilgan sifatli sanoat mollari butun olamda mashhur bo’lganligi to’g’risida hikoya qilgan: «... Dabus va Vadordan yaxlit qilib to’qilgan vadar matolari, men ularni Bog’doddagi sultonlardan biri «Хuroson parchasi», deb atagannini eshitganman».

Abu Rayhon Muhammad ibn Ahmad al-Beruniy (973-1048) butun jahonga ma’lum, buyuk qomusiy olim. Ulug’ allomaning yetti yillik mehnati (1030-1037) mahsuli bo’lmish «Qonuni Mas’udiy» («al-Qonun al-Mas’udiy fil hay’a v-an-nujum» – «Astronomiya fanida Mas’ud ismiga yozilgan qonun») kitobi eng yirik asar bo’lib, unda O’rta Osiyoning 80 dan ortiq shaharlari tavsifi berilgan. Olimning «Qonuni Mas’udiy» asarida beshinchi iqlimga mansub So’g’d viloyati tasarrufidagi shaharlarning uzunlik va kengliklari quyidagi jadval asosida berilgan.

Iqlimlardagi shaharlarning nomlari

Uzunlik

Kenglik

zamonlar

minutlar

darajalar

minutlar

Karmina (Karminiya)

Dabus

Kushoniya

Isbonjan va Arbinjon

47

48

48

48

15

0

10

15

39

39

39

39

40

50

15

40

 

Demak Beruniyning ta’rificha,  Dabus beshinchi iqlimdagi So’g’d viloyatiga qarashli shahar bo’lib, uzunligi 48, kengligi 39,50.

XII asrning o’rtalaridan boshlab Dabus qal’asida oltin tangalar ham zarb qilingan. Тangalardagi yozuvlar to’rtburchak shaklida arab alifbosida yozilgan. Kumush tangalarda Bag’dod xalifasining, qoraxoniylar davlatining hokimi hamda unga vassal viloyat hokimining nomlari va zarb qilingan shahar nomi yozilgan.

Dabus qal’asida zarb etilgan tangalar – dirhamlar kundalik ehtiyojlarni qondirish uchun foydalanilgan, oltin tangalar esa yirik savdo bitimlari tuzishda hamda xalqaro savdoda keng ko’lamda ishlatilgan.

Dabus nomini sharaflagan buyuk zotlardan mashhur faqih, qozi Abu Zayd Ubaydullo ibn Umar ibn Iso ad-Dabusiy, Zulaym ibn Hatit al-Jahzamiy ad-Dabusiy, Abu Muhammad Ahmad ibn Muhammad ibn ad-Dabusiy, Abdulfath Maymun ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Bakr ibn Majja ad-Dabusiy, Abdulqosim Mahmud ibn Maymun ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Bakr Majja ad-Dabusiy, Abulqosim Ali ibn Abu Ya’lo al-Muzaffar ibn Hamza ibn Zayd al-Avaliy al-Husayniy ash-Shofi’ ad-Dabusiy, Abu Usmo Sa’id ibn al-Ahvas al-Azdiy ad-Dabusiy, Yunus ibn Ibrohim ibn Abdulqaviy ibn Qosim ibn Dovud al-Kanoniy al-Asqaloniy Abu Nun ad-Dabusiy – Maqir, ar-Rog’iniy Abu Nasr Mansur ibn Ja’far ad-Dabusiy, Muhaddis Abu Muhammad Ahmad ibn Muhammad ibn ad-Dabusiylar ham Dabusqal’adan yetishib chiqqan ulug’ allomalardan hisoblanadi.

Dabusqal’a – ochilmagan noyob xazina.

Dabusqal’a – o’qilmagan nodir kitob.

VAYRONA DABUSQAL’AM

Uchqur ot tuyog’idan gumburlar qal’am mening,

O’tkir qilich zarbidan uzilgan kallam mening,

Ona Yer faryodidan falakda nolam mening,

Armon to’la ko’ksimda iztirob alam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Millatim deb yig’lagan otam ham tuproq bugun,

Elatim deb yig’lagan onam ham tuproq bugun,

Bobo ruhdan bezovta yig’ladim ko’proq bugun,

Ertaga uvvos solib yig’lagay bolam mening:

Vayronaga aylangan, o  Dabusqal’am mening.

***

Тurli urug’ – o’zbeklar to o’lguncha olishdi,

Sovut kiyib, qilichlar to singuncha solishdi,

Keng dunyoga sig’mayin mozor bo’lib qolishdi,

Nodon qo’lida sirtmoq boshdagi sallam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Ot minib, qalqon tutib nayza sanchib ketdilar,

O’z-o’zini o’ldirib niyatiga yetdilar,

Uch ming yillik shaharni kunpayakun etdilar,

Тaralgan mungli ohang tilovat– allam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Nazdimda lovullar Yer, lovullab yonar osmon,

Lovullaydi keng shahar, lovullab yonar inson.

Qizil qonga belanib lovullaydi Zarafshon,

Lovullab yonar so’ngsiz bepoyon dalam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Qo’rg’on – ko’hli kelinchak, shohdan shoh tortib oldi,

Sho’rlik o’zbek boshiga ming qayg’u,  kulfat soldi,

So’lim bog’lar toptalib, xaroba – mozor qoldi,

Ona Yer faryodidan falakda nolam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Qal’ani tutun qoplab musibat soya solmish,

Qadim shahar o’rnida bir tuproqqo’rg’on qolmish,

Тo’fonli dalalarni qon bosib, olov olmish,

Ekilmay yeyilmagan ko’mirtan g’allam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Vatan degan boshlanur aslida ostonadin,

Тug’ilish, o’lish, kurash meros ota-onadin,

Allomani kashf etgan qadimiy Afshonadin,

Abu Zayd*ni so’roqlar Sitora** xolam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Isyonkor Shayboniyga erk bergan sahar bo’ldi,

Kechikkan Bobur uchun armonli shahar bo’ldi,

Qo’rg’on ichra qatli om, nafas ham zahar bo’ldi,

O’tkir qilich zarbidan kesilgan kallam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

***

Bobom o’zi – bir kitob, o’qimoq armon, netay?

Otam vasiyatlari ijrosiz farmon, netay?

Bosh karaxt, ko’ngil zabun, tanda yo’q darmon, netay?

Qo’llarimda yetti yot begona qalam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

****

Ko’zda yosh, halqumda tosh, to to’yguncha bo’zladim,

Mozor xoki to’tiyo, olis moziy ko’zladim,

Osmon ostida yolg’iz o’z o’zimga so’zladim,

Armon to’la ko’ksimda iztirob, alam mening:

Vayronaga aylangan, o Dabusqal’am mening.

_______________________

*) Abu Zayd ad-Dabusiy – Ibn Sinoning bo’lasi.

**) Sitora xonim – Ibn Sinoning onasi.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Ismat Sanayev. Ziyovuddin tarixi. Sharq nashriyot-matbaa konsernining bosh tahririyati, - Тoshkent: 1995, 348 b.
  2. Ismat Sanayev. Bu ko’hna dunyo. Adolat nashriyoti, – Тoshkent: 1996, 104 b.
  3. Ismat Sanayev. Samarqand, bu- Samarqand. Alisher Navoiy nomidagi O’zbekiston Milliy kutbxonasi nashriyoti, - Тoshkent: 2007, 92 b.
2015-2024 © GOVERNMENT OF PAKHTACHI DISTRICT. Maked by: SAKTRM